Линклар

O‘zbekiston meva-sabzavoti uchun Rossiya "yashil yo‘lak" ochishi kutilmoqda


Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi (Gazeta.uz fotosurati)

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi (Gazeta.uz fotosurati)

O‘zbekiston va Rossiya 2016 yilning oxiriga qadar ho‘l meva va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun “yashil koridor” ochadi.

Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi chog‘ida bu haqda xabar bergan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulovga ko‘ra, bu loyihani noyabr oxirlarida ishga tushirish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yana bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassislari esa O‘zbekiston Rossiyaning “polizi va tomorqasiga” aylanib qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

"Yashil yo‘lak" bo‘yicha hujjatlar imzolanadi

O‘zbekiston va Rossiya shu yil noyabri oxirigacha xo‘l va qayta ishlangan meva-sabzavot eksporti uchun “yashil yo‘lak” barpo qilish bo‘yicha qator hujjatlarni imzolamoqchi.

Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bu haqda ma’lumot bergan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov tashabbus O‘zbekistondan Rossiyaga etkazilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona va fitosanitariya nazoratidan o‘tishini osonlashtirishni ko‘zda tutishini bildirdi.

"Bu “yashil koridor” o‘zbek mahsulotining Rossiya bozoriga eksportini tezlashtiradi va bevosita Rossiya Federatsiyasining turli mintaqalaridagi iste’molchilarga etkazilayotgan qayta ishlangan meva-sabzavotlar hajmini oshirish imkonini yaratadi. Bu masalada bir qator hujjat allaqachon shu oyda imzolanadi", degan Ulug‘bek Ro‘ziqulov jurnalistlarga.

Uning bildirishicha, kelishuvda bojxona va fitosanitariya hujjatlarini rasmiylashtirishni tezlashtirish, temir yo‘l orqali tashish bo‘yicha maxsus tariflar joriy etilishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish va saqlash shartlari o‘z aksini topadi.

Chegaradagi qoidalar eksport hajmini oshirishga to‘siq bo‘ldi

Rossiya Qishloq xo‘jaligi rasmiylari Ozodlikning rasmiy so‘roviga javoban, "yashil koridor" ochish masalasi joriy yilning 14 sentabrida Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev va O‘zbekiston Bosh vaziri muovini Rustam Azimov o‘rtasidagi uchrashuv davomida muhokama qilingani va o‘shanda bir qator hujjatlar imzolanganini eslatishdi.

Rasmiy javobga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida tuzilgan ishchi guruh harakatlari tufayli o‘zbek meva-sabzavotining Rossiyaga olib kirilishi 2015 yilga nisbatan “2 barobardan oshgan va 41 mln. AQSh dollaridan 89 mln. dollarga etgan".

- Biroq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishga bojxona va fitosanitariya tartiblari to‘sqinlik qila boshlagani aniqlandi. Shu sababli ikki taraf manfaatlariga mos kelgani bois “yashil koridor” ochishga kelishildi, dedi vazirlik matbuot xizmati boshlig‘i Irina Ostrogorskaya.

O‘zbekistondan kelayotgan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiyaning “Sibirskiy alьyans”, “Magnit”, “Perekrestok”, “Agrolayn” i X5 Retail Group savdo-sanoat kompaniyalari tomonidan qabul qilinishi aytildi.

Toshkentda 8-10 noyabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan Birinchi xalqaro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida ochiqlangan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston oxirgi bir yil ichida Rossiyaga meva-sabzavot etkazishni 2 barobarga, Janubiy Koreyaga – 5 barobar, BAAga – 1,8 barobarga, Germaniyaga – 1,6 barobarga ko‘paytirgan.

O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan 31 mamlakatdan kelgan delegatsiya tanishayotgani ma’lum qilindi.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov 2016 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistondan 700 ming tonna mahsulot chiqarilgan va bu ko‘rsatkich yil oxirida 1 million tonnaga yetkaziladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yarmarkada Rossiyadan tashqari Qozog‘iston, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga umumiy hajmi 2,5 million tonnadan ziyod qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

"Ishlab chiqarishni rivojlantirish kerak!"

Xo‘sh, O‘zbekiston Rossiyaning katta tomorqasiga aylanib qolmaydimi? Bu savolni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, toshkentlik iqtisodchi-fermer Abdulla Orifovga berdik.

Suhbatdosh O‘zbekiston Rossiyaga navbatdagi xom-ashyo yetkazib beruvchi mamlakatga aylanib qolmasligi uchun mahalliy sanoatni rivojlantirish kerakligini gapirdi.

- Bir vaqtlari qayta ishlash sanoati bizda juda rivojlangan bo‘lgan. Masalan, Toshkent viloyatining o‘zida 3-4ta konserva zavodlari bor edi. Shular shartnoma asosida juda katta mahsulotni Rossiyaga chiqarardi. Biz xom ashyo emas, uni qayta ishlab topshirsak iqtisodiy tomondan yana yaxshi bo‘lardi. O‘zbekistondan chiqayotgan mahsulotni shu hajmda qayta ishlashga imkon yo‘q hozir. Shu mahsulotni qayta ishlashga vaqti kelib imkon yaratiladi,ammo bunga ozgina vaqt kerak, dedi Abdulla Orifov.

Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi qishloq xo‘jaligi sanoati bilan birga fermerlarga berilayotgan imtiyoz va yordam oshirilishi kerakligini gapirib, dedi.

- Hozir 30 dan ortiq tumanimiz bog‘dorchilik-sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Hozir yana 30 tumanni shunga tayyorlashayapti. Paxta maydonlari qisqarib, meva-sabzavot ekishga ixtisoslashyapti. “Yashil koridor” ochilishi buni yanada jadallashtiradi. Ko‘p joylarda mahsulot etishtirilganidan keyin uni sotish muammosi bo‘layotgan edi. Agar davlat tashkilotlarni tuzib, meva-chevalarni qabul qiladigan punktlari - zagotkontoralarni tashkil qilsa juda yaxshi bo‘lardi. Eng yomoni – bizda davlat buyurtmasi yo‘q! Agarda buyurtmachi bo‘nak pulini bersa ajoyib ish bo‘lardi, dedi qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Abdulla Orifov.

Ozodlik shu yilning 14 sentabrida Moskvaga safar qilgan Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov yetakchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun "yashil yo‘lak" ochib berish taklifi bilan Rossiyaga murojaat qilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG