Линклар

O‘zbekistonda prezident saylovi yaqinlashishi bilan birga virtual dunyoda prezidentlikka nomzodlarning soxta akkauntlari haqiqiylariga nisbatan ko‘proq tarafdor to‘plamoqda.

Bunday holatning yuzaga kelishiga sabab, Ozodlik suhbatlashgan Twitter foydalanuvchilarning ishonishicha, O‘zbekistonda mavjud muammo va masalalarga soxta nomzodlarning haqiqiylariga nisbatan g‘ayrioddiy va qiziqarliroq yechim yo‘llarini taklif qilayotganidir.

Ayni paytda prezidentlikka nomzod Xotamjon Ketmonov shtabi vakili Twitterda paydo bo‘lgan akkaunt yuzasidan "yuqori instansiyalarga raddiya" berilganini bildirdi.

957 ga 33

@H_Ketmonov feyk akkaunti faolligi, ayniqsa, Amerika prezidenti saylovi arafasida kuchaydi.

Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp prezident etib saylanishi ortidan soxta Ketmonov yangi saylangan Amerika prezidenti bilan birga "yangi Amerika va yangi O‘zbekiston" qurishga va’da berdi.

Soxta akauntga Xatamjon Ketmonov va Donald Trampning¸ go‘yoki¸ birga tushgan soxta surati ham joylashtirildi.

​@H_Ketmonov nomi ostida tvitlar tarqatayotgan mazkur anonim foydalanuvchi O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga ham o‘ziga xos echim taklif qila boshladi.

Misol uchun, @H_Ketmonov har bir qishloqda qoplamali maydon va har bir mahallada masjid qurishga va’da berdi.

U shuningdek, aroqxo‘rlarga asl alkogolь ichimligi - "Ketmon" arog‘ini taklif qildi

Yo bo‘lmasa, agar prezident etib saylansa, O‘zbekiston byudjetiga o‘z xotinidan ko‘proq e’tibor qaratishga so‘z berdi.

Bundan tashqari @H_Ketmonov millati o‘zbek bo‘lmagan O‘zbekiston vatandoshlariga qarshi keskin tvitlarni ham yo‘lladi.

Soxta Ketmonovning gohida chin, gohida hazil va gohida masxaraomuz fikrlari uni virtual dunyoda birmuncha mashhurlashtirdi.

14 noyabrga kelib, Ketmonov feyk akkauntining Twitterdagi folloverlari soni 957 taga, tvitlari soni esa 4563 taga yetdi.​

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonovning Twitterda ochilgan haqiqiy akkaunti folloverlari esa bor-yo‘g‘i 33ta.

Ozodlik muxbirining soxta akkaunt egasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish urinishlari hozircha natija bermadi.

Virtual obro‘

Internet foydalanuvchilarining soxta Ketmonov tvitlariga bo‘lgan qiziqishini Ozodlik suhbatlashgan ayrim folloverlar o‘zbek jamiyatida muammolarni ochiqcha gapirish imkoni yo‘qligi va ochiq jamiyatga bo‘lgan ehtiyoj bilan izohlashdi.

"Ketmonov trendi judayam kulgilik, u har xil rasmlar va lozunglar bilan odamlar qiziqishini o‘ziga jalb qilayapti. Toshkent va viloyatlarda Ketmonov familiyasi odamlar tilidan tushmayapti," - deydi internet foydalanuvchilaridan biri.

"Buni¸ menimcha¸ faqat hokimiyat va xalq o‘rtasidagi bo‘shliqning chuqurligi bilan izohlash mumkin. O‘zbekistonda oliy mansab egalari oddiy xalqdan iloji boricha uzoq masofa saqlashga urinishadi. Ijtimoiy tarmoqdagi frankerlar ayni imkoniyatdan foydalanib, yuksak natijalarga erishishmoqda," - deydi Facebookdagi Tungi Uyg‘oq foydalanuvchisi.

Soxta Ketmonovning o‘zi so‘nggi kunlarda obro‘si oshib ketganidan¸ hatto bozor-o‘charga chiqa olmay qolganini yozadi.

Soxta Ketmonov qidirilmoqda

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faollaridan biri Ozodlikka Twitterda Ketmonov nomi ostida paydo bo‘lgan soxta akkauntdan partiya rahbariyati xabardor ekanini aytdi.

Ketmonov shtabi vakili esa soxta Ketmonov kimligini aniqlashtirish masalasi bilan partiya raisining o‘rinbosari Rustam Kamilovning "shaxsan o‘zi" shug‘allanayotganini bildirdi.

"Biz Twitterdagi soxta akkaunt bo‘yicha yuqori instantsiyalarga raddiya berganmiz. Hozir bu masala bilan Rustam Kamilovning shaxsan o‘zi shug‘ullanayapti," dedi Ketmonov saylov kampaniyasi shtabi vakili.

​Prezidentlikka nomzod haqiqiy Xatamjon Ketmonov¸ mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra¸ hozirda Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida saylovchilar bilan uchrashmoqda.

Saylovchilar bilan uchrashuvlarda Hotamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturida ish o‘rinlarini ko‘paytirishni asosiy maqsad qilib qo‘ygani to‘g‘risida gapirmoqda.

O‘zbekiston Kommunist partyasi o‘rniga tuzilgan partiyaga rahbarlik qilib kelayotgan 47 yoshli Ketmonov ikkinchi bor prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi.

O‘zbekistonda 2015 yilda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida ham Ketmonov nomzodi prezidentlikka ilgari surilgan edi.

O‘shanda ketmonov O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov bilan bellashgan¸ rasmiy natijalarga ko‘ra¸ saylovchilarning 2¸92 foiz ovozini qozongan edi.

XS
SM
MD
LG