Линклар

AQSh mudofaa vaziri Ashton Karterning aytishicha, AQSh Turkiya bilan Suriyaning Raqqa shahrini “Islomiy davlat” ekstremistik guruhidan ozod etishdagi roli bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

2 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Karter “Turkiya bilan Raqqani ozod etishdagi roli haqida muzokarani davom ettiramiz. Ammo hozircha amaliyotni reja bo‘yicha davom ettiryapmiz”, dedi.

“Biz yaqin kelajakda u yerga mazkur vazifani eplay oladigan va shaharni o‘rab olishga qodir kuchlarni yuborish niyatidamiz. ... Raqqani butunlay ozod etish hamda buni amalga oshirishda Turkiyaning rolini muhokama qilishda davom etamiz.”

Karter “Islomiy davlat” boshqaruvidagi Suriyadagi eng muhim shaharni o‘rab, ajratib qo‘yishda kurd jangchilari ham ishtirok etishini bildirdi.

Ammo AQSh rasmiylariga ko‘ra, milliy nizo kelib chiqishi oldini olish uchun shaharni bevosita zabt etishni arab kuchlari amalga oshiradi. Millatlar hamda sektalar o‘rtasida nizo chiqmasligi uchun Iroqning Mosul shahrini jangarilardan ozod etishda aynan ham shunday yo‘l tutilmoqda.

Kurdlarning janglardagi roli Turkiya bilan olib borilayotgan muzokaralarning muammoli jihatidir. AQSh kurd jangchilarini ekstremistlarga qarshi kurashda muhim hamkor deb biladi. Ammo Turkiya kurd jangchilari mamlakatda o‘ttiz yildan beri tinchimayotgan isyonchilarga aloqadirligi uchun ularni terrorchilar deb biladi.

AQSh ko‘magi bilan suriyalik kurdlar Suriya-Turkiya chegarasi yaqinidagi katta hududlarni egallab olgani Anqarani yanada xavotirga solib qo‘ygan.

Turkiya Raqqani ozod etish amaliyotida mahalliy kuchlargina ishtirok etishi kerakligini ta’kidlab keladi.

The Washington Post gezetasining xabar berishicha, AQSh rasmiylari Turkiyani amaliyotni koalitsiya davom etishiga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirgan.

XS
SM
MD
LG