Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:41

Viloyat hokimlari Mirziyoev bilan uchrashishga "maddohlarni hozirlamoqda"


Shavkat Mirziyoev.
Shavkat Mirziyoev.

15-16 noyabr kunlari O‘zbekiston prezidentligiga nomzod¸ muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev Surxondaryo va Qashqadaryoga bordi va bu yerda qator videouchrashuvlar o‘tkazdi. Mahalliy matbuot¸ bu uchrashuvlarda nomzodning “islohotlar samarasi bilan tanishib”¸ saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirayotgani¸ oddiy xalqning bu dastur yuzasidan fikrlarini eshitayotganini yozmoqda. Ozodlikka xabar yo‘llagan saylovchilar esa¸mahalliy hokimlar Mirziyoev keladigan hududlarning har bir qarichini yuvdirib-yalatib¸ u bilan uchrashuvga kiradiganlarni maddohlik qilishga haftalab maxsus hozirlaganini bildirmoqda.

Shavkat Mirziyoevning Surxondaryo va Qashqadaryoda saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvini yoritgan o‘zbek mahalliy nashrlari videokonferensiya shaklida uyushtirilgan bu yig‘inlarda so‘zga chiqqanlarning muvaqqat prezident taqdim qilgan saylovoldi dasturiga yuqori baho berishganini alohida ta’kidlamoqda.

“So‘zga chiqqanlar dasturda belgilangan vazifalar mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi”¸ deyiladi Shavkat Mirziyoevning ikkala janubiy viloyatdagi uchrashuvi haqida xabar qilgan mahalliy nashrlar.

Xushomadgo‘ylar musobaqasi

Shavkat Mirziyoevning Surxondaryodagi uchrashuviga hozirlikni bevosita kuzatgan Ozodlik manbasi¸ Termizdagi uchrashuv misolida¸ 4 dekabr kungi saylovlarda prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoevga muammolarni ochiq aytish o‘rniga¸ bunday yig‘inlarning unga laganbardorlik musobaqasiga aylanganidan xavotir bildirdi.

Hammangizga ma’lumki¸ Sh.M.Mirziyoev oxirgi vaqtlarda viloyatlarga borib tekshirish va saylov oldi chiqishlari qilmoqda, biroq viloyat hokimlari viloyatdagi kamchiliklarni, xalq dardini Respublika rahbarini oldiga tashlash o‘rniga ommaviy laganbardorlik bilan shug‘ullanib, oldindan haftalar davomida tayyorlangan tadbirkor va fermerlarni so‘zga chiqarib, Sh.M.Mirziyoevga tasannolar ayttirishmoqda. Xususan Surxondaryo viloyat hokimi Sh.M.Mirziyoevni viloyatga kelib qolishini poylab bir haftadan buyon tadbirkorlarni uyiga qo‘yib yubormasdan, oldindan tuzilgan chiqishlarni yodlatib yotipti. Kelajakda ma’muriy rahbarlarni bu kabi uzoqni ko‘rmasidan qilayotgan harakatlari yana Respublika rahbariyatini xalq dardini bilmasligiga olib keladi¸ deb qo‘rqaman. Xuddi shu xatolik I.Karimovning ko‘zini ham parda bilan qoplagan va Respublika rahbariyatining xalqdan uzilishiga sabab bo‘lgan edi”¸ deb yozdi o‘z shaxsi ochiqlanishini istamagan surxonlik tadbirkorlardan biri.

95 yashar Angor bobo Mirziyoev Surxondaryoga kelib¸ xalq bilan uchrashar ekan¸ degan xabarni eshitib¸ o‘zi yashaydigan tumanning katta ko‘chasi yoqasiga chiqib o‘tirgani¸ mabodo muvaqqat prezident bu yo‘ldan o‘tib qolsa¸ uni to‘xtatishga urinib ko‘rmoqchi bo‘lganini aytadi:

- Qo‘limga tayog‘imni olib¸ katta yo‘lning bo‘yicha chiqib o‘tirdim. O‘zbekiston bayrog‘ini silkitib tursam¸ men qariyani ko‘rib to‘xtar¸ hol-ahvol so‘rar deb o‘yladim. Lekin bu yo‘ldan o‘tmadi¸ boshqa yo‘ldan ketgan bo‘lsa kerak. O‘tganda ham bizga kelmay ketuvdi¸ deydi surxonlik Angor bobo.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra¸ prezidentlikka nomzod Mirziyoev bu viloyatda ham o‘zi bilan uchrashaman¸ xalq dardini aytaman¸ deganlar bilan uchrashmasdan viloyat hokimligi chig‘irig‘idan o‘tib¸ aytadigan gapi necha martalab qaychilanib¸ bezatilgan “saylovchilar” - Mehnat faxriysi X.Tangriev, O‘zbekiston xalq shoiri S.Sayyid, "Nuroniy" jamg‘armasi Qiziriq tumani bo‘limi raisi Y.Beknazarov, baxshi S.Shoydilov” kabilarning otashin maqtov va xushomadlarini eshitib qaytib ketgan.

Shahrisabzga sayohat

16 noyabr kuni Qashqadaryoga qilgan safari doirasida muvaqqat prezident Shahrisabzga ham bordi. Ozodlik suhbatlashgan shahrisabzlik tadbirkor ayol Mirziyoev kelishiga hokimiyat vakillari kechayu kunduz tayyorgarlik ko‘rishgani¸ hamma yoqni yaltillatib chiqishganini aytadi:

- Kecha keldilar. Shahrisabzda 1-temir yo‘l bor¸ poezd vokzali¸ shu yerga borib¸ yig‘ilish o‘tkaziptilar. Kollejga bordilar¸ ancha majlislar qiliptilar. Men Mirziyoev o‘tganda sentrda edim¸ hamma yoqni yopib tashlashdi¸ domlarni odiga melisa qo‘yib tashladi¸ xalq chiqmasin deb. Maydonlar¸ o‘tadigan yo‘llarni ikki-uch kun rosa yuvdirib¸ yaltillatdi hokimiyatdagilar. Davlat idoralarida ishlovchilar yuvdi hamma yoqni. Kelganigacha bozorlarni yopib tashladi¸ hech kimni¸ hatto nonchilarni qo‘ymadi¸ mabodo kirib qolsa deb¸ bolnitsani rosa bezatishdi. Lekin bozorgayam¸ bolnitsagayam kirmay o‘tib ketdi¸ deydi Mirziyoev tashrifiga Shahrisabzda ko‘rilgan hozirliklarni bevosita kuzatgan mahalliy tadbirkor.

Bo‘lajak prezidentga aytar gapimiz ko‘p....

Ozodlikning Surxondaryo va Qashqadaryodagi suhbatdoshlari¸ o‘zlarining ham “saylovchi” ekani¸ mabodo Mirziyoev bilan uchrashish imkoni berilsa¸ unga aytar gaplari serobligini ta’kidladilar:

- Birinchi o‘rinda meditsinaning ahvolini aytardim. Vrachlarning 70-80 foizi uning ko‘zga termilib¸ oq xalatiga ishonib¸ yordam so‘ragan odamni odam o‘rnida ko‘rmaydi¸ faqat qo‘liga qaraydi. Ularning asosiy ishi aptekadagilar bilan kelishib¸ bir tiyinlik foydasi yo‘q dorilarni xalqqa aldab o‘tkazish¸ pul qilish bo‘lib qolgan. Bular korrupsiyaga botib ketgan¸ deydi yaqinda bir hafta kasalxonada yopib¸ ahvolning naqadar abgorligidan qo‘rqib ketganini ta’kidlagan surxonlik otaxon.

Shahrisabzlik tadbirkor ayol ham prezidentlikka asosiy nomzoddan sog‘liqni saqlash tizimi ahvolini yaxshilash¸xususan¸ bu tizimni falaj qilgan korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlashni so‘ragan bo‘lishini ayatdi:

- Essizgina¸ bolnitsaga kirmay ketdi. Kirsa¸ balki o‘z ko‘zi bilan ko‘rib¸ bilardi ahvolning qanaqaligini. Korrupsiyaga qarshi kurashaman¸ deyaptiku¸ lekin amalda hali biror alomatini ko‘rmadik. Xalq 4 dekabrdan keyin bir narsa qilar¸ deb ishonib o‘tiribdi¸ deydi shahrisabzlik suhbatdosh.

4 dekabr kuni o‘tkazilajak saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod o‘laroq amaldagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev, Xalq-demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, Milliy tiklanish partiyasidan Sarvar Otamurodov va Adolat partiyasidan Narimon Umarov ro‘yxatga olingan.

XS
SM
MD
LG