Линклар

Yangiyo‘l tumanidagi davlat korxonalari va tashkilotlarida gaz va elektrdan qarzi bor ishchilarga oylik maoshlari berilmayapti. Yangiyo‘lliklarning Ozodlikka aytishicha, kommunal to‘lovdan qarzi bo‘lmagan ishchilarning ham oyligidan 200 ming so‘mdan ushlab qolinmoqda.

Yangiyo‘ldan Ozodlikka yo‘llangan maktubda aytilishicha, oktabr oyining maoshi tabiiy gaz uchun ushlab qolingan:

“Yangiyo‘l tuman hokimining topshirig‘i bilan tumandagi hamma byudjet tashkilotidagi xodimlarning ish haqini berishni o‘rniga gaz ta’minotidan qarzi yo‘qmi, bormi demasdan oylikning hammasini ushlab qoldi. Qorni och bilan qorni to‘qning nima ish bor degan qabilida ish qilishdi. Ish haqimizdan o‘zi har oyda 50 ming so‘mdan ushlab qolardi, mayli unisiga rozimiz, endi bu qilgan ishlari o‘tib ketdi”, deyiladi Ozodlikka Telegram orqali etib kelgan maktubda.

Yangiyo‘ldagi mahalla fuqarolar yig‘inida ishlovchi bir manbasining Ozodlikka aytishicha, uning oyligining 33 foiz qismini tabiiy gaz uchun ushlab qolishgan:

“Oylik o‘zi 600 ming so‘m. Har oy 50-60 ming so‘mdan gaz-svet uchun deb olib qolishardi. Qarzi bo‘lmasa ham hammadan ushlab qolinardi. Endi esa hammaning oyligidan 200 ming so‘mdan olib qolishdi. Mahalla fuqarolar yig‘inida ishlovchilar oylikni hokimiyatdan olishadi. Hokimning buyrug‘i deyishdi bizga”, deydi manba.

Yangiyo‘l tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra,oktabr oyi maoshi sezilarli darajada kam berilgan:

“Oylik o‘zi 100 foiz plastikka o‘tadi. Mani gaz-svetdan umuman qarzim yo‘q. Hammasi predoplata. Lekin oyligimdan 150 ming so‘mni olib qolishibdi. O‘zi plastikni obnalichka qilib, ancha foiz yo‘qotamiz. Yana bunaqa qilishgani haqiqatdan emas”, deydi yangiyo‘llik o‘qituvchi.

Yangiyo‘l tuman hokimligida ishlovchi manbaning aytishicha, kommunal to‘lovlar uchun oylikdan ushlab qolish yuqorining buyrug‘i bilan amalga oshirilayapti:

“Bu borada Vazirlar Mahkamasining maxsus buyrug‘i bor. Hokim o‘tkazgan yig‘ilishda bu elektr bilan gazdan qarzdorlikning kattaligi bilan izohlandi. Tibbiyot, ta’lim sohasi umuman barcha davlatga qarashli idoralarga bu borada topshirilgan. Keyin hali ham tumanda oylik va pensiyalar to‘la plastikka o‘tmagan. Ularni naqd pul bilan ta’minlashda ham muammo bor. Shu muammoni ham hal qilishning bir yo‘li ekanini aytdi hokimning o‘zi yig‘ilishda”, dedi Yangiyo‘l tuman hokimligida ishlovchi manba.

Yangiyo‘l tuman elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti idoralari rasmiylari aholining qarzdorligiga oid Ozodlik so‘rovlarini javobsiz qoldirishdi. Elektr tarmoqlari idorasi xodimining aytishicha, qarzdorlikka oid raqamlarni sir saqlash topshirilgan.

Keyingi yillarda oylik va pensiyalardan kommunal to‘lovlar uchun majburiy ushlab qolish nafaqat Yangiyo‘lda balki mamlakatning barcha hududlarida muntazam kuzatilmoqda. Aksar hollarda bu naqd pul taqchilligi bilan izohlanayapti.

O‘zbekiston Markaziy banki o‘tgan yilning aprel oyida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni mamlakat iqtisodida naqd pul taqchilligi yuzaga kelgani va bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Ayni paytda mamlakatda elektr va tabiiy gaz ta’minoti muammosi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Aksar qishloq joylarida elektr va tabiiy gaz yillardan beri juda cheklangan miqdorda uzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG