Линклар

Samarqand shahar tibbiyot muassasalari xodimlari tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDep) ga majburan a’zo qilinmoqda. Ammo partiyaning Samarqand bo‘limi rahbariyati va Samarqand markaziy shifoxonasi bosh vrachi bu da’volarni rad etdi. O‘zLiDep 4 dekabrda bo‘lib o‘tajak saylovda prezidentlikka nomzod sifatida mamlakat prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevni ko‘rsatgan.

Ozodlikka shikoyat qilgan shahardagi tibbiyot muassasalarining bir-biridan mustaqil bir necha xodimi iddaosiga ko‘ra, oktabr oyi o‘rtalaridan boshlangan a’zolikka kiritish tadbiriga Samarqand shahar Tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi boshlig‘ining shaxsan o‘zi rahbarlik qilmoqda.

Ularga ko‘ra, partiyaga a’zo bo‘lib kirganlardan maoshlarining 1 foizi O‘zLiDepning Samarqand viloyati Kengashi hisob raqamiga o‘tkazilayotir.

Partiyaga ariza nusxasi

Partiyaga ariza nusxasi

Ismi oshkor etilishini istamagan shifokorlardan birining aytishicha, O‘zLiDepga a’zo bo‘lishni istamaganlar "qora ro‘yxatga tushishi aniq".

​"Ariza yozdirib olish 2 hafta oldin boshlangan edi. Rozi bo‘lmaganlarga rasmiy chora yo‘q, lekin qora ro‘yxatga tushishi aniq," dedi shifokor.

Ammo u "qora ro‘yxat" deganda nimani nazarda tutganiga izoh bermadi.

O‘z iddaosiga isbot sifatida shifokor Ozodlikka Samarqand shahrida mavjud 21 ta tibbiyot muassasasiga tarqatilgan O‘zLiDepga a’zolik va partiyaga to‘lov arizalari nusxalarini yubordi.

Ikki tibbiyot xodimi - shahardagi boshqa bir shifoxona vrachi va hamshirasi Ozodlikka Samarqandda O‘zLiDepga a’zo qilib kiritish tadbiri olib borilayotganini tasdiqladi.

O‘zLiDep Samarqand viloyati Kengashining tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Jahongir Xo‘jamqulov Ozodlik bilan telefon suhbatida Samarqand viloyatida partiya saflari "kun sayin ortib borayapti" dedi.

O‘zLiDep rasmiy veb sahifasida berilgan raqamlarga ko‘ra, bugungi kunda "o‘z safida qariyb 30 ming nafarga yaqin a’zolarni birlashtirgan Samarqand viloyat partiya tashkiloti tarkibida 1076 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti mavjud".

Shifokorlarga tarqatilayotgan ariza nusxasi

Shifokorlarga tarqatilayotgan ariza nusxasi

Biroq, Jahongir Xo‘jamqulov shifokorlar iddaolarini "bo‘hton" deya rad etdi:

-Turli xil bo‘hton bular hammasi, - dedi Jahongir Xo‘jamqulov va Ozodlik bergan navbatdagi savolga javob bermay go‘shakni qo‘ydi.

Samarqand markaziy shifoxonasining boshlig‘i Olmos Elboboev ham tibbiyot xodimlarini majburan O‘zLiDep a’zoligiga qabul qilish kampaniyasi olib borilmayotganini aytdi:

- Yo‘q, bu noto‘g‘ri narsa. Men o‘zim partiyaga a’zo emasman. Hech qachon partiyaga birontani "partiyaga o‘tasan yo bir foiz berasan," degan narsalarga anovi qilmayman, - dedi Olmos Elboboev.

Bosh vrach O‘zLiDepga tashviq qilish uning xizmat vakolatlari doirasiga kirmasligini ilova qildi.

O‘zLiDep 19 oktabrda O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevni 4 dekabrda o‘tkaziladigan prezident saylovida prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan edi.

O‘zbekiston prezident sayloviga mamlakatda mavjud to‘rtta partiya to‘rt nomzodni ilgari surgan.

O‘zbekiston ichkarisida joriy hukumatga muxolifatda bo‘lgan birorta siyosiy harakat yoki partiya faoliyat yuritmaydi.

Mavjud partiyalarning barchasi hukumat siyosatini to‘la quvvatlashini ta’kidlab keladi.

XS
SM
MD
LG