Линклар

Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti (NATO) Toshkentdagi Aloqa markazini yopishga qaror qildi. NATO rasmiylariga ko‘ra, 2017 yildan boshlab tashkilotning Toshkentdagi bo‘linmasi ishi Bryusseldagi markaziy idoraga ko‘chirilishiga qaramasdan, O‘zbekiston bilan hamkorlik davom ettiriladi.

NATOning Toshkentdagi Aloqa markazi 2017 yilning mart oyidan boshlab o‘z ishini to‘xtatadi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan Bryusseldagi ismini ochiqlamgan NATO mulozimiga ko‘ra, bunday qarorning qabul qilinishiga ichki byudjetga bog‘liq masalalar sabab bo‘lgan.

- NATOning Markaziy Osiyodagi Aloqa ofisi darhaqiqat 2017 yilning mart oyidan o‘z ishini to‘xtatadi. Bu qaror ichki byudjetni qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq, aslo siyosiy tusga ega emas. Bizga O‘zbekiston yoki boshqa hamkor bo‘lgan davlatlar bosim qilgani yo‘q. Aksincha, mintaqada bizni yaxshi qabul qilishgan. Markaziy Osiyo NATO uchun strategik ahamiyatga egaligini saqlab qoladi. O‘zbekiston bilan hamkorlik davom etadi va apreldan boshlab o‘zaro aloqalar bevosita Bryusseldan boshqariladi, dedi NATO vakili.

U NATO bilan turli ko‘rinishda hamkorlik qilayotgan mamlakatlar o‘z manfaatlari va ixtiyori nuqtai nazaridan boshqa harbiy ittifoqlar yoki xavfsizlik tashkilotlariga a’zo bo‘lishlariga to‘sqinlik qilinmasligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

NATO vakili, xususan, O‘zbekiston bilan ayniqsa Afg‘oniston masalasida ulkan hamkorlik ishlari olib borilganini ta’kidladi.

NATO va AQSh hozirga qadar Afg‘onistondan jangovar qo‘shinlarni olib chiqishda O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanib kelgan.

Shimoliy Alyansning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqa va hamkorlik byurosi Toshkentda 2013 yilning avgustida ochilgan edi. Shuningdek, 2014 yilning may oyida O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida qoshida NATOning Depozitar kutubxonasi ishga tushirilgan.

Germaniya Busveri askarlari Termiz aerodromida

Germaniya Busveri askarlari Termiz aerodromida

Bugunga kelib NATO harbiy bloki dunyoda 41 hamkorga ega bo‘lib, ular qatorida O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham bor. O‘zbekiston 1994 yildan buyon NATO bilan “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturi asosida hamkorlik qilib keladi, 1996 yildan boshlab esa O‘zbekiston bilan “Individual sheriklik va hamkorlik dasturlari” asosida ish olib boriladi.

Hozirga kelib O‘zbekiston Shimoliy Alyans bilan 4 dastur asosida sheriklik qilib kelishi ma’lum.

Jumladan, NATO instruktorlari yordamida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari askarlari BMTning tinchlik amaliyot mashqlarida ishtirok etgan.

NATO bilan O‘zbekiston o‘rtasida ko‘p yillik sheriklik mavjudligiga qaramasdan, 2015 yilning yanvarida O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimov mamlakat “hech qaysi bir harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi, o‘z hududida harbiy bazalarni joylashtirmaslik” to‘g‘risida bayonot bergan edi.

2001 yil 11 sentabr hujumlaridan so‘ng AQSh va NATO ittifoqchilari O‘zbekistonning Xonobod harbiy bazasidan foydalana boshladi.

Ammo, 2005 yilda Andijon voqealari ortidan O‘zbekiston Amerika harbiylarini o‘z hududidan chiqarib yubordi.

Rossiya Markaziy Osiyoda NATOning nufuzi oshishiga qarshi qarshi chiqib keladi. Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Rossiya etakchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXShT) a’zodir .

O‘zbekiston 2012 yilda KXShTdan chiqib ketgan edi.

Shuningdek, Tojkiston bilan Qirg‘iziston hududlarida Rossiya harbiy bazalari mavjud.

XS
SM
MD
LG