Линклар

Qashqadaryo Ichki ishlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i haydovchisi¸ 28 yashar Bahodir Hamroev pora evaziga militsiyaga ishga joylash bilan shug‘ullanib kelganlikda gumonlanib o‘tgan hafta hibsga olindi.

Hamroev ishlagan Qashqadaryo IIBdagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ firibgarlik va pora oldi-berdisida ayblangan militsiya xodimi MXX tarafidan hibsga olingan:

- O‘zi IIBda haydovchi bo‘lsa ham, hujjatini ko‘rsatib odamlarni militsiyaga ishga kiritaman deb vositachilik qilib kelgan. Shu yil Ichki ishlar boshqarmasiga yangi boshliq tayinlanganidan keyin bu odam ishdan bo‘shatildi. Yangi rahbar podpolkovnik Dilshod Tursunboev ichki tekshiruv o‘tkazib, bu odamni o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketkazdi. Lekin u ishdan ketganidan keyin ham 11 ta odamni ishga kiritaman, deb pora olgan. Pora berganlardan biri ishi bitavermaganidan keyin uning ustidan yozib beribdi. SNB qo‘liga kishan solib opketdi. Hozir viloyat IIBsi da Hamroev bilan birgalikda ishlagan guruh ustidan tekshiruv ketmoqda¸ deydi manba.

Bu haqdagi mahalliy matbuot habarida Hamroev aybsizlik prezumtsiyasiga qarshi tarzda qoralangan va uning bitta o‘zigagina e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston IIVligiga yaqin Ozodlik manbasi esa¸ qashqadaryolik IIB hodimining butun respublika bo‘ylab davom etaëtgan ichki ishlar tizimlarini tozalash reydlari davomida qo‘lga olingani va bu holatda uyushgan jinoyatchilik alomati borligini ta’kidladi:

- Militsiya rahbarlarining o‘z haydovchilarini pora olishda vositachi qilib qo‘ygani yagona holat emas. Yaqinda Andijon YPX boshlig‘i ham haydovchisi orqali pora olganlikda ayblanib qo‘lga olindi. O‘zi bu ishlarni Ichki Ishlar vazirligi ichki xavfsizlik tizimi hal qilishi kerak edi. Lekin ular bu ishlarni bekitish bilan band. Shuning uchun ham SNB reydlar o‘tkazmoqda¸ deydi manba.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Qashqadaryolik militsiya xodimi ustidan O‘zbekiston JPKning 168-moddasi “firibgarlik” va 212-modda "Pora olish-berishda vositachilik qilish" bo‘yicha jinoyat ishi ochilib¸ tergov qilinmoqda.

Ozodlik shu kunlarda MXX tergov izolyatorida qolayotgan Hamroevning yaqinlari bilan ham bog‘landi. Ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan Hamroev qarindoshlaridan biriga ko‘ra¸ mahbusni jinoyatga undagan IIB xodimlari barcha aybni Hamroev zimmasiga yuklab¸ o‘zlari qutulib qolish payiga tushgan:

" Hamroevni amnistiyaga tushirib qutqarib olamiz¸ barcha aybni o‘z zimmasiga olsin¸ deb bosim qilib yotishibdi IIBdagilar. Lekin Hamroev porani boshliqqa olib borib bergan¸ xolos¸ deydi manba.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ keyingi bir oy ichida o‘nga yaqin militsionerning poraxo‘rlikda ayblanib qo‘lga olinishi¸ Namangan va Andijon IIBlaridagi reydlar muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi bayonotlari bilan bog‘liq tadbirlardir.

Qaroqchi militsionerlar

O‘zbekistonda militsiya xodimlarining turli xil ayblovlar bilan hibsga olinishi tez-tez kuzatiladi.

Joriy yilning 11 oktabr kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov hibsga olinib, uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ozodlikning viloyat huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning Surxondaryo viloyatiga safari paytida qo‘lga olingan sobiq militsiya boshlig‘i mansabini suiste’mol qilganlik va moliyaviy jinoyatlarda ayblanmoqda.

Joriy yil sentabr oyida Namangan viloyati IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimi poraxo‘rlik hamda katta miqdordagi mablag‘ni talon-taroj etganlikda aybdor deb topilib¸ 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Shuninfdek¸ 16 sentabrda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i¸ uning haydovchisi bilan birga yana olti nafar militsiya xodimi pora olganlikda ayblanib, hibsga olindi.

2016 yilning iyun oyida Sirdaryoda balog‘at yoshiga yetmagan qizni zo‘rlagan militsiya xodimlari qamoqqa olinib, ular ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Mart oyida esa Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Ichki ishlar bo‘limining katta leytenanti mahalliy tadbirkorni otib o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi.

XS
SM
MD
LG