Линклар

logo-print

Sentabr oxirida Rossiyaga ish izlab kelgan 33 yashar o‘zbekistonlik ayol 14 noyabr kuni Sankt-Peterburgda vafot etdi.O‘lim haqida Ozodlikka yo‘llangan guvohnomada ayol o‘limining asl sababi uning Orttirilgan immun taqchilligi virusiga(OITV) chalingani ekani yozilgan. Sankt-Peterburgda bu ayolni bilgan o‘zbekistonliklar¸ shahar musulmonlaridan marhumani dafn etish uchun moliyaviy ko‘mak so‘ramoqdalar.

Ozodlikka jo‘natilgan tibbiy hujjat va o‘lim haqidagi guvohnoma nusxasida¸ toshkentlik 33 yashar M.ning (Ozodlik marhumaning to‘liq-ismi sharifi va propiska manzilini ochiqlamaslikka qaror qildi – tahr.) 14 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 15:10 da olamdan o‘tgani qayd etilgan.

33 yashar toshkentlik M. o‘limiga oid rasmiy guvohnoma nusxasi.

33 yashar toshkentlik M. o‘limiga oid rasmiy guvohnoma nusxasi.

Marhumani ancha yil avval Toshkentda uzoqdan tanigan¸ o‘limidan oldin bir oycha u bilan birga ishlagan suhbatdoshga ko‘ra¸ bu ayol sentabr oyi oxirlarida Odnoklassnikida tanishgan yigitga turmushga chiqib¸ yangi hayot boshlash niyatida¸ avvaliga Samaraga borgan:

- U O‘zbekistondan boshqa joyga chiqmagan ekan. Toshkentda nima ish bilan shug‘ullanganidan xabarim yo‘q. Meni Internetdan qidirib topib¸ Samaradagi yigit hadeb chaqiraverganidan keyin¸ uning oldiga kelayotganini aytdi. Ammo bu yigit unga nisbatan o‘ta yomon munosabatda bo‘lganidan keyin¸(zo‘rlagan¸ kaltaklagan) Samaradan qochib Sankt-Peterburgga keldi. Xo‘jayinim bilan uni vokzalda kutib oldik¸ kvartiraga joylashtirdik¸ optoviy bozordan ish topib berdik. Bu yerda 10 kuncha ishlaganidan keyin¸ shamollab yotib qoldi. Isitmasi tushavermay¸ ahvoli yomonlashgandan keyin¸ 23 oktabr kuni tez yordam chaqirishdik. Uch kun o‘tib¸ reanimatsiyaga o‘tkazishdi. Bizga na o‘zi¸ na vrachlar diagnozini aytishmadi. Bolnitsadan o‘tgan kun telefon qilib¸ uning o‘lganini aytishdi. Bugun qo‘limizga o‘lim haqidagi qog‘ozni berishdi. Unda pnevmoniya¸ gepatit S va VICh infeksiya¸ deb yozilgan. Biz buni umuman bilmaganmiz¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan Sankt-Peterburgda ishlayotgan toshkentlik muhojir ayol.

Marhumaga oid tibbiy ko‘rik xulosasida¸ uning pnevmoniya¸ gepatit S va OITVdan vafot etgani qayd qilingan.

Marhumaga oid tibbiy ko‘rik xulosasida¸ uning pnevmoniya¸ gepatit S va OITVdan vafot etgani qayd qilingan.

O‘zi bilib-bilmay OITV yuqtirgan bu ayolni Sankt-Peterburgda qisqa vaqt tanigan o‘zbekistonliklar¸ uning jasadini qaerga¸ qanday ko‘mishni bilmay hayratda ekanlarini aytishdi.

M.ning Toshkentdagi o‘gay singlisi va boshqa qarindoshlari manzil-telefonini topib¸ ularga bo‘lgan voqeani aytib berishganda¸ toshkentdagilar “jasadni yoqib yuboringlar bizga desa¸ mahallada isnodga qolishni xohlamaymiz”¸ deb javob berishgan.

Ozodlikka murojaat qilganlar¸ “musulmon bo‘lib turib¸ qanday o‘likni ko‘chada qoldiramiz¸ uni tuproqqa topshirish bizga farz”¸ degan o‘yda Sankt-Peterburgdagi o‘zbekistonliklarga yordam so‘rab murojaat qilganliklari¸ hozircha bozordagi musulmonlardan 15 ming rublь to‘planganini bildirishdi.

“Sankt-Peterburgdagi masjidga ham bordik¸ ular o‘zimiz pulga muhtojmiz¸ deb javob qaytarishdi. Toshkentga yuborsak¸ u yerda savobtalablar ko‘mar¸ desak 200 mingga tusharkan. Bu yerda musulmon qabristoniga ko‘mishga ham kamida 100 ming rubl kerak¸ deyishdi. Uyidagilar aytgandek¸ yondirib yuboringlar desak¸ musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi”¸ deydi o‘zbekistonlik ayolni ko‘mish uchun mablag‘ to‘plashga urinayotgan toshkentlik yigit.

Ozodlik orqali Rossiyadagi o‘zbekistonliklar jamoasi¸ xususan¸ bevosita Sankt-Peterburgda yashayotgan o‘zbek muhojirlariga murojaat qilgan bu suhbatdoshlar¸ vafot etgan vatandoshni ko‘mishga xayriya qilmoqchi bo‘lganlardanbu yordamni kimga¸ qanday yetkazish borasida so‘nggi ma’lumot uchun +79312080340 raqamiga telefon qilishni so‘radilar.

XS
SM
MD
LG