Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:10

Andijonda o‘g‘irlangan pasportlarni qidirishga harbiylar ham jalb etildi


Andijon viloyatining Baliqchi tumanida ichki ishlar avtomobilidan o‘g‘irlab ketilgan pasport va maxfiy hujjatlarni qidirish uchun yuzlab harbiylar jalb qilindi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbalariga ko‘ra, pasportlarning bir qismi topilgan Andijon kanalining suvi to‘sib qo‘yilgan va askarlar kanal tubini tekshirib chiqmoqda.

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi Olimbek qishlog‘ida yashaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan biri 12 noyabr kuni ertalabdan yuzlab harbiylar o‘tgan shanba kuni o‘g‘irlangan pasportlarni qidirishga safarbar etilganiga guvoh bo‘lganini aytadi:

“O‘g‘irlangan pasportlarning bir qismi Andijon kanalining qirg‘og‘idan topilgan edi. 12 noyabr kuni kanalning suvi uning boshi, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidan to‘sildi. Kanalda suv quriganidan so‘ng yuzlab askarlar kanalning tubini qidirishga tushdilar. Ular har kilometrga bir guruhdan bo‘linib, kanalning ichini tekshirmoqdalar”, dedi mahalla faoli.

Uning aytishicha, kecha 11 noyabr kuni kanalning G‘ayrat mahallasidan oqib o‘tuvchi qismidan besh-oltita pasport topilgan:

“Qidiruv juda kuchaydi. Damaslar yurmayapti. GAI xodimlari har bir moshinani to‘xtatib tekshirmoqda. Bir qaraganda xudda favqulodda holat yuz bergandek”, dedi mahalla faoli.

Baliqchi tumani hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi faqat pasportlar emas, balki boshqa bir qimmatbaho texnik jihoz ham o‘g‘irlanganini va shuning uchun ham harbiylar oyoqqa turganini taxmin qiladi:

“Mening eshitishimcha faqat pasport va hujjatlar emas, balki pasport yasash bilan bog‘liq qanaqadir jihoz ham o‘g‘irlangan. Bu gapni militsiyada ishlaydigan tanishlarimdan biri aytdi. Lekin uning nima ekanligini hech kim bilmaydi, qattiq sir tutishyapti”, dedi manba.

Baliqchi tumani ichki ishlar bo‘limining navbatchisi Ozodlik bilan suhbatda hech qanday o‘g‘irlik sodir etilmaganini, qidiruvga harbiylar ham chaqirilmaganini aytdi.

Kecha xabar berganimizdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida ichki ishlar boshqarmasiga qarashli avtomobildan biometrik pasportlar va bir qancha maxfiy hujjatlar o‘g‘irlangani haqida Ozodlikning bir biridan mustaqil ikki manbasi xabar bergan edi.

Baliqchi tumani hokimligida ishlaydigan Ozodlik manbasining militsioner tanishining gapiga tayanib aytishicha, 5 noyabr kuni tushdan keyin tuman ichki ishlar bo‘limi oldida turgan Damas avtomobilidan juda ko‘p biometrik pasport va maxfiy hujjatlar o‘g‘irlangan edi:

“Militsiya xodimining aytishicha, voqea shanba kuni soat to‘rtlarda sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs Baliqchi tumani ichki ishlar binosi ro‘parasida turgan Damas avtomobilining orqa eshik va oynalarini ochib, bir qancha pasport va IIBga tegishli maxfiy hujjatlarni o‘g‘irlab ketgan. Damas mashinasining egasi viloyat tumanlariga doimiy hujjatlarni tarqatuvchi kurьer vazifasini bajaruvchi militsiya xodimi bo‘lgan. U ichki ishlar bo‘limiga kirgan paytda shu voqea sodir bo‘lgan”, dedi manba.

Ayni paytda baliqchi tumanida IIBga tegishli avtomobildan o‘g‘irlangan pasportlar va hujjatlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG