Линклар

Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining birinchi kurs o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, otasi Rossiyada mardikorlikda bo‘lgan qiz o‘qishdan keliboq oshxonaga kirib o‘zini osib o‘ldirgan. Tuman prokuraturasi o‘quvchining o‘z joniga qasd qilish voqeasi yuzasidan jinoyat ishi ochgan va uning bu harakati sabablari o‘rganilmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Samarqand tumanining Ravonak qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejining birinchi kurs qiz bola o‘quvchisi (o‘quvchining ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalari yuzasidan u sir saqlanadi – tahririyat) 3 noyabr kuni o‘z joniga qasd qilgan.

O‘quvchi qizni yaxshi bilgan ravonaklik sinfdoshining aytishicha, marhumaning onasi uch yil avval o‘lgan, otasi esa Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan:

“Bu qiz mening sinfdoshim edi. Shu yil 33-maktabning 9-sinfini tugatib, kollejga o‘qishga kirgan edi. Otasi Rossiyaga ishlagani ketgan edi, har ikki yilda bir kelardi. Dugonam opasi va ukasi bilan ammasining qarovida qolgan edi. Maktabni tog‘asining uyida o‘qib yurib tugatdi. Kambag‘al oiladan edi. O‘sha kuni kollejdan kelganu oshxonaga kirib tepadan o‘tgan gaz quvuriga o‘zini sintetik ip bilan osgan. Sababini hech kim bilmaydi”, dedi sinfdosh dugonalardan biri.

Ozodlikning tuman hokimiyatidagi manbasining aytishicha, o‘quvchi qizning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan va qizning bokira ekanligi aniqlangan.

Ravonak qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida farzandi o‘qiyotgan otalardan biri Ozodlik bilan suhbatda, bunday xudkushlik voqeasi kollej tarixida birinchi marta bo‘lmayotganini iddao qildi:

“O‘tgan uch yil mobaynida, agar xotiram pand bermasa, kamida beshta shunday voqea sodir bo‘ldi. Kollejda ta’lim-tarbiya susayib ketgan, direktori ichkilikka ruju qo‘ygan odam. Qizlarimizdan doim xavotir olib turamiz. Eshitishimcha, bu qiz ham kollejda o‘qituvchisi tomonidan kamsitilganidan so‘ng, darsdan keliboq o‘z joniga qasd qilgan”, dedi otalardan biri.

Ozodlikning kollej direktori bilan bu borada suhbatlashishga qilgan harakatlari natija bermadi.

Manbalarga ko‘ra, ayni paytda tuman prokuraturasi bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochgan va qizning o‘z joniga qasd qilish sabablarini o‘rganyapti.

Ota-onasi xorijga mehnat muhojirligiga ketgan yoki o‘qituvchilari tomonidan uyaltirilgan va tahqirlangan o‘quvchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari O‘zbekistonda ko‘p sodir bo‘ladi.

Joriy yilning iyun oyida Toshkentning Yunusobod tumanida kollej o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 17 yoshli bola maktabda o‘qituvchisi va gruppadoshlari tomonidan davomli tahqirlanavergach o‘zini osgan.

2015 yilning may oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalari iddaosiga ko‘ra, maktab direktori qizning telefonidan behayo rasmlarni topib olib, uni sinfdoshlari orasida masxara qilgan va uyatga qolgan qiz uyida o‘zini osgan edi.

O‘tgan yilning aprel oyida Jizzax shahridagi 5-umumta’lim maktabining ettinchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan edi. 14 yashar qiz, Ozodlik manbalariga ko‘ra, maktabda o‘qituvchisi tomonidan tahqirlangandan so‘ng o‘zini osgan edi.

XS
SM
MD
LG