Линклар

logo-print

Ozodlik mobil muxbirining xabar berishicha, Toshkent metrosining bitmay qolgan yo‘nalishlarida qurilish ishlari boshlandi. Qurilish metropoliten "O‘zbekiston temir yo‘llari" hissadorlik jamiyatiga o‘tkazilishi bilanoq boshlandi.

Hozirda metroning Yunusobod yunalishidagi "Fayzulla Xo‘jaev", "Yunusobod" hamda "Turkiston" bekatlari qurilishi ustida ish jadal ketmoqda, deya xabar beradi Ozodlik mobil muxbiri.

Yunusobod yo‘nalishidagi mazkur stantsiyalar qurilishi ko‘p yillardan beri to‘xtab qolgandi.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev 20 sentabrda oxirida bu ishni davom ettirish haqida topshiriq bergandi.

Quruvchilarga ko‘ra, stansiyalardan biri Yunusobod dehqon bozori yonida, yana biri esa undan bir kilometrcha narida joylashadi.

Shu bilan Yunusobod metro yo‘nalishi oxiriga etishi e’tiborga olinsa, bu erda poezdlar turadigan depo paydo bo‘ladi va u Toshkent halqa yo‘li yaqinidagi “Uch qahramon” buyum bozori o‘rnida qurilishi taxmin qilinmoqda.

Yangi metro stansiyalari qachon ishga tushishi haqida hozircha hech qanaqa ma’lumot yo‘q.

Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishini barpo etish ishlari 1988 yilda boshlangan edi.

Biroq 2001 yilning sentabrida metroning ushbu yo‘nalishini loyihalashtirish va qurishda murakkabliklar paydo bo‘lgani oqibatida, qurilish ishlari to‘xtatib qo‘yilgan edi.

Murakkabliklar metro tunneli va bekatlari joylashgan joylar kanallar va Bo‘zsuv ostiga to‘g‘ri kelgani bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, metro qurilishiga yer ostidang o‘tgan ko‘plab muhandislik kommunikatsiyalari ham xalaqit bergan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Olmazor metro stansiyasidan Sirg‘ali mavzesigacha uzunligi 6,5 kilometrni tashkil etuvchi metro liniyasi qurishni rejalashtirib keladi.

Ushbu liniyani qurish 2030 yilgacha mo‘ljallangan davlat loyihasiga kiritilgan.

Mazkur loyihada “Toshkent” xalqaro aeroportini shahar tashqarisiga chiqarish, ya’ni Toshkentdan 45 km janubga, Jizzax tomonga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, poytaxt maydonini 41,8 ming gektargacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu tarzda shahar hududi Qibray, O‘rtachirchiq va Zangiota tumanlari erlari hisobiga 8,63 ming gektarga ko‘payadi.

Toshkent metropoliteni, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq¸ 7 noyabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” hissadorlik jamiyatiga o‘tkazildi.

Bungacha metro faoliyatini boshqarish poytaxtdagi jamoat transportini nazorat qiluvchi “Toshshahartransxizmat” shirkati vakolatida edi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” tashkiliy tizimi va ijroiya strukturasi ham tasdiqlangan va boshqaruvdagi mulozimlar soni 120 nafardan 93 nafarga tushirilgan.

Yunusobod yo‘nalishi Toshkent metropolitenining uchinchi yo‘nalishi hisoblanadi.

Uning uzunligi 6,4 km bo‘lib, unda 6 bekat bor.

XS
SM
MD
LG