Линклар

8 noyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir milliondan oshiq musulmon saylovchisining ovoz berishi kutilmoqda. Saylov nafaqat prezidentlikka¸ balki Kongress¸ shtat, shahar, tuman boshqaruvi hamda qonunchilik organlari uchun ham o‘tadi. Shuningdek, saylovda qator mahalliy va federal masalalar ham ovozga qo‘yiladi.

Amerika musulmonlari kengashi saylovda faol qatnashishni targ‘ib qilib, ovoz berish huquqiga ega har bir fuqaroni masalalarni izchil o‘rganib, qaror qabul qilishga undab kelmoqda.

“Masjidlar, maktab va jamoat markazlarida tadbirlar o‘tkazib kelayapmiz. Misli ko‘rilmagan miqdorda ovoz beramiz degan umiddamiz",- deydi kengash faollaridan biri Osama Jamol.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi hisobicha, musulmonlarning 86 foizi ovoz berishga shay.

Oq uyga respublikachi nomzod Donald Tramp musulmonlardan shubhalanib, ularni keskin tekshirish kerak deb chiqqanidan beri jamoa ancha sergak tortgan.

Amerika musulmonlarining aksariyati qora tanlilar, janubiy osiyoliklar va arablardir. Ular bu zaminda uzoq tarixga ega va boshqa amerikaliklardan qolishmaydi, deydi jamiyatshunoslar.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashi rahbari Nihad Avad fikricha, Trampning gaplari saylovoldi vasvasasi va propaganda. Lekin ularga jiddiy qarash kerak, deydi faol.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 3,3 million musulmon bor va ulardan 1,5 millioni ovoz berish huquqiga ega.

2500 masjid, 500 maktab va jamoat markazlarida targ‘ibot ishlari olib borilgan.

Musulmonlar azaldan konservativ qatlam hisoblanadi va odatda respublikachilarga ovoz berib kelgan. Biroq hozirda ko‘pchilik demokratlar tomonda. Chunki ularga respublikachi nomzod Tramp ma’qul emas.

Musulmon davlatlaridagi urushlarda ham ko‘pchilik respublikachilarni ayblaydi. Oktyabr oyidagi so‘rovlarda musulmon amerikaliklarning 72 foizi Hillari Klinton, demokrat nomzodni quvvatlashini aytgan.

Kaliforniya, Nyu-York va Nyu-Jersi singari shtatlar asosan demokratlarniki va musulmonlar bu hududlarda katta sonlarni tashkil etadi.

Florida, Michigan, Ohayo, Pensilvaniya va Virjiniya singari biror partiyaga sodiq bo‘lmagan shtatlarda ham musulmonlar oz emas.

(Maqola Amerika ovozi rasmiy saytidan olindi.)

XS
SM
MD
LG