Линклар

Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov esa o‘z saylovoldi dasturida hukumatga emas, balki parlamentda ko‘pchilikni tashkil qilganlarga muxolif bo‘lishini aytdi. O‘zbekiston prezidentligi uchun saylovoldi uchrashuvlar olib borayotgan siyosiy partiyalar nomzodlarining biror nafari ham hukumatga siyosiy muxolif ekanligini bildirmagan. Saylovchilar siyosiy partiyalar nomzodlarining birortasidan hukumat olib borayotgan siyosatni tanqid qilganini eshitmaganlarini aytmoqda.

O‘zbekiston prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Hotamjon Ketmonov Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda ularning partiyasi parlamentdagi muxolifat faoliyati kafolatlarini mustahkamlashga intilishini aytgan.

Ozodlik Hotamjon Ketmonovning parlamentdagi muxoliflik faoliyatiga munosabat olish maqsadida XDPning Markaziy Kengashi bilan bog‘landi.

O‘zini tanishtirmagan XDP mulozimlaridan biri raisning muxolifatda bo‘lish faoliyatini shunday izohladi:

- Biz muxolifmiz deganimiz, parlamentda ko‘pchilikka nisbatan muxolifmiz degani. Ya’ni parlamentdagi ko‘pchilikka nisbatan XDP fraktsiyasi muxolif.

Ozodlik: Hukumatga muxolif emassizlar, a?

Mulozim: Yo‘q!

Ozodlik: Nega, odatda siyosiy partiyalar hukumatga muxolif bo‘ladiku, unday holda qanday siyosiy partiya bo‘lasizlar?

Mulozim: Bizda shunaqada!

Ozodlik: Hamma davlatlarda siyosiy partiyalar hukumatga kelish uchun kurash olib boradi va hukumatga muxolif bo‘ladi. Sizlarning maqsadlaringiz hokimiyatga kelish ekan, nega hukumatni tanqid qilmaysizlar?

Mulozim: Bizlarning saylovoldi dasturimiz bor. O‘shani realizatsiya qilish borasida faoliyat olib boramiz, agar hukumat bilan qarashlarimiz qisman to‘g‘ri kelmasa o‘zimiznikini ilgari surishimiz mumkin, agar to‘liq to‘g‘ri kelmasa siz aytgan holat bo‘lishi mumkin. Lekin bizda hali qarashlarimiz to‘liq to‘g‘ri kelmagan holat bo‘lmagan, dedi XDP mulozimlaridan biri.

Nomzodlarning O‘zbekiston OAVdagi chiqishlarini kuzatayotgan samarqandlik saylovchilardan birining aytishicha, Bosh vazir Shavkat Mirziyoevdan boshqa biror nomzodning dasturida jiddiy pozitsiya yo‘q:

- Hamma nomzodlar televizorda chiqib gapiryapti. Bunday qarasangiz ularning hammasiga xuddi teng imkoniyat berilganday. 90 yillar boshidagi prezidentlik saylovlarida nomzodlar chiqib, hukumat mana bu erda xato qildi, mana bu sohalar qoloq bo‘lib qolib ketdi, derdi. Hozirgi nomzodlarni ko‘rib ensangiz qotadi. Uch partiyaning biror nafar nomzodi ham hukumatga til tekkizmaydi. Bularning topgan gapi yanada mukammallashtiramiz, yanada rivojlantiramiz, deydi. Ochiq bahs yo‘q, yuzma-yuz uchrashuv yo‘q, ochiq raqobat yo‘q. Shu ham demokratik saylov bo‘ldimi? Bu partiyalar 25 yildan buyon hukumatning qo‘g‘irchoqlari bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, dedi samarqandlik saylovchi.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan saylovchilardan biri prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar ularning hozir egallab turgan vazifasiga qarab uyushtirilayotganini aytadi:

- Masalan, Bosh vazir saylovchilar bilan uchrashuvga Rishton tumaniga keldi. U kelishi bilan juda ko‘p tashkilotlar, korxonalar, do‘konlar yopildi, yo‘llar berkitib qo‘yildi. Qolgan uchta nomzod ham kelib ketyapti, lekin ularning kelganini hech kim bilmaydi. Meni nazarimda, xuddi o‘zbek jamiyati ruhan oldindan o‘zining prezidentini saylab qo‘yganday. Bunday bo‘lmasligi kerak, o‘sha to‘rt nomzodga bir xil ko‘z bilan qarash kerak. Bu birinchidan. Ikkinchidan, boshqa nomzodlarning chiqishlarini kuzata turib shunday xulosaga keldim. Ular prezident bo‘lish emas, balki uning yonidagi qandaydir masalalarni hal qiladigan yugurdagi bo‘lishini istayotganday bo‘lib tuyulyapti, dedi farg‘onalik saylovchi.

O‘zbekiston prezidentligiga “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod Sarvar Otamurodovning saylovoldi dasturidagi “odamlarni teatrga qaytarish kerak” degan gapi Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari tomonidan istehzo bilan kutib olindi:

"Partiya rahbarining topgan gapini qarang. "Ey janob, siz siyosatchimisiz, yoki madaniyat vazirligi xodimi-mi? Mamlakatning bundan boshqa muammosi yo‘qmi?" – deydigan odam yo‘q. Men "...qaytaraman" degan so‘zning o‘zini o‘qib, "Dollar yoki benzin narxini orqaga qaytarsa kerak", deb o‘ylabman", deb yozdi Feysbuk foydalanuvlaridan biri.

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi joriy yilning 4 dekabrida bo‘lib o‘tadi.

Markaziy saylov komissiyasi to‘rt nomzodni,O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Sarvar Otamuratov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Mirziyoev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olgan.

XS
SM
MD
LG