Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:41

Dunyo yetakchilari Tramp g‘alabasiga munosabat bildirmoqda


Yevropa Ittifoqi rahbarlari AQShda Donald Trampning prezident saylovida g‘olib chiqishiga ehtiyotkorona munosabat bildirayotgan bo‘lsa, Rossiyada respublikachi nomzodning g‘alabasi hush qarshilandi. AQShning janubiy qo‘shnisi Meksikada esa ikki mamlakat orasida devor qurishni va’da qilgan Trampning Oq uyga rahbar bo‘lishi tashvish va xavotir bilan qarshi olindi.

AQShda Trampning prezident saylovida g‘olib chiqqaniga munosabat bildirgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha rahbari Federika Mogerini YeI va AQSh birgalikda ishlashda davom etadi, deb bayonot berdi.

"YeI-AQSh aloqalari siyosatda qanday o‘zgarish bo‘lishiga qaramay, ancha chuqur ildizlarga egadir”, - deb yozdi Mogerini Tvitterda.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Trampni AQSh prezidentligi uchun saylovda g‘olib bo‘lgani bilan qutlar ekan, AQShning yetakchilik roli “NATO uchun har qachongidan ham muhim ekani”ni ta’kidladi.

O‘z tabrigida Stoltenberg Trampni 2017 yilda Bryusselda o‘tadigan NATO sammitiga taklif qildi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey AQSh saylovi g‘olibiga yo‘llagan tabrigida Britaniya va AQSh ozodlik, demokratiya va ishchanlikka asoslangan uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga egaligini eslatdi.

“Britaniya va AQSh o‘rtasida erkinlik va demokratiyaga asoslangan muhim munosabatlar yotadi. Biz savdo, xavfsizlik va mudofaa borasida kuchli hamda yaqin hamkorlar bo‘lib qolamiz", - deb ta’kidladi u.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer Donalьd Trampning AQSh prezidenti saylovidagi g‘alabasidan keyin Amerika tashqi siyosati haqida oldindan bir narsa deb bo‘lmaydi, degan fikrni bildirdi.

"Men AQShdagi saylovoldi poygasining borishidan tashvishda edim. Natija Germaniyada aksariyat kutganidan farq qiladi, uni inobatga olmasdan iloj yo‘q. Albatta, biz uni hurmat qilishimiz kerak va shunday qilmoqdamiz ham", - dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Eyro Trampni g‘alabasi bilan tabrikladi va Fransiya Qo‘shma Shtatlarning yaqin ittifoqichisi bo‘lib qolishini qayd etdi.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Trampning g‘alabasini demokratiya tantanasi deb atadi.

"Qanday xushxabar. Demokratiya hamon yashayapti", - dedi Orban.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Donald Trampni AQSh prezidenti saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi.

Kreml matbuot xizmatining xabar qilishicha, Putin Rossiya-AQSh munosabatlarini hozirgi inqiroz holatidan olib chiqish va dolzarb xalqaro masalalarni yechishda o‘zaro hamkorlikka umid qilishini aytgan.

AQShning janubiy qo‘shnisi Meksikada esa, ikki mamlakat orasida devor qurishni va’da qilgan respublikachi nomzodning g‘alabasi qayg‘u bilan qarshi olindi. Meksikada chiqadigan Yel Universal gazetasi xabariga ko‘ra, Trampning g‘alabasi ortidan mahalliy valyuta pesoning qurbi tushib ketgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Trampning saylovdagi g‘alabasi munosabati bilan qilgan chiqishida AQShning bo‘lajak rahbari Eron bilan erishilgan yadroviy bitimlarga sodiq qolishi kerakligini ta’kidladi.

Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Donald Trampni AQSh prezidentligi uchun saylovda g‘olib chiqqani bilan tabrikladi.

“Biz AQSh bilan o‘zaro ishonch ustiga qurilgan strategik hamkorlik kuchayishda davom etishiga ishonamiz”, - degan Mavlud Chovusho‘g‘li.

Turkiya bosh vaziri Yildirim agar Vashington iyulь oyidagi davlat to‘ntarishida gumonlanayotgan AQShda yashovchi din targ‘ibotchisi Fatxulloh Gulenni ekstraditsiya qilsa, ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochilishini aytgan.

Respublikachi nomzod Donald Tramp AQSh prezidenti saylovida mutlaq g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Amerikaliklar 8 noyabr kuni AQShning 45-prezidentini saylash uchun ovoz berdi. AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan Hillari Klinton, Respublikachilar partiyasidan Donald Tramp da’vogarlik qildi. Saylovda Donald Tramp g‘alaba qozondi va Amerikaning 45-prezidenti etib saylandi.

XS
SM
MD
LG