Линклар

O‘zbekiston Xalq Harakati (O‘XH) o‘zining Favqulodda Qurultoyini noma’lum muddatga kechiktirganini e’lon qildi. O‘XH bunday qarorning olinishiga "Turkiyadagi, xususan Istanbul shahridagi siyosiy vaziyat va mamlakatdagi “Favqulodda Holat” rejimi uyg‘ulanayotgan katta shaharlar uchun chiqqan Qarornoma" sabab bo‘lganini aytdi.

Turkiya rasmiylari 4 oktabrda shu yil iyulida davlat to‘ntarishi urinishidan keyin kiritilgan favqulodda vaziyat muddatini yana uch oyga uzaytirishga qaror qilgandi.

Qarorga asosan, "O‘zbekiston Xalq Harakati majlisining ma’lum muddatga kechiktirilishi so‘raldi. Qurultoy hay’ati bu talabni tushunish bilan qarshiladi va majlisni boshqa bir kunga olishga qaror berdi," deya ma’lum qilinadi O‘XH saytida.

O‘XH boshlig‘i Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda "Turkiyadagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishiga qarab, Qurultoy kunini belgilaymiz. Turkiyada siyosiy vaziyatning yumshashini kutayapmiz," deb aytdi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan so‘ng O‘zbekiston hukumatiga muxolifatda bo‘lgan O‘XH Turkiyaning Istanbul shahrida favqulodda qurultoy o‘tkazishni rejalashtirgandi.

5 noyabr kuni Istanbulning Bag‘chelievlar mavzesidagi Najib Fozil Kisakurak Madaniyat Markaziga O‘zbekiston tashqarisida faoliyat yurituvchi o‘zbek muxolifat faollari, xalqaro kuzatuvchilar va jurnalistlar jam bo‘lgandi.

Harakatning O‘zbekistondagi faollari, O‘XH faollariga ko‘ra, “to‘siqlar sabab” Istanbuldagi qurultoyga kela olmagan.

Harakat Istanbuldagi yig‘ini arafasida O‘zbekistonda vaqtincha prezident vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev va u boshchiligidagi hukumatni siyosiy qarashlari va diniy e’tiqodi tufayli qamalgan mahkumlarni ozod etish, O‘zbekiston fuqarolariga Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan siyosiy va iqtisodiy erkinliklar, so‘z va ifoda erkinligini amalda berish va bu boradagi barcha to‘siqlarni olib tashlash, O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlarning kuzatuvi ostida adolatli va erkin saylovlarni o‘tkazishga chaqirdi.

O‘XHga ko‘ra, "Karimovning o‘limidan so‘ng zulmlar, inson huquqlarining buzilishi va huquqsizlik davom etmoqda. Yangi hukumat dastlabki ishini dindor qatlamga nisbatan bosimni va zulmni kuchaytirishdan boshladi. Yuziga qora niqob kiygan yuzlab maxsus xizmat xodimlari, musulmon oilalarning honadonlariga bostirib kirdi, ularning mol-mulklari talon taroj qilindi, bir qancha inson qo‘lga olinib tergov qilindi, qiynoqlar qo‘llanildi va hech qanday ayblov e’lon qilinmasdan qamoqqa tashlandi".

Shuningdek, harakat Shavkat Mirziyoev boshchiligidagi yangi hukumatni o‘z tashqi siyosatida Rossiya manfaatlari ta’siriga tushmaslik haqida ogohlantirdi: "O‘zbekiston Xalq Harakati yangi hukumatdan bu tashqi siyosatini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish va O‘zbekiston xalqi manfaatlariga moslashtirishini talab qiladi", - deyiladi harakatning qurultoy o‘tkazish arafsida chiqargan bayonotida.

O‘XH so‘nggi bor o‘z qurultoyini 2012 yilda Praga shahrida o‘tkazgan edi.

Ta’sis etilganiga besh yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar O‘XH faoliyati O‘zbekiston ichkarisida hamon sezilmayotganini aytishadi.

Harakat saflari tashqaridagi faollari hisobidan ham siyraklashgani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG