Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:42

Navoiyda diniy ekstremizmda gumon qilingan yolg‘iz onaning uyi ostun-ustun qilindi


Tintuv qilingan xonadon
Tintuv qilingan xonadon

Navoiy viloyati Karmana tumani ichki ishlar xodimlari "Tozalash" amaliyoti doirasida ko‘plab karmanaliklar qatori 6 noyabr kechga yaqin ayni tuman "Beshkent" mahallasida istiqomat qiluvchi yolg‘iz ona To‘xtagul Turdievaning xonadonida tintuv o‘tkazdi.

Tuman prokurori qarori asosida o‘tkazilgan tintuvga 36 yashar To‘xtagul Turdievaning "diniy ekstremistik mazmundagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangani" sabab bo‘lgan.

Ammo, To‘xtagul Turdievaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda mutlaqo dindor emasligini aytdi.

Turdieva tintuv chog‘ida militsiya xodimlari uni 13 yashar farzandi o‘ngida haqoratlab, o‘ziga nisbatan kuch ishlatganlarini iddao qildi.

Turdievaning aytishicha, militsiya xodimlari uni tuman ichki ishlar bo‘limida “qonunga xilof ravishda” bir soat davomida ushlab turganlar, planshetini musodara qilganlar.

Ozodlik To‘xtagul Turdieva ilgari surgan iddaolar yuzasidan tintuvda qatnashgan Karmana tuman ichki ishlar xodimlaridan izoh ololmadi.

"Devorga to‘nqaytirib qo‘yib, tekshiringlar"

To‘xtagul Turdieva tintuv paytida ayollar bo‘lmaganini aytadi
To‘xtagul Turdieva tintuv paytida ayollar bo‘lmaganini aytadi

To‘xtagul Turdievaning hikoya qilishicha, 6 noyabr kechga yaqin “avtomatlar taqib olgan” to‘rt nafar militsiya xodimi uning Karmana tumani Beshkent mahallasidagi uyiga bostirib kirib, qo‘liga tintuv qilish to‘g‘risidagi prokuror qarorini tutqazgan.

Turdieva iddaosiga ko‘ra, militsiya xodimlari tintuv chog‘ida unga “jinoyatchiga qilingan" muomalada bo‘lganlar.

- Xuddi jinoyatchiga qilgan muomalani qilayaptilar. O‘g‘lim 13 yoshda. Qo‘rqib qoldi. O‘g‘limgayam, mengayam do‘q urayaptilar. Telefonimni qo‘limdan tortib olmoqchi bo‘lib, kuch ishlatdilar menga. Keyin devorga to‘nqaytirib qo‘yib, tekshiringlar, deb uchastkovoy baqirib ketdi, - deydi Turdieva.

Shikoyatchi tintuvning ayol xodimlar ishirokisiz o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

- Hech qanaqa ayol yo‘q edi. Mening ichki kiyimlarimgacha turuvdi. Shunday hamma narsani erkaklar ko‘rdi. Men:“Sizning uyingizda ham ayol borku, ayolning ichki narsalarini ko‘rayapsizlar,” dedim. “O‘tingda kiyining, hozir biz bilan birga ketasiz,” dedilar, – deya hikoya qiladi Turdieva.

To‘xtagul Turdieva xonadoni Karmana tuman prokurori qarori asosida tintilgan
To‘xtagul Turdieva xonadoni Karmana tuman prokurori qarori asosida tintilgan

To‘xtagul Turdieva o‘z so‘zining isboti sifatida Ozodlikka elektron pochta orqali tintuv qilish to‘g‘risidagi Karmana tuman prokurori qarori va uyining tintuvdan keyingi holati tasvirlangan fotolarni yo‘lladi.

"Diniy ekstremistik mazmundagi jinoyatlar"

Karmana tuman prokurori qarorida “diniy ekstremistik mazmundagi jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangan” To‘xtagul Turdievaning uyida “zudlik bilan tintuv” o‘tkazish lozimligi ta’kidlangan.

O‘zining mutlaqo dunyoviy ayol ekanini ta’kidlagan Turdieva prokuratura gumonidan "taajjub"ga tushganini bildirdi.

Fotosuratlarda, shuningdek, uy jihozlari, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shaklarining butunlay ag‘dar-to‘ntar qilib tashlanganini ko‘rish mumkin.

To‘xtagul Turdieva diniy ekstremizmda gumonlanmoqda
To‘xtagul Turdieva diniy ekstremizmda gumonlanmoqda

Turdieva militsiya xodimlari protokol tuzib, uning planshetini olib qolganliklarini ma’lum qildi.

Suhbatdoshning aytishicha, tintuv o‘tkazgan militsiya xodimlari unga Ozodlik radiosida qilgan chiqishining noqonuniy bo‘lganini eslatganlar:

- Planshetini olayapti-da, "Ozodlik radiosiga chiqqan ekansiz - deyapti. - Kirish mumkin emas, nega o‘sha yerga kirdingiz". Men aytdim: "Men o‘zim borganman milliy xavfsizlikka. Men chiqdim Ozodlikka. Menga yordam ko‘rsatilmasa, yana chiqamanda, borganman, dedim. Chunki, menga hech kim yordam bermadi," dedim, - deydi To‘xtagul Turdieva.

2014 yil aprel oyida Karmana tumani gaz idorasi nazoratchisi bo‘lgan To‘xtagul Turdieva tumandagi sobiq militsiya xodimi uyidagi isitish qozoni gaz tizimiga noqonuniy ulanganini aniqlagani haqida Ozodlikka so‘zlab bergan va unga qarshi boshlangan bosimlardan shikoyat qilgandi.

Fuqaroviy haq-huquqlari buzilganini da’vo qilgan To‘xtagul Turdieva endilikda O‘zbekiston Bosh vaziri virtual qabulxonasiga shikoyat qilish niyatida ekanini bildirdi.

- Men aytdim:"Sizning huquqingiz yo‘q. Mening huquqimni buzayapsizlar. Mening huquqimni poymol qilayapsizlar," dedim. Men chiqaman sizning ustingizdan shikoyat qilib," dedim - deydi To‘xtagul Turdieva.

Ayni kunning o‘zida Karmana tumanida istiqomat qiluvchi nogiron jurnalist Dildora Boymurodovaning ham uyi tintuv qilingandi.

XS
SM
MD
LG