Линклар

logo-print

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida ichki ishlar boshqarmasiga qarashli avtomobildan biometrik pasportlar va bir qancha maxfiy hujjatlar o‘g‘irlangan. Ozodlikning bir biridan mustaqil ikki manbasining xabar berishicha, Baliqchi tumanidagi barcha ichki ishlar xodimlari, shuningdek, Toshkentdan kelgan izquvarlar yo‘qotilgan hujjatlarni qidirishga safarbar etilgan.

Baliqchi tumani hokimligida ishlaydigan Ozodlik manbasining militsioner tanishining gapiga tayanib aytishicha, 5 noyabr kuni tushdan keyin tuman ichki ishlar bo‘limi oldida turgan Damas avtomobilidan juda ko‘p biometrik pasport va maxfiy hujjatlar o‘g‘irlangan:

“Militsiya xodimining aytishicha, voqea shanba kuni soat to‘rtlarda sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs Baliqchi tumani ichki ishlar binosi ro‘parasida turgan Damas avtomobilining orqa eshik va oynalarini ochib, bir qancha pasport va IIBga tegishli maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlab ketgan. Damas mashinasining egasi viloyat tumanlariga doimiy hujjatlarni tarqatuvchi kurьer vazifasini bajaruvchi militsiya xodimi bo‘lgan. U ichki ishlar bo‘limiga kirgan paytda shu voqea sodir bo‘lgan”, dedi manba.

Uning aytishicha, o‘g‘irlik sodir etilgani aniqlangach, zudlik bilan butun militsiya xodimlari oyoqqa turg‘azilgan:

“Yo‘qolgan pasportlarning bir qismi Baliqchi tumani Chinobod shaharchasidan oqib o‘tadigan Andijon kanalining qirg‘og‘idan topilgan. Qolgan hujjatlarni va o‘g‘rini qidirish davom etyapti. Toshkentdan ham maxsus qidiruvchilar kelgan”, dedi manba.

Manbaga ko‘ra, militsiya xodimlari hozir asosan ikki xil taxmin asosida o‘g‘rini qidirishmoqda:

"Birinchisi, oddiy o‘g‘rilik. Ya’ni korobkada bo‘lgan hujjatlarni o‘g‘ri biror qimmatbaho narsa deb gumon qilib, o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin. Ikkinchisi, esa biometrik pasport olish muammosiga duch kelgan shaxs shu yo‘l bilan militsiya xodimlaridan qasos olmoqchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozir qamoqdan chiqqan va militsiyaning doimiy ro‘yxatida o'tirgan shaxslar ham so‘roq qilinmoqda", dedi hokimlik mulozimi.

Baliqchi tumanida istiqomat qiladigan, davlat idoralaridan birida ishlaydigan boshqa manba ham shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Mana besh kundan buyon hamma joyni melisa bosgan. Aytishlaricha, o‘g‘ri Damas moshinasida bo‘lgan ekan. Yakshanba kunidan boshlab yo‘l harakati inspektorlari barcha Damaslarni to‘xtatib, egalarini so‘roq qilishni boshladi. Bir necha Damas haydovchilarini ichki ishlar bo‘limiga olib borib tergov qilyapti. Shuning uchun hozir ko‘chalarda Damas ko‘rinmaydi. Haydovchilar moshinalarini haydab chiqishga qo‘rqishyapti. Shu sabab, yo‘lkiralar ham qimmatlab ketdi. Chunki tuman aholisi uchun Damaslar asosiy transport vositasi edi. Mana bugun ham tekshirish kuchli davom etyapti. “Moskvich" mashinalarini to‘xtatib tekshirshyapti. Aytishlaricha, o‘sha Damasning ortida “Moskvich”ni ko‘rishgan ekan”, deydi manba.

Baliqchi tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda shunday voqea bo‘lganini inkor qilmadi, ammo bu haqda ma’lumot berishdan bosh tortdi:

“Men bilmayman, viloyat ichki ishlar boshqarmasidan so‘rang”, dedi ichki ishlar bo‘limi mulozimi.

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining navbatchi inspektori esa savolimizga javob bermay go‘shakni ilib qo‘ydi.

O‘zbekistonda ichki ishlar idoralari hujjatlarining yo‘qolishi juda kam kuzatiladigan holatlardan biri sanaladi.

XS
SM
MD
LG