Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:30

Gulnora Karimovaning pullari yuzasidan AQSh-O‘zbekiston muzokaralari muddati uzaytirildi


TeliaSonera, Vimpelcom va MTS Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddao qilinadi.
TeliaSonera, Vimpelcom va MTS Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddao qilinadi.

AQSh sudi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga oid ko‘rilgan 850 million AQSh dollari miqdoridagi muzlatilgan mablag‘lar taqdirini sudsiz kelishib olishlari uchun amerikalik va o‘zbekistonlik advokatlarga berilgan muhlatni yana uch oyga uzaytirdi. Advokatlarga bundan oldin ham uch oylik muhlat berilgan va bu muhlat oktabr oyining oxirida yakunlangan edi.

Sudya Endryu Karter 2 noyabrda imzolagan ajrimga muvofiq Gulnora Karimovaga tegishli pullar taqdirini hal qilish masalasidagi muzokaralar muddati 2017 yilning yanvar oyi oxirigacha uzaytirildi.

AQSh sudining mazkur qarori O‘zbekiston bilan 6 oydan beri olib borilayotgan muzokaralar shu kungacha samara bermayotganini anglatadi.

Bu yerda gap korrupsion sxemalar orqali orttirilgani da’vo qilinayotgan Shveysariya banklaridagi 550 million AQSh dollari, AQSh, Irlandiya,Luksemburg, Belgiya banklarida hibs etilgan 300 million dollarlik mablag‘ haqida bormoqda.

AQSh Adliya departamenti joriy yil yanvarida Gulnora Karimovani pora olish orqali boyishda ayblab, unga tegishli 600 million dollardan ortiqroq mablag‘ni muzlatish haqida qaror chiqargan edi. Adliya departamenti hibs etilgan mablag‘larni o‘z tasarrufiga o‘tkazish uchun qonuniy chora ko‘rishni boshlagan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston hukumati muzlatilgan pullar jinoyatchilar tarafidan o‘marilgani va mamlakatga qaytarilishi lozimligi aytilgan maktub bilan AQShga murojaat qilgan.

Nyu York sudi shu yilning may oyida bu ish yuzasidan AQSh va O‘zbekiston rasmiylariga o‘zaro muzokara olib borish va bu borada bir yechimga kelishish uchun uch oylik muddat belgilagandi.

Bu muddat iyul oyida yakunlanganidan so‘ng, sud muzokaralar muddatini yana uch oyga uzaytirgan. Ikkinchi muddat oktabr oyi oxirida yakunlangandi.

Ozodlik radiosining Vashingtondagi sharhlovchisi Mayk Ekkelning bildirishicha, AQSh hukumati muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarishga moyil. Biroq Vashingtonni bu pullarni kim qabul qilib oladi, ularni o‘zlashtirish qanday bo‘ladi, bu pullarning qonuniy o‘zlashtirilishi ustidan kim va qanday nazorat olib boradi, qabilidagi savollar o‘ylantirmoqda.

Mayk Ekkelga ko‘ra, muzokaralarda o‘zbek tomoni bu pullar qonunan O‘zbekistonga tegishli ekanini va shuning uchun Toshkent hukumati bu pulni qanday xohlasa shunday sarflashga haqli ekanini aytmoqda.

AQSh Davlat departamenti Gulnora Karimovaning pullari yuzasidan muzokaralarni o‘tkazishni Adliya departamenti zimmasiga yuklagan. Adliya departamenti hozircha bu masalada izoh bermayapti.

Agar tomonlar muzokaralarda bir yechimga kela olmasalar, u holda AQSh sudi bu pullarni musodara qilish bo‘yicha jarayonnni qayta boshlashi mumkin.

AQSh sudida surishtirilayotgan ishlar uchta yirik telekom shirkati – TeliaSonera, Vimpelcom va MTS O‘zbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora bergani iddaolari bilan bog‘liq. AQShning Xorijdagi korruptsion harakatlarga doir qonun doirasidagi sud tergovida javobgarlar orasida Gulnora Karimova ham bor.

Ayni paytda Gulnora Karimovaning o‘zi qaerda ekani noma’lum bo‘lib qolmoqda. U otasi Islom Karimovni dafn etish marosimida ham ko‘rinish bermadi. Ayrim manbalar bundan ikki yil avval Gulnora Karimovaning korruptsiyaviy faoliyati xalqaro darajada oshkor etilishi ortidan uy qamog‘iga olinganini aytgan edilar.

XS
SM
MD
LG