Линклар

Qaynota kuyoviga to‘ydan oldin va’da qilgan mashinani olib bermagani uchun kuyov ajrashmoqchi bo‘ldi. Urganchlik ayol endigina dunyoga kelgan chaqalog‘ini kanalga cho‘ktirdi. Bojxona tekshiruvida o‘nlab fuqaroning uyali telefonidan behayo foto va videomateriallar topildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

H.Ketmonov: Kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan masala

O‘zbekiston prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod qilib ko‘rsatilgan Hotamjon Ketmonov har yili mamlakat kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan yarim millionga yaqin yigit-qizni ish bilan ta’minlash kechitirib bo‘lmaydigan masala ekanini ta’kidladi (“O‘zbekiston ovozi”, 3 noyabr). Saylovoldi kampaniyasi doirasida Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashgan H.Ketmonov kollej bitiruvchilariga imtiyozli kredit berish, ularni muayyan yig‘imlardan ozod qilish lozimligiga e’tibor qaratgan. Nomzodga ko‘ra, aholi turmush darajasini yaxshilash uchun mehnatga layoqatli kishilar munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishi lozim.

“Qishloq qurilish banki” boshqaruvchisi poraxo‘rlik uchun 11 yilga qamaldi

“Qishloq qurilish banki” Samarqand mintaqaviy filiali boshqaruvchisi G‘anisher Mamanov poraxo‘rlik va mablag‘larni talon-taroj etgani uchun 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 3 noyabr). Bank mansabdori “Kristal Samarqand” va “Kristal Jomboy stroy” firmalariga 250 million so‘m kredit ajratish uchun 4 ming dollar, “Farovon” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 100 million so‘m kredit ajratish uchun 2 million so‘m pora talab qilgan.

Tadbirkorlar tamagir bankirning talabini bajarishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, G‘.Mamanov kredit sifatida ajratilgan mablag‘ni talon-taroj qilgan, bankka garov sifatida qo‘yilgan mulkni noqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirishga uringan. Qayd etilishicha, tamagir bankirning barcha qilmishlari sudda isbotlangan.

Qaynota kuyoviga to‘ydan oldin va’da qilgan mashinani olib bermagani uchun kuyov ajrashmoqchi bo‘ldi

Respublika bo‘yicha eng ko‘p ajrashish Toshkentda (32 foiz) kuzatilmoqda (“Oila davrasida”, 3 noyabr). Masalan, joriy yilning 9 oyida shahar bo‘yicha 3442 ta ajrashish qayd etilgan. “Bugun bu boradagi loqaydlikka nuqta qo‘yishimiz va bir qator ishlarni qayta ko‘rib chiqishimiz zarur. Jumladan, oilani mustahkamlash va yoshlarni turmushga tayyorlash bo‘yicha qiladigan ishlarning ko‘pchiligi rasmiyatchilik uchungina bo‘lib qolyapti” deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova. Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jaevga ko‘ra esa, ko‘p hollarda yosh kelin-kuyovlar arzimas sabablar bilan ajrashib ketmoqda. “Yana bir arizada qaynota kuyoviga to‘ydan oldin va’da qilgan avtomashinani olib bermagani uchun kuyovto‘ra ajrashmoqchi ekanini bildirgan. Belida belbog‘i bor o‘zbek yigitining shu darajaga borishining o‘zi naqadar uyatli va sharmandali hol emasmi?” deydi Senat qo‘mita raisi Z.Nizomxo‘jaev.

Urganchlik ayol endigina dunyoga kelgan chaqalog‘ini kanalga cho‘ktirdi

Xorazm viloyatidagi “Davdon” kanalidan chaqaloq murdasi topildi. Surishtiruvlardan keyin bolani o‘z onasi o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi (“Darakchi”, 3 noyabr). Ismi oshkor etilmagan urganchlik ayol turmush o‘rtog‘idan ajrashgach, fohishalik yo‘liga kiradi va shu tariqa homilador bo‘lib qoladi. Yengiltak ayol birinchi farzandidan voz kechib, tug‘ruqxonaga tashlab ketadi. Axloqsizlikni davom ettirgan ayol ikkinchi bor homilador bo‘ladi. Joriy yilning aprel oyida u ovloqda – “Davdon” kanali bo‘yida chaqaloqni dunyoga keltiradi, so‘ngra sharmandalikdan qutulish uchun sanoqli daqiqa yashagan murg‘ak go‘dagini kanalga cho‘ktiradi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tumani sudi sudyasi Bahrom Hayitboevga ko‘ra, jigarbandini o‘ldirgan ayolga tegishli jazo tayinlangan.

Militsiyaga yolg‘on xabar bergan navoiylik ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Navoiy viloyati Karmana tumanida yashovchi D.Mohira ichki ishlar idorasiga yolg‘on xabar bergani uchun jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi (“Postda”, 29 oktabr). D.Mohira noma’lum shaxs uyiga ochiq qolgan deraza oynasi orqali kirib, yotoqxonasidan 4100 dollar o‘g‘irlab ketgani haqida xabar beradi. Surishtiruv chog‘i esa aslida pullar o‘g‘irlanmagani, balki ayol pulni o‘z maqsadi yo‘lida ishlatib yuborgani ma’lum bo‘ladi. Qilmishini oila a’zolaridan yashirmoqchi bo‘lgan D.Mohira IIBga yolg‘on xabar bergan.

Bojxona idorasi o‘nlab fuqaroning uyali telefonidan behayo foto va videomateriallar topdi

O‘zbekiston bojxonachilari joriy yilning 9 oyida 67,8 mingdan ortiq behayo mazmundagi materiallarning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘ydi (“Hurriyat”, 2 noyabr). Masalan, Sankt-Peterburgdan Samarqandda uchib kelgan fuqaroning qo‘l telefonidan 72 dona, Moskvadan Urganchga uchib kelgan fuqaroning qo‘l telefonidan 94 dona, Moskvadan Buxoroga uchib kelgan fuqaroning qo‘l telefonidan 173 dona behayo foto va video material topilgan. Qayd etilishicha, qonunbuzarlikda ayblangan shaxslarga nisbatan surishtiruvlar olib borilmoqda. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, pornografik, shuningdek, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi mahsulot olib kirish va tarqatish jarima bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG