Линклар

O‘zbekistonda gaz yo‘qligidan mevali va noyob daraxtlar o‘tin bo‘lyapti


Beshariqda gaz yo‘qligidan mevali daraxtlarga arra urilmoqda

Beshariqda gaz yo‘qligidan mevali daraxtlarga arra urilmoqda

O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlarida bu yilgi qish mavsumida ham gaz bo‘lmasligi haqidagi ogohlantiruvlar ortidan aholi o‘tin g‘amlashga kirishgan. Qashqadaryo viloyatida esa o‘tin g‘amlash maqsadida odamlar mevali daraxtlar va hatto "Qizil kitob"ga kiritilgan noyob daraxtlarni ham kesib ketishayotganini Ozodlik manbalari aytmoqda.

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Uzun qishlog‘ida hokimiyat vakillarining bu yil qish mavsumida tumanga gaz uzatish butkul uzilishi mumkinligi haqidagi ogohlantiruvi ortidan aholi o‘tin g‘amlashga kirishgan.

Qishloqda mevali daraxtlarga ham arra urilayotgani aytilmoqda.

Beshariqliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda yoqilg‘i tanqisligi sababli bog‘lardagi meva daraxtlarini ham chopib, o‘tinga aylantirishayotganini aytdi.

– Fermerlarning dalalarida daraxt qolmadi. Mevali daraxtlar ham arralanmoqda. Fermerlarni paxta dalalaridan g‘o‘zapoya o‘g‘irlash avjiga chiqmoqda. Tuman hokimiyatidagilar bu yil ham gaz bo‘lmaydi, qish g‘amini hozirdan ko‘raveringlar, deyishganidan so‘ng o‘tin qimmatlab ketdi. Bir eshak arava o‘tinning bahosi 150000 so‘mga chiqqan, - deydi Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan beshqariqliklardan biri.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, gaz ta’minotidagi uzilishlar nafaqat Farg‘onaning Beshariq tumani, balki butun Farg‘ona viloyati, qolaversa O‘zbekistonning boshqa viloyatlari qishloqlariga tahdid solmoqda.

O‘zbekistonning Qashqadaryoning cho‘l tumanlarida esa aholi gaz yo‘qligidan "Qizil kitob"ga kirgan o‘ta noyob, yulg‘un daraxtlarini chopib, o‘tin qolmoqda.

Bu haqda shu viloyatda yashovchi, ismi sir qolishini istagan ekologlardan biri Ozodlikka ma’lum qildi.

- Dalalarda tol, teraklar o‘tinga chopilyapti, ular mayliku, lekin, yulg‘unlar borku "Qizil kitob"ga kiritilgan, ana shu yulg‘unlar hammasi chopilyapti, qishloq atrofida topolmaysiz. Odamlar qishdan chiqish uchun yulg‘unni tomirigacha kavlab olib, o‘tin qilyapti. Qarab turib tabiatga rahmingiz keladi-da. Tepadagilar faloncha gaz ishlab chiqardik, faloncha neft ishlab chiqardik deydi, lekin aholi gazsiz, noyob daraxtlar o‘tin bo‘lyapti. Tabiatga rahmim keladi, - deydi qashqadaryolik ekolog.

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Abdusalom Ergashev Ozodlik bilan suhbatda mamlakatning gaz etib bormagan qishloqlarida aholi sovuqdan o‘lib qolmaslik uchun mevali daraxtlarni ham chopishga majbur bo‘layotganini aytadi.

- Farg‘onaning Buvayda, Oltiariq, Qo‘qon tumanlarida yillardan beri gaz yo‘q. Rishton tumani Sovet davridan beri gazsiz. Suyultirilgan gaz ham etarlicha ta’minlab berilmayapti. Tirik qolish uchun, sovuqdan o‘lib qolmaslik uchun odamlar oldin o‘zinikini, keyin qo‘shnisining daraxtini chopadi, g‘o‘zapoyalarni o‘g‘irlashgacha boradi. Sovet davrining ocharchilik yillarida ham shunday bo‘lgan, - deydi farg‘onalik huquq faoli Abdusalom Ergashev.

Ozodlikka murojaat qilgan tinglovchilar O‘zbekiston prezidenti vazifasini ijro etuvchi va Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga yuborilgan shikoyatlardan ham natija bo‘lmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Andijon shahrining Erkin mahallasida yashaydigan tinglovchining aytishicha, uning gaz yo‘qligi haqida Bosh vazir qabulxonasiga ikki marta yozgan shikoyati yana qaytib gaz idorasi rahbarlariga yuborilgan:

“Bizning mahalla shahar markazida bo‘lsa ham besh yildan beri gaz yo‘q. Qo‘shni mahallada oz-moz bor edi, endi uni ham kesib tashlashibdi. Bosh vazirga ikki marta yozdim. Ikki marta ham oddiy bir gazchi kelib, “bekorga ovora bo‘lib yozib yurma, baribir gaz berilmaydi”, dedi. Men hayron qolaman, agar bir jiddiy chora ko‘rilmasa, yozgan shikoyatlarimiz yana qaytib o‘zlariga kelsa, u virtual qabulxonaning kimga keragi bor?”, deydi andijonlik.

“O‘zbekneftegaz” davlat shirkati rasmiy saytida iddao qilinishicha, miliy xolding shirkatining “ishlab chiqarish quvvatlari” O‘zbekistonda yiliga 60-70 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olish “imkonini beradi”.

Lekin shunga qaramasdan, gaz taqchilligi muammosi o‘zbekistonliklar kundalik hayotining voqeligiga aylangan.

XS
SM
MD
LG