Линклар

logo-print

Kanadadan jurnalist, "Dunyo o‘zbeklari" veb sayti muharriri Ismat Xushevning Ozodlikka ma’lum qilishicha, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov payshanba kuni kechqurun behush holatda AQShning Xyuston shahridagi shifoxonaga yotqizilgan.

“Kecha 3 noyabr kuni kechqurun kutilmaganda hushidan ketib qolgan ulug‘ shoirni oila a’zolari “tez yordam” mashinasida o‘zi anchadan buyon davolanayotgan maxsus shifoxonaga olib borishgan. Hozir, Abdulla aka, sun’iy apparat yordamida nafas olayapti,” dedi Ismat Xushev Abdulla Oripov oilasi a’zolari bergan xabarga tayanib .

75 yoshli O‘zbekiston Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ikki oydan buyon Qo‘shma Shtatlarning Texas shtatida qizi Mavluda Oripovaning uyida mehmonda edi.

Ismat Xushev Qo‘shma Shtatlardagi O‘zbekiston elchixonasidan biron kishi hozirga qadar Abdulla Oripovdan xabar olmaganidan shikoyat qildi.

“O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi va konsulligi Abdulla akaning ahvoliga befarq qolayotgani kishiga alam qiladi,” dedi Ismat Xushev Ozodlik bilan suhbatda.

O‘tgan yil Ozodlik bilan suhbatda shoirning o‘zi shogirdlari va muxlislari tomonidan unutilganidan shikoyat qilgandi.

Abdulla Oripov Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida dehqon oilasida 1941 yili dunyoga keldi.

O‘rta Osiyo Davlat dorilfununi (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika bo‘limiga kirib, 1963-yilda tamomladi.

1963 yildan buyon turli nashriyotlarda muharrir, Yozuvchilar uyushmasida kotib, Butunittifoq Mualliflik huquqini himoya qilish idorasining O‘zbekistondagi rahbari vazifalarini bajardi.

Abdulla Oripovning talabalik yillarida yaratilgan she’rlari respublika vaqtli matbuotida chop etildi. 1965-yilda birinchi she’rlar to‘plami — «Mitti yulduz» kitobi chop etildi, shundan buyon shoirning «Ko‘zlarim yo‘lingda» (1967), «Onajon» (1969), «Ruhim» (1971), «O‘zbekiston», «Qasida» (1972), «Xotirot» (1974), «Yurtim shamoli» (1974), «Hayrat» (1979), «Hakim va ajal» (1980) «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983) she’riy to‘plamlari bosildi.

Abdulla Oripov Dantening «Ilohiy komediya» asarini o‘zbek tiliga o‘girdi, Nekrasov, Ukrainka, Shevchenko asarlarini ham ona tiliga tarjima qildi.

Ijodkorning she’riy majmualari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan va alohida kitob holida nashr etilgan.

XS
SM
MD
LG