Линклар

Rossiyadagi o‘zbek jamoalari vakillariga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaning turli mintaqalaridagi o‘zbek jamoalari bilan Rossiyaga mehnat muhojirlarini ishga olib kelish bo‘yicha shartnomalarni imzolamoqda. Jumladan, Kemerovo va Krasnoyarsk o‘lkalarida O‘zbekiston vatandoshlariga ko‘mak berish maqsadida “jonli aloqa” vositasi ishga tushirilayotir. Rossiyadagi o‘zbek disporasi rahbarlari bunday kelishuv natijasida Rossiyada “nazorat ostidagi migratsiya” vujudga kelishini bashorat qilmoqda.

Turli mintaqalarda "ishonch telefonlari" ishga tushadi

Rossiyaning Kemerovo va Krasnoyarsk mintaqalarida O‘zbekiston vatandoshlariga yordam berish bo‘yicha “jonli aloqa” liniyasi tashkil etiladi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlab bergan Krasnoyarskdagi “O‘zbekistonliklar hamdo‘stligi” Mintaqaviy jamoatchilik tashkiloti rasmiylariga ko‘ra, “ishonch telefonlari”ning ishga tushirilishiga O‘zbekistondan maxsus kelgan Mehnat vazirligi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuv davomida kelishilgan.

O‘zini Otabek deb tanishtirgan “O‘zbekistonliklar hamdo‘stligi” rasmiysi bir qator boshqa muhim masalalar borasida ham ikki taraflama shartnomalar imzolanganini bildirdi.

- Bu g‘oya tashabbusi O‘zbekiston Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligiga tegishli. Mahalliy hukumat va bizning tashkilot loyiha hamkori sanaladi. “Ishonch telefonlari” orqali migrantlarning barcha muammolari bo‘yicha shikoyatlar qabul qilinadi va ular yechimini topishga harakat qilinadi. Shuningdek, eng katta e’tibor Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan jo‘natilgan mehnat muhojirlari adaptatsiyasi, ish bilan ta’minlash masalasiga qaratiladi. Ammo biz bu yerda ishlayotgan barcha o‘zbek muhojiriga ham yordam berishni davom ettiramiz, albatta, dedi Krasnoyarsk o‘zbek jamoasi namoyandasi.

Suhbatdosh mintaqaviy “call-markazlar” Rossiyaning barcha hududlarida tashkil qilish rejalashtirilganini bildirdi.

Otabek loyihani ishga tushirishda qisman O‘zbekiston Mehnat vazirligi, qisman mahalliy tashkilotlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib o‘z-o‘zini ta’minlash asosidagi mablag‘lar yotqizilishi mumkinligini bildirdi. U yil oxiriga qadar loyiha ustida tayyorgarlik ishlari o‘z yakuniga etishini aytib, unga Krasnoyarsk hukumati tomonidan katta qiziqish bildirilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonlik muhojirlar Rossiyaga shartnoma asosida jo‘natiladi

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bir guruh xodimlari Rossiyaning bir qancha mintaqasida joylashgan mahalliy o‘zbek jamoalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Kemerovo viloyat o‘zbek jamoalari bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari “yo‘naltirilgan migratsiya” bo‘yicha shartnomalarni imzolangani ma’lum bo‘ldi.

“Turon” O‘zbek milliy madaniy markaz rahbari muovini Baxtiyorjon Inomov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston hukumati hamkorlik to‘g‘risidagi bunday tashabbus bilan birinchi marotaba chiqayotganini bildirdi.

U muzokaralarga Toshkentdan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbari birinchi yordamchisi boshchiligida 5 kishilik rasmiy delegatsiya kelganini bildirib, dedi:

- Bizda ishchi uchrashuv bo‘ldi. O‘zbekiston migratsiyasi masalasida mehnat shartnomasi imzolandi. Biz, kelib chiqishimiz O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyaliklar Mehnat vazirligining bu yerdagi rasmiy vakili bo‘lishi borasida kelishildi. Majlisga Rossiya Migratsiya departamenti, Ish bilan ta’minlash markazi, Kemerovo viloyat savdo-sanoat palatasi rahbarlari ishtirok etdi. Kelishuvga ko‘ra, biz O‘zbekiston Mehnat vazirligi tomonidan oldindan aniqlashtirilgan miqdorda yuborilayotgan muhojirlarni qabul qilish va ish bilan ta’minlash, ularni ijtimoiy himoyalash kafilligini oladigan bo‘ldik, dedi o‘zbek diasporasi vakili.

Baxtiyorjon Inomov hozirda Kemerovo viloyatidagi turli qurilish va ishlab chiqarish korxonalari bilan o‘zbekistonlik ishchilarni qabul qilish masalasida mehnat shartnomalari tuzishga muzokaralar boshlab yuborilganini bildirdi.

Jamoa faoli so‘zlaricha, oxirgi ikki yilda hukm surayotgan iqtisodiy inqiroz va Rossiya migratsiya cheklovlarining kuchaytirilishi natijasida mintaqada o‘zbek muhojirlari soni keskin kamayib ketgan.

- Biz O‘zbekistondan birdan bo‘lgan bunday e’tibordan juda quvondik – qachonlardir shunday bo‘lishi kerak edi, chunki muammolar yig‘ilib qolgandi. Yurtdoshlarimiz uchun bu juda yaxshi xabar: ular huquqiy va ijtimoiy himoyaga ega bo‘ladi, oyliklarini o‘z vaqtida oladi. Boshqacha qilib aytsam, bu kelishuvlar “nazorat ostidagi migratsiyani” vujudga keltiradi. Biz ham o‘zbek hamyurtlarimiz legal yashab, qonuniy ishlashlari tarafdorimiz, dedi Baxtiyorjon Inomov.

Jamoa a’zosi tashkiliy masalalarga 1-2 oy ketishi, allaqachon keyingi yil boshidan esa “Turon” o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qabul qilish va joylashtirish ishlarini boshlab yuborishi mumkinligini taxmin qildi.

Hozirda O‘zbekiston Mehnat vazirligi vakillari Rossiyaning boshqa mintaqalaridagi o‘zbek diasporalari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani aytildi.

Ayni paytda, Rossiya hukumatiga tayanib berilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilga migratsiya masalalariga federal byudjetdan ajratilayotgan mablag‘ 1,4 mlrd rubldan 2 milliardga ko‘paytirilgan.

XS
SM
MD
LG