Линклар

Xorazm viloyati tumanlariga Toshkentdan yuborilgan IIV, MXX va prokuraturaning tekshiruvchilar guruhlarini yotoq joyi, uch mahal ovqat va mashina bilan ta’minlash vazifasi mahalliy fermerlar va tadbirkorlarga zimmasiga yuklatilmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlarga ko‘ra, ularning har biridan savdo do‘koni yoki tadbirkorligi ko‘lamiga qarab pul yig‘ilmoqda.

Ozodlikka Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali murojaat qilgan Bog‘ot tumanidagi Qulonqorabog‘ qishlog‘ida yashaydigan tadbirkorlardan birining arz qilishicha, Toshkentdan kelgan tekshiruvchilar guruhlarini boqish uchun ularning har biriga o‘lpon solinmoqda:

“Bugun ertalab mahalla fuqarolar yig‘inidan kelib, tumanimizga Toshkentdan 150ta odam tekshirishga kelibdi, shundan 30 tasi bizning qishloqqa kelar ekan, dedi. Biz magazinchilar, shu tekshiruvchilarni olib yurish, uch mahal ovqati va boshqa xarajatlari uchun 70 ming so‘mdan berishimiz kerak ekan. Fermerlarga bizdan ikki baravar ko‘p o‘lpon solishibdi. Bu hokimning buyrug‘i, bermaganlar esa qora ro‘yxatga tushar ekan”, dedi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan bog‘otlik fermerlardan biri ham ulardan tekshiruvchilar xarajati uchun pul yig‘ib olinganini tasdiqladi:

“Bizning har birimizdan 150 ming so‘mdan pul yig‘ib olishdi. Nima endi, har safar tekshiruvchi kelsa biz ularga pul yig‘ishimiz kerakmi. Axir ularga davlat pul ajratmaydimi? Ilgari xizmat safariga chiqqanlarga komandirovochniy berilardi. Bosh vazirning tekshiruvchilari pulsiz kelishibdida, bechoralar", dedi fermerlardan biri.

Bog‘ot tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi tekshiruvchilar xarajatini hokimlik zimmasiga olganini tasdiqladi, biroq tadbirkor va fermerlardan pul yig‘ib olinayotganini inkor qildi:

“Hokimlikning bunday ishlar uchun o‘zining byudjetidan ajratilgan puli bor. Tadbirkor va fermerlardan hech kim pul yiqqani yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

Xorazm viloyatining Shovot tumaniga ikki yuzdan ortiq tekshiruvchi kelganini va ularning ham xarajatlari korxona va tashkilotlar rahbarlari bo‘yniga qo‘yilganini ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan biri aytdi:

“Bundan o‘n besh kun oldin tuman hokimligida majlis bo‘ldi. Hokim Toshkentdan 205ta tekshiruvchi kelyapti va ularning barcha sarf- xarajatlari bizning bo‘ynimizda, dedi. Bu ish bilan hokim o‘rinbosari shug‘ullanyapti. U tumandagi barcha korxona va tashkilotlarning quvvatiga qarab, qanchadan pul berishini bo‘lib chiqqan. Kambag‘alroq korxona rahbari yoki tadbirkordan ozroq, baquvvatrog‘idan ko‘proq pul olingan. Tekshiruvchilar, korxona va tashkilotlar rahbarlari va fermerlarga majburan sotilgan, lekin hali uy egalari ko‘chib kirmagan namunaviy uylarga joylashtirildi. Hozir tekshiuvchilar asosan, uyma-uy yurib, kim yashayotganini so‘rayapti, xorijga chiqib kelgan odamlarni so‘roq qilyapti”, dedi tadbirkorlardan biri.

O‘zbekistonda Bosh vazir tashkil etgan tekshiruvchilar "desant"ining u yoki bu viloyatlarga tashlanib turilishi tez-tez kuzatiladi.

Kuch ishlatar tizimlari va vazirliklar xodimlaridan tashkil topgan maxsus guruh viloyatda kompleks tekshiruv olib borish uchun yuboriladi.

Bu guruhga Vazirlar Mahkamasidan yoki biror vazirlikdan katta lavozimdagi shaxs rahbarlik qiladi.

Guruh huquq-tartibot idoralari va xalq xo‘jaligining barcha sohalarini tekshirib chiqadi va uning natijalarini shaxsan O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevga taqdim etadi.

XS
SM
MD
LG