Линклар

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradagi 56ta bahsli hudud masalasida pozitsiyalarini aniqlashtirdi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi.

O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni Qirg‘iziston Bosh vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan Bishkekka jo‘natgan tabrik maktubida ikki davlat chegarasini aniqlash jarayonini konstruktiv ruhda o‘tkazish muhim ekanini ta’kidladi. Bundan avvalroq, 13 noyabr kuni Farg‘onada o‘zbek-qirg‘iz chegarasini aniqlash bo‘yicha davlatlararo komissiyaning navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va 7ta bahsli hudud masalasida tomonlar pozitsiyasi aniqlab olingan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining yakshanba kuni ma’lum qilishicha, Farg‘onada o‘tgan uchrashuvda avval kelishilmagan 14ta bahsli hudud masalasi muhokama qilindi.

Mazkur jarayon doirasida O‘zbekistonning Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bilan Qirg‘izistonning Botken, Jalolobod va O‘sh viloyatlari tutashgan hududlarda davlat chegaralarasining avval muvofiqlashtirilmagan 14 uchastkasida qo‘shma dala tekshiruvlari va instrumental topografik rasmga olish tadbirlari o‘tkazildi

Ishchi guruhi 7 ta hudud masalasida o‘zaro pozitsiyalarini kelishib oldi.

“Shunday qilib 13 noyabr holatiga ko‘ra, tomonlar pozitsiyasi o‘zaro mos kelayotgan hududlar soni 56taga yetdi”, deb xabar berdi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi.

O‘tgan oyda davlatlararo komissiya chegaradlagi 40dan ortiq bahsli hudud masalasida o‘zaro pozitsiyalarini ochiqlagan edilar.

O‘zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev ham So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni Qirg‘iziston Bosh vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan Bishkekka jo‘natgan tabrik maktubida chegara masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

“Shu bilan bir qatorda qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasi yuzasidan konstruktiv so‘zlashuvlar jarayoni huquqiy maydon doirasida olib borilishi o‘ta muhim ahamiyatga ega”, deyiladi Mirziyoevning tabrik maktubida.

O‘zbekiston rasmiylari ham, Qirg‘iziston hukumati ham bu masalaga doir boshqa ma’lumotlarni ochiqlashdan tiyilmoqda.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati Farg‘onada o‘tgan chegaralarni aniqlash davlatlararo komissiyasi yig‘ilishida qaysi hududlar muhokama qilingani va qanday qarorga kelinganini ochiqlashdan bosh tortdi.

Qirg‘iz hukumati avgust oyidan beri chegaralarni aniqlash masalasida O‘zbekiston bilan 5 marta uchrashuv bo‘lib o‘tgani, yil oxirigacha yana ikkita uchrashuv bo‘lishini aytish bilangina cheklandi.

Qirg‘izistonlik chegara masalalari bo‘yicha ekspert Qurbanakun Matenov ikki davlat o‘rtasida mavjud bo‘lgan 60ga yaqin bahsli hududning 56 tasi yuzasidan Toshkent va Bishkek pozitsiyalarining bir-biriga mos kelgani chegaralarni aniqlash jarayoni yaqin yillarda yakunlanib qolishini anglatmaydi, deb hisoblaydi.

-Masalan, O‘rtato‘qay suv ombori masalasida shu kungacha murosa yo‘q. O‘zbekiston tomoni qirg‘iz hukumatining O‘rtato‘qay suv omborini o‘z tasarrufiga olish to‘g‘risidagi qarorini tan olmagan. Ikkinchi katta muammo Ungartog‘ masalasidir. Bu yerda bir yil ichida ikki marta O‘zbekiston bilan o‘ta ziddiyatli vaziyat yuzaga keldi. Bundan tashqari Kampirobod suv ombori, So‘x massividagi gaz omborlari masalasida ham juda katta kelishmovchiliklar mavjud. Bu masalalarda Qirg‘iziston O‘zbekistonga yon bosa olmaydi, ya’ni bu ob’ektlar yuzasidan murosaga kelish juda qiyin bo‘ladi, - dedi Qurbanakun Matenov.

Mutaxasis tilga olib o‘tgan hududlarni O‘zbekiston o‘z eri deb biladi, Qirg‘iziston esa bu hududlar SSSR davrida O‘zbekistonga ijaraga berilganini aytib keladi. Qurbanakun Matenovning fikricha, bu masalada har bir tomonning o‘z hujjatlari bor.

- Ikki tomon hujjatlar masalasida murosaga kelib, muayyan bir hujjatni chegarani aniqlash uchun asos qilib olishi lozim. Ammo tomonlar ayni mana shu masalada kelisha olmayapti. Bugungi kunda O‘zbekiston bilan munosabatlar yaxshilanishiga umid paydo bo‘lmoqda. Ajab emas, mana shu jarayonda tomonlar yagona bir fikrga kela olsalar, -dedi Qurbanakun Matenov.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov esa 26 oktabr kuni O‘shga qilgan safarida aholi bilan uchrashuvi paytida odamlarning chegaralarni tezroq ochish iltimosiga mana bunday javob bergan edi:

-Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston chegarasi ming kilometrdan oshiqroqni tashkil qiladi. Chegaraning asosiy qismi avvalgi prezidentimiz Islom Karimov davrida aniqlanib olingan. Qolgan uchastkalar bo‘yicha ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari, chegara xizmatlari va boshqa davlat organlari diqqat bilan ishlamoqda. Yaqin oylarda biz bahsli huddudlarning 80 foizini to‘liq aniqlab bo‘lamiz va bir qarorga kelamiz. Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni ham yo‘lga qo‘yamiz. Chegaralarning ochilishi masalasi ham yaqin oylarda hal bo‘lib qoladi, -dedi Adham Ikromov.

XS
SM
MD
LG