Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:19

Toshkent - Dushanbe aviaqatnovi 24 yildan so‘ng qayta tiklanmoqda


Uzbekistan airways
Uzbekistan airways

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 1992 yilda to‘xtatib qo‘yilgan aviaqatnovlar 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlab qayta tiklanishi mumkin. “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati bosh direktori Valeriy Tyanga tayangan holda tarqatilgan xabarlarda Toshkent - Dushanbe reysi yozgi yo‘nalishlar jadvaliga kiritilishi aytilgan. Tojikiston tomoni ham ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni qayta tiklanishiga oid ma’lumotlarni tasdiqladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati bosh direktori Valeriy Tyan o‘zbek matbuotiga bergan intervyusida Toshkent - Dushanbe reysi yozgi yo‘nalishlar jadvaliga kiritilishini aytar ekan “mazkur reysning qatnovi bundan avvalroq boshlanishi ham ehtimoldan holi emas. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud”, deb bildirdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning yozgi yo‘nalishlar jadvali mart oyining oxirlaridan oktabr oyining boshlariga qadar amal qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, yaqin besh oy ichida Toshkentdan Dushanbega so‘nggi 24 yilda birinchi marta yo‘lovchi uchoq parvozi amalga oshirilishi tahmin qilinmoqda.

Avvalroq Tojikiston transport vaziri Sherali Ganjalzoda ham Ozodlik radiosi tojik xizmatiga bergan suhbatida O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovni qayta tiklash bo‘yicha davlatlararo shartnoma loyihasini tayyorlab bo‘lganlari haqida ma’lum qilgan edi.

Ozodlik radiosi manbasining bildirishicha, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tgan yilning boshlarida “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatining tashabbusi bilan boshlangan. O‘shanda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Dushanbe xalqaro aeroportidan xizmat ko‘rsatish narxlari va aeroportning o‘zbek uchoqlarini qabul qilish imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etishni iltimos qilgan. 2015 yil aprelida Tojikiston tomoni bu so‘rovga javob qaytargan.

Boshqa bir manba esa “O‘zbekiston havo yo‘llari” tojik tomoni bilan hamkorlikda parvozlarni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ishlarini olib borgani, biroq bugungi kunda bu tayyorgarlik to‘xtatib qo‘yilganini aytdi.

Manbaning bildiriishcha, bunga tijoriy muammolar sabab bo‘lgan. Ya’ni ikki davlat o‘rtasida viza tizimi joriy etilgani sababli mazkur reys o‘zini oqlaydimi yoki oqlamaydimi, degan savol hozircha javobsiz qolmoqda.

Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi aviaqatnov 1992 yilda to‘xtatilgan edi. 2000 yildan esa O‘zbekiston Tojikiston vatandoshlariga viza rejimini joriy etgan.

Dushanbe rasmiylari Toshkent bilan aviaqatnovlarning qayta tiklash harakatini Tojikiston - O‘zbekiston munosabatlaridagi iliqlik paydo bo‘lishi nishonasi sifatida baholamoqdalar.

Mutaxassislar shu yilning 29 sentabrida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dushanbeda o‘tkazgan uchrashuvni rasmiy Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar iliqlanishining birinchi qadami o‘laroq baholagan edilar.

O‘shanda Abdulaziz Komilov Toshkent Dushanbe bilan munosabatlarni qayta tiklashga tayyorligini izhor qilgandi.

25 oktabrda esa O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov O‘zbekiston va Tojikiston rahbariyati ikki mamlakat o‘rtasida viza rejimini yumshatish masalasini muhokama qilishga kelishib olganini aytgan edi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar bundan 20 yil oldin yomonlasha boshlagandi. Buning ortidan ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarga katta putr etgan. Masalan, 2000 yilda O‘zbekiston – Tojikiston savdo aylanmasi 500 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 million dollarga tushib qolgan.

XS
SM
MD
LG