Линклар

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 6 noyabr kuni tarqatgan xabardan anglashilicha, O‘zbekiston davlat madhiyasining muallifi Abdulla Oripov O‘zbekistonda dafn etiladi. Abdulla Oripov 75 yoshida 5 noyabr kuni ertalab Qo‘shma Shtatlarning Xyuston shahridagi shifoxonada vafot etdi.

O‘zbekiston Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ikki oydan buyon Qo‘shma Shtatlarda qizi Mavluda Oripovaning uyida mehmonda edi.

Tashqi ishlar vazirligi AQShdagi O‘zbekiston elchixonasiga Abdulla Oripovni vataniga keltirishni tashkillashtirishda “barcha zarur choralarni” ko‘rishga ko‘rsatma bergan.

Toshkentda tayyorgarlik

“Marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelishga va o‘z vatanida dafn qilishga qaror qilgan Abdulla Oripovning oila a’olariga yordam berish uchun O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi Elchixonasiga konsullik va boshqa masalalarni zudlik bilan hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi,” deyiladi Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda.

Ayni paytda Toshkentdan jurnalist Abdurahmon Tashanovning xabar berishicha, O‘zbekistonda Abdulla Oripovni dafn etishga tayyorgarlik ishlari "qizg‘in" olib borilmoqda.

"Toshkent - Chirchiq yo‘lining Do‘rmon ijod uyi va Abdulla Oripov xonadoniga boruvchi qismida yo‘llar ta’mirlanib, devorlar oqlanmoqda. Yo‘l chetlari tozalanib, darvozalar bo‘yalyapti. Bu yerga ertalab O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchining Davlat maslahatchisi Davron Nazarmuxamedov, Davlat maslaxatchisi Xayriddin Sultonov, Toshkent viloyati xokimi Sodiqov, Qibray tumani hokimi Muhamedovlar kelishgan," dedi Abdurahmon Tashanov Ozodlik bilan suhbatda.

Abdurahmon Tashanov marhum shoir xonadoniga "hozirdanoq odamlar fotihaga kelishmoqda," deb aytdi.

Madhiya muallifi, xalq shoiri

Abdulla Oripov Qo‘shma Shtatlarda qizining uyida mehmonda edi

Abdulla Oripov Qo‘shma Shtatlarda qizining uyida mehmonda edi

O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov 1941 yil Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tavallud topdi.

1965 yildan vafot etguniga qadar Abdulla Oripovning o‘nlab she’riy kitoblari O‘zbekistonda nashr etildi.

Adabiy munaqqidlarning e’tirof etishicha, Abdulla Oripov zamonaviy o‘zbek she’riyatining eng mashhur namoyandasi hisoblanadi.

U Sovet davrida ham, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida hukumat va xalq tomonidan ardoqlandi.

Ammo Abdulla Oripov o‘tgan yil Ozodlik bilan suhbatda shogirdlari va muxlislari tomonidan unutilganidan shikoyat qilgandi.

Uning salomatligi so‘nggi yillarda yomonlashdi va oxirgi ikki yil asosan Qo‘shma Shtatlarda davolanayotgan edi.

Ozodlikning Toshkentdagi manbalariga ko‘ra, Abdulla Oripov Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG