Линклар

logo-print

O‘zbekistonning Jahon terrorchilik indeksidagi ko‘rsatkichi bir oz yomonlashdi


O‘tgan yilgi ko‘rsatkichda O‘zbekistonda terror xavfi 0ga teng edi.

O‘tgan yilgi ko‘rsatkichda O‘zbekistonda terror xavfi 0ga teng edi.

Sidneydagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan har yili e’lon qilib boriladigan Global Terrorism Index 2016 (Jahonda terrorchilik indeksi 2016) hisobotida O‘zbekiston terrorchilikdan xoli bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritildi. Hisobotda aytilishicha, so‘nggi to‘rt yil davomida o‘sib borgan terrorchilik hurujlari qurbonlari ko‘rsatkichi 2016 yilda bir oz quyilagan.

Sidneydagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti terror xavfi reytingida O‘zbekiston 162 davlat orasida 117 o‘ringa qo‘yilgan. Espertlar terror xavfini 0dan 10 balgacha bo‘lgan raqam bilan belgilaganlar. O‘zbekistonda terror xavfi, ekspertlar fikricha,0,154 ballni tashkil qiladi. Bu esa 2015 yildagi hisobotda berilgan ko‘rsatkichdan ko‘proqdir.

2015 yilgi Jahondagi terrorchilik indeksi Hisobotida O‘zbekistonga 162 mamlakat ichida eng oxirgi 124 - o‘rin berilgan edi. O‘shanda O‘zbekistonda terrorchilik harakatlari yoki terror xavfi nolga teng deb baholangan.

O‘z nomini aytishimizni istamagan o‘zbekistonlik tahlichilardan biri bir yil ichidagi mazkur o‘zgarishni mamlakatda norozilik potensialining kuchayib borayotgani bilan izohlaydi:

- Terror tahdidi O‘zbekistonning ichkarisida hech qanday nishona bergani yo‘q va berolmaydi ham. Lekin ijtimoiy adolatsizlik, SSSR davrida shakllangan infrastrukturalar rivojlantirilishi o‘rniga amaldor yoki hokimiyatga yaqinlarning talon-toroji tufayli tobora yo‘q bo‘layotgani oqibatida norozilar armiyasining borgan sari saflari kengayayotgani o‘ta tahlikali,- dedi o‘zbekistonlik tahlilchi.

Ozodlik radiosi 2015 yilda O‘zbekistonda IShIDga aloqadorlikda ayblanib Toshkent shahri va viloyatidan kamida 200 dindor qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Hibsga olinayotganlarning asosiy qismi IIV ro‘yxatiga tushgan, kuzatuvida bo‘lgan va so‘nggi oylarda xorijdan qaytgan dindorlardir.

Mintaqa davlatlari orasida reytingda Turkmaniston terrordan holi davlatlar qatorida 130-o‘ringa qo‘yilgan. Biroq reytingda Qirg‘iziston 84-o‘rinda, Qozog‘iston 94-o‘rinda, qayd etiladi. O‘tgan yilgi qo‘rsatkichlarda Qozog‘iston 83-o‘rinda, Qirg‘iziston esa 86 – o‘rinda edi.

Terrorchilik o‘ta rivojlangan davlatlar o‘nligi esa Iroq, Afg‘oniston, Nigeriya, Pokiston, Suriya, Yaman, Somali, Hindiston, Misr va Liviyadan iborat.

Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti hisobotida aytilishicha, 2015 yilda 2014 yilga nisbatan terror hujumlarida qurbon bo‘lganlar soni 10 foizga ozaygan va 29 376 kishini tashkil qildi. 2014 yilda esa terror qurbonlari soni 2013 yilga nisbatan 80 foizga ko‘paygani va 32 ming 685 kishini tashkil qilgan.

Terrorchilardan eng ko‘p talofat ko‘rgan davlat Iroq bo‘lmoqda. Bu davlat iqtisodiyotiga terrorchilar yalpi ichki mahsulotning 17 foizi miqdorida zarar keltirgan.

Dunyodagi terror harakatlaridan halok bo‘lganlarning 72 foizi Iroq, Afg‘oniston, Nigeriya, Pokiston va Suriya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Dunyoda sodir etilgan terror hujumlarining 74 foizi uchun mas’uliyatni “Islomiy davlat”, Boko Haram, Tolibon va Al-Qoida o‘z zimmasiga oldi.

2015 yilda birgina “Islomiy davlat” guruhijahonning turli shaharlarida 252 ta terror hujumlari uyushtirdi. Bu hujumlarda 6 141 odam halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG