Линклар

logo-print

O‘zbek muhojiri xotini uni IShIDga qo‘shilishga undaganidan arz qildi


"IShID xavfi"ni oshirishda Rossiya OAVi o‘rni katta

"IShID xavfi"ni oshirishda Rossiya OAVi o‘rni katta

Moskvaning Janubi-Sharqiy okrugida politsiyaga kelgan muhojir xotini uni IShIDga qo‘shilishga va poytaxt metrosida portlash uyushtirishga da’vat etayotgani ustidan shikoyat qildi. Mahalliy axborot vositalarida tarqatilgan bu xabarga ko‘ra, er-xotin politsiyaga keltirilgan. Rossiyada esa IShIDga aloqadorlikda gumonlanib hibs etilayotgan ayol va erkaklar soni ko‘paymoqda.

Lutfillo xotinidan arz qildi

2016 yilning 15 noyabrida Moskvaning janubi-sharqidagi politsiya bo‘limlaridan biriga O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilgan muhojir o‘z xotini ustidan arz qilib murojaat qildi.

“Bloknot” nashri bergan bu xabarga ko‘ra, Lutfillo ismli mehnat muhojiri rafiqasi uni IShID jangarilar guruhiga a’zo bo‘lish, boz ustiga “Moskva metropolitenida terrorchilik amaliyotini uyushtirishga” undagan.

Ayolining bu niyatlaridan xavotirga tushgan o‘zbek muhojiri politsiyaga murojaat qilishga qaror qilgani aytildi.

- Hozir bu shaxs Ekstremizmga qarshi kurash markaziga olib kelindi. Uning rafiqasini hibsga olish masalasi ko‘rilmoqda, deb yozdi “Bloknot” mahalliy huquq muxofazasi idoralaridagi manbasiga tayangan holda.

Axborot agentligi Lutfillo va uning xotini O‘zbekiston vatandoshlari ekanini xabar qilmoqda. Aniqlanishicha, bu shaxs Rossiya Federatsiyasida noqonuniy yashab kelgan, o‘tgan yilning o‘zida politsiya uni ikki marotaba hibsga olgan, ammo sud har ikkala marotaba uni majburiy deportatsiya qilmaslik to‘g‘risida qaror chiqargan. Nashrga ko‘ra, oddiy jarima bilan vaziyatdan quruq chiqqan o‘zbekistonlik migrant Rossiyani tark etishga yoki hech bo‘lmaganda hujjatlarni rasmiylashtirishga shoshilmasdan yuravergan.

Shu orada Lutfillo Moskvada uylanishga ulgurgan, ikkita farzandli bo‘lgan.

Moskva shahri Janubi-Sharqiy okrug bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasida Ozodlik so‘roviga bunday xabar borasida ma’lumotga ega emasliklarini bildirishdi.

Mumkin, bu boshqa okrugda sodir bo‘lgandir. Biz bunday voqea to‘g‘risida xabarimiz yo‘q, dedi politsiya boshqarmasi navbatchi ofitseri.

“Mening xotinim terrorchi!”

Bundan oldinroq moskvalik 65 yoshli Grigoriy Brindinov ham o‘zining 60 yashar xotini ustidan politsiyaga shikoyat qilgan edi.

Nafaqaxo‘rning aytishicha, ayoli “oilaviy byudjetni yaxshilash maqsadida” uni IShIDga qo‘shilishga majburlagan. Brindinov ham Vladimir Putin olib borayotgan siyosatga qarshi gaplarni gapirib kelgan rafiqasini radikal oqimlarga aloqadorligini tekshirish va unga qarshi jinoiy ish ochishni talab qilib kelgan.

Ta’kidlash joyizki, joriy yilning iyun oxirlarida Rossiya parlamenti “jinoyat to‘g‘risida xabar bermagan” odamlar jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida qonun qabul qilgan edi.

“Yarovaya qonunlari” deb nom olgan yangi tartibga ko‘ra, vatandoshlar “xalqaro terrorchilikdan” “Rossiya yaxlitligiga qarshi qurolli isyon” borasida tinimsiz xabar berib turishlari shartligini belgilab qo‘yilgan edi.

O‘zbek muhojirlari ham Moskva metrosida portlash uyushtirishda birinchi marotaba ayblanayotgani yo‘q. O‘tgan yilning oktyabrida Rossiya poytaxtida 10 nafar migrant, jumladan o‘zbek muhojiri portlash uyushtirishda ayblanib qo‘lga olingan edi. Biroq, biroz vaqtdan keyin ularning aksari mutlaqo aybsizligi tufayli ozodlikka chiqarilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Shuningdek, 2016 yilning iyunida Tula shahar sudi “terrorchilik akti borasida yolg‘on ma’lumot bergan” 32 yashar O‘zbekiston vatandoshi Quvonchbek Abdinazarovni aybdor deb topib, 15 ming rubllik jarimaga tortgan edi.

Abdunazarov 2016 yilning 21 mart kuni Tulaning Kosaya Gora qo‘rg‘onida o‘z tanishi bilan spirtli ichimlik ichgan va to‘satdan O‘zbekistodan Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga xotini uchib kelayotganini eslagan. O‘z mobil telefonidan u “112 xizmati”ga telefon qilgan va Sheremetyevo aeroportiga terrorchilar bomba qo‘ygani va xotiniga tahdid qilaëtganini bildirgan.

Terrorchilikda ayblangan muhojirning ayoli hibsga olindi

So‘nggi paytlarda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan "Islom davlati" jangarilariga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olinayotgan va javobgarlikka tortilayotgan muhojirlar soni keskin ko‘paygani kuzatilmoqda.

13 noyabr kuni Rossiya FSBsi Nijniy Novgorodda otib o‘ldirilgan, kelib chiqishi o‘zbekistonlik ekani taxmin qilingan Igor Daurbekovning rafiqasi Annani ham hibsga olganini ochiqladi.

Shu yilning 23 oktabrida Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida mamlakat xavfsizlik kuchlari maxsus amaliyot payti terrorchilikda gumonlangan ikki odamni otib o‘ldirgani, yana birini qo‘lga olgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Hibsga olingan va otib o‘ldirilgan shaxslar O‘zbekiston vatandoshlari ekani, biroq keyinroq ular Rossiya fuqaroligini qabul qilgani aytildi.

FSB xabariga ko‘ra, Daurbekovlar oilasida olib borilgan tintuv natijasida ekstremistik adabiyot va IShID bayrog‘i topilgan. Fsbchilar “jinoyatchilar Nijniy Novgorodda qator portlash aksiyalarini uyushtirmoqchi” bo‘lganini iddao qilmoqda.

Mahalliy jurnalistlar bu shaxslarning IShIDga aloqasi borligiga jiddiy shubha bildirdi.

Ayni damda, Tvitter tarmog‘i orqali IShID Nijniy Novgoroddagi terrorchilik amaliyotiga aloqasi borligini tasdiqlovchi yozuv paydo bo‘ldi.

“Amaq xabar kiladiki, ikki nafar IShID jangchisi 23 oktabr kuni Nijniy Novgorodda qurolli hujum uyushtirdi”, deyiladi Tvitter tarmog‘i orqali tarqatilgan xabarda.

XS
SM
MD
LG