Линклар

logo-print

Kuni-kecha troll.uz saytida nomi ochiqlanmagan dekanat nomidan yozilgan “bayonot” e’lon qilindi. “Yaxshi niyatda so‘rasangiz ham¸ yomon niyatda so‘rasangiz ham bizda talabalar haqida ma’lumot berilmaydi. Uzr!!! Dekanat” deb yozilgan bu e’lon ayrim nashrlar tomonidan jiddiy qabul qilinib¸ O‘zbekiston oliygohlari talaba-qizlarni sovchilardan himoyalashga o‘tdi¸ degan mazmunda talqin etildi. Ozodlikning bu jaraënga oid o‘tkazgan surishtiruvidan¸ troll.uz portalidagi bu e’lonning¸ hozircha bir orzu ekani aniqlandi.

O‘zbekcha hazil?

O‘zini o‘zbek yumorining milliy portali sifatida taqdim etuvchi troll.uz faoliyati maqsadiga izoh berarkan¸ o‘zbek “jamiyatidagi muammolarga echim topishda jamoatchilik diqqatini tortish uchun yumordan foydalanish”ini aytadi.

Troll.uz saytida chop etilgan bu e’lonning amalda bor-yo‘qligi aniq emas.

Troll.uz saytida chop etilgan bu e’lonning amalda bor-yo‘qligi aniq emas.

Istalgan foydalanuvchi muallif maqomiga o‘tishi mumkinligi aytiladigan bu portalda yaqinda e’lon qilingan talabalar haqida ma’lumot berilmasligiga oid dekanat nomidan yozilgan bayonotning qaysi oliygohning¸ qaysi dekanatida osilgani haqida biror ma’lumot yo‘q. Ozodlik hozircha O‘zbekiston oliygohlarining birortasida shu mazmundagi bayonot jamoatchilik uchun osib qo‘yilganini aniqlay olmadi.

Ayni paytda¸ Ozodlikning Toshkent va ayrim viloyatlardagi oliygohlar mutasaddilari bilan telefon orqali qilgan suhbatlaridan¸ bunday e’lonning troll.uz foydalanuvchilarining shunchaki orzusi ifodasi ekani anglashildi.

Ma’lumot olishning ozgina nozi bor...

Ozodlik muxbiri kelinlikka nomzod qiz haqida ma’lumot izlayotgan bo‘lajak qaynona sifatida poytaxt Toshkentdagi qator nufuzli universitetlar rektorati va dekanatlari bilan bog‘landi.

Qizlar ko‘p o‘qiydigan va sovchilar kunda-shunda sanaladigan oliygohlardan ikkitasi mas’ullari¸ avvaliga universitet va institut hududiga begonalarning kirishi taqiqlangani¸ xususan¸ bo‘lajak kuyov yoki kelinlarga oid shaxsiy ma’lumot izlab keluvchi sovchilarga eshiklar ëpiqligini bildirdi.

“Bizning universitetga ko‘chadan istalgan odam kirib kelavermaydi. Pastda xavfsizlik xizmati o‘tiradi¸ turniket bor. Kimga keldingiz¸ nimaga keldingiz deb surishtiriladi. Mabodo¸ qizingiz yoki o‘g‘lingiz o‘qisa va konkret masalada kelgan bo‘lsangiz kiritishadi. Lekin kirganingiz bilan dekanatdagilar mana sizga deb¸ kelin qilaman degan qizingizga oid ma’lumotni berib qo‘ymaydi. Bu narsa mumkinmas¸ ayniqsa¸ qizning xulq-atvoriga oid xarakteristikani sizga hech kim bermaydi”¸ dedi Toshkentdagi sovchilar nishoniga aylangan oliygohlardan birinchisi rasmiysi.

Toshkentdagi boshqa bir universitetga joriy hafta sovchilikka borgan ayollardan biri Ozodlik bilan suhbatda bu jarayonning ancha qiyin kechganini hikoya qiladi:

- Pastda qorovul to‘xtatdi. Jiyanim o‘qiydi¸ shuni darsga kelib-ketmayotganini bilish uchun dekanatga keluvdim dedi¸ keyin kirg‘izdi. Dekanatdan shu qizni izlab keluvdim¸ deb so‘rasam¸ Talabalar bilan ishlash bo‘limiga yuborishdi. Bu yerdagilar¸ men so‘ragan qiz haqida hech narsa aytmaymiz¸ deb turib olishdi jiyanim¸ desam ham. Keyin koridorda ayrim ayol o‘qituvchilardan so‘radim. Ular yordamida dekanatdagilardan yaxshilab iltimos qilgandim¸ qizning qaysi gruppada o‘qishini aytishdi va chaqirtirishdi. Qiz hech gapdan xabari yo‘q¸ dekanatga keldi va undan darsga oid nimalarnidir so‘ragan bo‘lishdi. Jiyanim bilan kuzatib turdik. Unga qiz yoqmadi¸ shu bilan¸ dekanatdigalarga rahmat aytib¸ chiqib ketdik¸ deydi Toshkent universitetlaridan biriga talaba qizni ko‘rish va surishtirish uchun sovchilikka borgan aël.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ oliygohlarda ishlovchi tanish bo‘lsa¸ ëki kerakli odamdan risoladagiday so‘ralsa (bir korobka shokolad bilan¸ masalan)¸ kelinlikka nomzodning tarjimai holi¸ oilasiga oid ma’lumot¸ qolaversa¸ o‘qishdagi yurish-turishiga oid batafsil ma’lumot olish mumkin.

“Ezgulik uchun yordam berishga tayërmiz!”

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi mamlakat miqyosidagi yagona sanalgan boshqa ikki oliygoh rektorat va dekanatlari mas’ullari¸ kelinlikka mo‘ljallanayotgan talaba-qiz haqida ma’lumot olish borasida hech qanday muammo yo‘qligini aytishdi:

- Qizning kimligi¸ qaysi yo‘nalishda o‘qishini aniq bilsangiz¸ dekanatdagilarga uchrang¸ albatta¸ sizga yordam berishadi¸ dedi bajonudil dekanatlar raqamini taqdim etgan oliygohlardan yana biri rektorati xodimasi.

Raqami berilgan fakultet dekanatiga telefon qilinganida¸ go‘shakni dekanning o‘zi ko‘tardi.

Muddaoni eshitgach¸ dekan bunday yaxshi niyatdagilar uchun o‘z eshigi ochiqligini ta’kidladi:

- Man shu fakultetning rahbariman¸ dekanman. Agar taqdir-nasib¸ qo‘shilgan bo‘lsa¸ yaxshi. Qo‘shilmagan bo‘lsa¸ biz o‘rtakashga o‘xshab qolamiz. Shuning uchun avval o‘zlaringiz ko‘rib¸ bilib¸ surishtirib bo‘lgandan keyin¸ qanaqa o‘qiydi¸tarbiyasi qanaqa¸ uni surishtiraman desangiz¸ mayli¸ savob uchun sizga ma’lumotni opalarimiz yordam qilishi mumkin. Lekin qizni chaqirtirib¸ sizga ko‘rsatishga ma’naviy haqqimiz yo‘q. Siz surishtiraman¸ desangiz ertaga kelavering¸ bir gap bo‘lar. Maqsad ezgulik ekanku¸ yordam beramiz¸ dedi Toshkent oliygohlaridan biri dekani.

“Eng xaridorgir bo‘lajak kelinlarga oid ma’lumot ham – “bemalol”

Ozodlik toshkentlik qaynonalar orasida “xulqi-odobi risoladagiday” deb ko‘riladigan universitetlar ro‘yxatida eng balandda bo‘lgan uchinchi oliygoh bilan bog‘landi. “Kelinlikka nomzod qiz haqida ma’lumot so‘rasak¸ berasizlarmi?”¸ degan savolga bu oliygoh ma’muriyati vakili¸ ijobiy mazmunda javob qaytardi:

- Bu masalada dekanatlarga murojaat qilsangiz¸ yordam berishadi¸ degan bu suhbatdosh maslahati ortidan eng odobli qizlar o‘qiydi¸ deya dong taratgan fakultet dekanati telefonini ham taqdim etdi.

Dekanat rasmiysi¸ muddaoni eshitgach¸ bo‘lajak qaynonalarga bajonudil ërdam berishga shayligini ta’kidladi:

- Manimcha¸ bu narsaning imkoniyati bor. Faqat dekanning o‘zlari bilan gaplashilsa¸ yaxshi bo‘ladi. Odatda biz talabalarimiz haqida chetdagilarga ma’lumot bermaymiz. Lekin qizlarning xulqi-odobi¸ o‘qishi¸ yurish-turishini surishtirsangiz¸ bunaqa ma’lumotlarni beraveramiz. Siz bir keling¸ pastda turgan qorovulga dekanda ishim bor¸ deng¸ sovchilikka kelganingizni aytmang. Dekanning oldilariga kirib¸ muddaoingizni aytsangiz¸ o‘zlari yordam beradilar. Kerak bo‘lsa¸ qizning kuratori¸ o‘qituvchilarini ham chaqirtirib beradilar¸ dedi Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi uchinchi oliygoh dekanatlaridan biri mas’uli.

XS
SM
MD
LG