Линклар

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkentdan 23ta avbobusda Namangan viloyatining Kosonsoy tumaniga borgan O‘zbekiston IIV¸ MXX va prokuraturaning yuzlab xodimlari 9 noyabr kuni tumanda uyma-uy yurib tekshiruv o‘tkazgan.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi mahallalarda Toshkentdan kelgan maxsus guruhlar ommaviy tekshiruv¸ ayrim hollarda¸ tintuv o‘tkazgani haqidagi ma’lumot Ozodlikka mahalliy manbalardan yetib keldi.

Kosonsoy tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi tumanda IIV¸ MXX va prokuratura xodimlaridan tuzilgan maxsus guruh “pasport tekshiruvi”ni amalga oshirganini tasdiqlar ekan¸ bu jarayon davomida tintuvlar bo‘lgan-bo‘lmagani va ularning qanday yakun topganiga oid ma’lumot berishni istamadi.

Ozodlik muxbiri bu jaraënni o‘rganish maqsadida oddiy kosonsoyliklar¸ qolaversa¸ unda bevosita ishtirok etgan mahalla qo‘mitalari rahbarlari bilan gaplashdi.

Ismini oshkor etilmasligini so‘ragan kosonsoylik hunarmand o‘zi yashaydigan mahallada bo‘lib o‘tgan tekshiruvlarni tasvirlab berdi:

- Melisalar kelishdi¸ Buxoro¸ Samarqand tomonlardan kelganlari ham bor ekan orasida. O‘sha Turkiya¸ Suriya¸ Rossiyaga borganlarni tekshirib¸ kecha ketishdi. Ular mahalla hokimiyati bilan birgalikda kelib ko‘rishdi. Bizda uyma-uy kirgani yo‘q. Faqat chetga ketganlarni ro‘yxat bo‘yicha ko‘rib chiqishdi¸ pasport-propiskadan to gaz-svet puli to‘langanigacha tekshirishdi. Ammo qo‘polchilik bo‘lmadi. Shu kim ketgan¸ qayga ketgan¸ o‘g‘lingiz¸ dadangiz qaerda¸ nima qiladi¸ pul yuboradimi¸ deb surishtirishdi. Nomoz o‘qigani uchun¸ uyidan Qur’on chiqqani uchun hech kimni olib ketgani yo‘q bizda. Mahallamiz masjidi hozir ham ochiq¸ odamlar ertalab ham¸ peshin va xuftonda ham namozga chiqishayapti¸ hech kim bir narsa degani yo‘q¸ - deydi kosonsoylik hunarmand.

Kosonsoy tumanidagi xorijga mehnat muhojiratiga ketganlar soni bo‘yicha birinchilardan bo‘lgan qishloq fuqarolar yig‘ini rahbari ham¸ Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda o‘z nazoratidagi mahallalarda “respublikadan kelgan mehmonlar” pasport tekshiruv o‘tkazganini aytdi:

- Ular kecha kechqurun ketishdi¸ Xudoga shukur. Hammasi tinch o‘tdi. Bizni ko‘p ham aralashtirishmadi¸ lekin Suriyaga¸ Turkiyaga ketganlar chiqmadi bizning mahallalardan. Respublikadan kelgan komissiyasi aktlarini o‘zi yozdi¸ lekin bizda hech qanday salbiy holat bo‘lmadi. Manda oltita mahalla bor¸ 18 mingdan ko‘proq aholi bor. Shularning hammasini tekshirishdi. 100 foiz. Komissiya bizning idorada o‘tirib¸ qog‘ozlarini to‘ldirdi¸ bilishimcha¸ salbiy holat bo‘lmadi. Biror kishini olib ketilgani holati bo‘lgani yo‘q. Toshkentdan kelganlar bizda uch kun bo‘lishdi. To‘rtta mahallani birinchi kuniyoq yakunlashdi. Chala qolganlarni keyingi kun kelib¸ yakunlashdi. Kecha 23 ta avtobusda qaytib ketishdi. Qur’on chiqdi uyidan¸ deb birovni olib ketishganidan xabarim yo‘q lekin¸ - dedi shaxsi va hududini ochiqlashni istamagan Kosonsoydagi qishloq fuqarolar yig‘ini rahbari.

Tumandagi yana bir fuqarolar yig‘ini rahbari¸ o‘zi xonadonlarga kirib o‘tkazilgan tekshiruvlarning hammasida bevosita qatnashmagani¸ ammo tekshiruvchilarga tashkiliy ishlarda ko‘mak berganini bildirdi:

- Kecha ketishdi. Men hammasida qatnashmadim. Kelgan mehmonlarga mahalla va maktablardagi faollarimizni biriktirib berdik. “Bizga ko‘chalarni biladigan vakil bersangizlar bo‘ldi”¸ deyishdi¸ berdik. Ko‘chama-ko‘cha aylanib¸ yozib chiqib¸ ba’zi mahallalarni bir kunda¸ ba’zilarini ikki kunda tugatishdi. Bir chekkadan hammanikiga kirib¸ pasportlarni ko‘rishdi. Kimnikida qanaqa tekshirishni¸ asosan¸ mahalla raislari bilan gaplashishdi. Turkiyaga¸ Rossiyaga ketganlar bor uylarni mahalla raislari bergan spisok bo‘yicha¸ bo‘linib tekshirishdi¸ - dedi Kosonsoydagi yana bir qishloq fuqarolar yig‘ini raisi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ prezident Islom Karimov vafotidan ko‘p o‘tmay¸ Ichki ishlar vazirligi¸ Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlaridan tuzilgan maxsus guruhlar butun mamlakat bo‘ylab¸ pasport tekshiruvini olib bormoqda.

Bu tekshiruvlar davomida asosiy e’tiborning mehnat muhojiratiga ketib¸ yillardan beri uyiga qaytmaganlarga oid axborot yig‘ishga qaratilgani kuzatilmoqda.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil manbalardan kelgan xabarlarda¸ kuchishlatar tizimlari xodimlaridan tuzilgan maxsus guruhlarning diniy-ekstremistik guruhlarga a’zolikda gumon qilinayotgan, siyosiy muxolifat a’zosi bo‘lgan va xorijdan uzoq vaqt qaytmaganlar yaqinlariga ularni O‘zbekistonga qaytarish talabi qo‘yilgani aytildi.

XS
SM
MD
LG