Линклар

Qirg‘izistonda Stalinga haykal o‘rnatishmoqchi


Bishkekda Stalinga haykal o‘rnatmoqchi bo‘lgan yosh kommunistlardan biri.

Bishkekda Stalinga haykal o‘rnatmoqchi bo‘lgan yosh kommunistlardan biri.

Qirg‘iziston Komunistlar partiyasi Iosif Stalinga yodgorlik o‘rnatish uchun aholidan imzo va pul yig‘ishni boshladi. Stalin haykalini o‘rnatish tashabbusi Qirg‘iziston Kommunistlar partiyasining yoshlar qanoti tomonidan ko‘tarilgan. Ular yolgorlik maketini tayyorlab, haykalni poytaxt Bishkekdagi “Yosh gvardiya” bog‘ko‘chasida o‘rnatishni rejalashtirgan.

Yosh “stalinchilardan” biri Jalil Japiev Stalinga yodgorlik o‘rnatish tashabbusini bir necha ming odam qo‘llaganini aytdi:

- Hozir imzo yig‘ayapmiz. Odamlar kelishayapti.Uch - to‘rtmingga yaqin imzo yig‘dik. Ko‘proq oddiy nafaqaxo‘rlar 50-100 so‘mdan berishayapti. 500 so‘mdan 1000 so‘mgacha berganlar ham bor. Xudo xohlasa haykalni Stalinning tug‘ilgan kunida,ya’ni 21 dekabrda ochishni rejalayapmiz, -dedi Jalil Japiev.

Kommunistlar tashabbusi jamoatchilik orasida bahslarni paydo qildi. Internet foydalanuvchilarining ko‘pchiligi o‘n minglab qirg‘izistonliklarni repressiya qilgan rejim rahbari Stalinga yodgorlik o‘rnatishni manqurtlik sifatida baholadi. Shunday fikrdagi qirg‘izistonliklardan biri taniqli jamoat arbobi Edil Baysalovdir.

- Stalinga haykal o‘rnatamiz deyish – qirg‘iz xalqiga xiyonat qilishdir. Bu milliy, davlat g‘oyasining yo‘qligi sababli bo‘layapti. Bir so‘z bilan aytganda bu manqurtlikdir. Stalin repressiyalari bizda katta masshtabda bo‘lgan. Har bir qishloq, har bir brigadadan odamlar otilgan. O‘n minglab odamlar surgun qilingan, o‘ldirilgan. Biz buning barchasini unutib, 138 kishinigina eslayapmiz, -deydi Edil Baysalov.

Baysalov postsovet mamlakatlarida Lenin haykallari buzilib, sovet-totalitarrejimini halq allaqachon esidan chiqarganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, Qirg‘iziston parlamenti deputati, kommunist Ishak Masaliev yosh "stalinchilar" tashabbusini qo‘llaydi. U yodgorlik uchun o‘z hisobidan mablag‘ ajratishga ham tayyor. Masaliev Stalinga haykal o‘rnatish zarurati sababini quydagicha izohlaydi.

- SSSR tashkil etilayotganida Qirg‘iziston SSRning paydo bo‘lishida Stalinning xizmati juda katta bo‘lgan. Qozog‘iston va O‘zbekistonning o‘sha davrdagi erlarini Turkiston davlatiga aylantirish harakatlari bo‘lgan. Biroq Stalin shaxsan o‘zi “Mana bu yer Qirg‘iziston bo‘lsin”, deb haritaga qizil qalam bilan chizib, qaror chiqargan. Kommunisttik partiya repressiyani to‘la tan olib, ayrim odamlarni oqlagan. Ularning nomlari ko‘chalarga berilgan. Bu manqurtlik emas, -deydi Ishak Masaliev.

Masaliev rahbarligidagi kommunistlar iddaolarini tarixchi Do‘o‘lo‘tbek Saparaliev to‘la inkor qiladi. Unga ko‘ra, Stalin SSSRni bashqarayotganda “xalq dushmani” degan iddao bilan birgina Qirg‘izistonada 40 minga yaqin odam repressiya qilingan.

- Stalinga haykal o‘rnatish noo‘rin tashabbus. U aksincha qirg‘iz xalqi mustaqilligi uchun kurashgan ziyolilar vakillarini repressiya qilgan, ottirgan.Jami 40 minga yaqin qirg‘iz Stalin repressiyasi qurboni bo‘lgan. Tarixni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Asosan yosh avlodga tariximizni eslatib, repressiya qurbonlarini eslab turishimiz kerak, -deydi Do‘o‘lo‘tbek Saparaliev.

Stalin hukumronligi davrida SSSRda jami 20 millionga yaqin odam ayovsiz qiynoqlarga solinib, repressiya qilingan. Yuz minglab begunoh odam otilgan.

8 noyabr Qirg‘izistonda Respressiya qurbonlarini xotirlash kuni deb e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG