Линклар

logo-print

AQSh prezidentligi uchun bu yilgi saylov juda bahsli va qizg‘in o‘tmoqda. Bu narsa Yuta shtatida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Aholisining 60 foizi mormonlardan iborat shtat shu paytgacha faqat respublikachilarga ovoz berib kelgan. Ammo bu safar ular an’anani buzmoqchi.

Mormonlar ko‘pchilik Yuta shtatida, odatda, doim respublikachilar g‘olib chiqqan.

Ammo bu yil boshqacha. Oxirzamon Iso Masih cherkovi izdoshlari respublikachilarning bu yilgi nomzodi Donald Tramp ularning qadriyatlariga mos emasligini ta’kidlamoqda.

"Sizlar uchun bu odam katta namuna, deb aytishga qiynalyapman. Chunki aslida bunday emas",- deydi fuqarolardan biri Deyv Torson.

"Hech qachon kimgadir aniq ovoz beraman, deb aytmaganman. O‘rganib keyin bir qarorga kelaman, derdim. Bu safar o‘rganganim sari hayratim oshmoqda", - deydi Deyvning rafiqasi.

"U hech qachon gapidan qaytmaydi", - deydi Deyv.

Torsonlar oilasi bu yil uchinchi partiya vakili Ivan Makmullinga ovoz bermoqda. U yutalik va mormon.

Boshqa ko‘plab mormon oilalari kabi, Torsonlar Trampning ozchilik diniy guruhlarga qarshi haqoratlarini qabul qila olmadi. Trampning jinsiy tajovuzkorligi haqida gaplar chiqishi bilan cherkovga qarashli axborot vositasi so‘nggi 80 yilda ilk bor respublikachi nomzodga qarshiligini rasman e’lon qildi.

"Biz shuni his qildikki, o‘z manfaati uchun boshqalarning xohishlarini qurbon qilish zolimlikning bir ko‘rinishidir. Ko‘rganlarimiz haqida oshkora gapirishni axloqiy burchimiz deb bildik", - deydi cherkov nashri muharriri Hol Boyd.

Lekin Trampning ashaddiy tarafdorlari Yutada ham bor.

"Shu gap-so‘zlarni deb Amerika uchun yaxshi bo‘lgan nomzodga ovoz bermaymanmi? Odamlarga nima bo‘lgan?", - deydi bir fuqaro.

"U biz mormonlar ishonadigan ko‘p narsalarni yoqlaydi. Aroq ichmaydi, nasha chekmaydi. Shu bois aqli raso. Odamlar buni hurmat qilishi kerak", - deydi yana bir Tramp tarafdori.

Respublikachi nomzod 1964 yildan beri Yutada yutqazmagan. Bu yil yutqazsa, tarixiy voqea bo‘ladi. Shu bois joriy saylov har doimgidan ham muhimroq.

Makmullinning prezidentlikni qo‘lga kiritish imkoniyati yo‘q. Agar u Yutada yutsa, bu Tramp uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladi. Ammo mormonlar uchun saylov natijasi emas, e’tiqodlari muhimroq.

( Bu material Amerika Ovozi radiosi saytidan olindi)

XS
SM
MD
LG