Линклар

O‘zbekiston Bosh vaziri “davlat mulozimlariga fuqarolarni har kuni qabul qilish” majburiyati yuklangan qarorni imzoladi.27 oktabr kuni qabul qilingan 366-sonli qarorda aytilishicha¸ mulozimlar har kuni soat 8 dan 11 gacha vatandoshlarni qabul qilishga majbur.

Bu qaror qabul qilinganidan 6 kun o‘tib ham O‘zbekistonda Ozodlik bog‘langan bir nechta idora va hokimlik mulozimlarining shikoyatchilar uchun eshiklar berkligi ayon bo‘ldi.

Urganch tuman hokimligi eshigini qoqib sarson bo‘lgan 36 yashar muhandis yigitning Ozodlikka aytishicha¸ uy joyini kadastrdan o‘tkazish masalasida san-solarlikka mahkum qilingan:

- Hokimlik temir to‘siq bilan o‘rab olingan¸ ko‘chadagi militsiya sizni ichkariga qo‘ymaydi. Men chetda yashaydigan akamni uyini kadastrdan o‘tkazish uchun murojaat qildim. Qo‘limda akamni nomidan menga berilgan notarius ishonchnomasi va appostel bor. Shunga qaramasdan Urganch tuman hokimiyati bu masalaga e’tiborsiz qarayapti¸ deydi ismi sir saqlanishini so‘ragan suhbatdosh.

Vatandoshlarning ayni tarzda shikoyatlari e’tiborsiz qolgani borasida boshqa tumanlardagi aholi vakillari ham ta’kidlashyapti. Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida kirakashlik qiladigan va o‘zini Zulfiqor deya tanishtirgan yigit gaz idorasi bermagan gaziga pul olgani bo‘yicha viloyat hokimiga shikoyat qilmqochi bo‘lganida hokimiyatni o‘rab turgan panjaradan ichkariga o‘ta olmaganligini aytadi:

- Hokimiyatni o‘rab olgan temir panjara yoniga kelganimda budkada o‘tirgan milisa anavi yozuvchi keldi deb qabulxonaga telefon qilyapti. Keyin milisa menga qarab bugun qabul kuni emas keting bu yerdan dedi. Yana tursam¸ hozir naryad chaqiraman terrorchi deb qamashadi¸ bu kuningni ham ko‘ra olmaysan deb qo‘rqitti deydi suhbatdosh.

Ozodlikning Sirdaryo hokimligidagi manbasining aytishicha¸ vatandoshlarni qabul qilmaslik holatlariga shu kunlarda barham berilgan:

-Siz aytgan epizod kechagi kunniki. Odamlarni yozuvchi deb panjaradan kiritmaslik ham kechagi kun praktikasi. Hozir o‘zgardi. Hokim bovo har kuni odam qabul qiladi. Keyin biz shikoyatchiga tilxat yozdiramiz. Hokimiyat xodimlari dardimni eshitdi degan ma’nodagi tilxatlar nushasini telefonga olib Bosh vazirni idorasiga yuboryapmiz¸ deydi suhbatdosh.

Bu qo‘lyozma tilxatlar pirovardida fasebookdagi Bosh vazir virtaul qabulxonasiga oid sahifada nashr qilinmoqda.

Ozodlikning Andijon viloyat adliya boshqarmasidagi manbasiga ko‘ra¸ 27 oktabrda qabul qilingan qaror ijrosiga viloyatda jadal kirishish nazoratga olingan:

-Mana masalan Paxtaobod tumanida Andijon viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Adhamjon Karimov tumandagi tadbirkorlar dardini eshitdi. Ular yozgan ammo boshliqlarga yetib bormagan ariza va shikoyatlar qabul qilib ijro papkasiga kiritdi deydi manba.

Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi

Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasi

O‘zbekiston boshqaruv idoralarida ishlagan sobiq mulozimning aytishicha¸“davlat mulozimlariga fuqarolarni har kuni qabul qilish” majburiyati yuklangan qaror qabul qilinishidan oldin¸ “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “O‘zstandart” agentligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Toshkent shahar hokimligi hamda qator shahar va tumanlar hokimliklarda taftish o‘tkazilgan.

-Taftish paytida aholidan tushgan shikoyatlar tekshirilmagani¸ vatandoshlar shikoyat uchun qabul qilinmagani kabi san-solarliklarning haqiqiy ko‘lami fosh bo‘lgan. Ayniqsa pensiya jamg‘armasi vatandoshlarning shikoyatiga o‘ta befarq ekani o‘rtaga chiqqan. Bu real voqelikni ko‘rgan rahbariyat qaror qabul qilib mulozimlar shikoyatchilarni har kuni qabul qilishini ta’minlamoqchi deydi suhbatdosh.

27 oktabr kuni qabul qilingan 366-sonli qarorda “ayrim davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan fuqarolarning murojaatlarini hal etishda, sansalorlik, muddatidan o‘tkazib yuborish va qalbakilashtirish holatlari qayd etilayotgani ta’kidlangan”

Buning ortidan mahalliy matbuotda “shikoyatchilarga befarq” bo‘lgani uchun hayfsan e’lon qilingan rahbarlar nomlari keltirilgan.

Xususan, «Toshissiqlikquvvati» ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari Muxammedov egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilingan.

XS
SM
MD
LG