Линклар

Toshkentda kelin-kuyov yoshi-yu ZAGS qog‘ozini to‘yxonalar tekshiradi. Ekoharakat vakili O‘zbekistonda yaqin yillarda suv zaxiralari 20 foizgacha kamayishidan ogohlantirdi. Andijonning Buloqboshisida muqaddam sudlangan shaxs 3000 so‘mni deb tanishini chavaqladi.

_______________________________________________________________

Toshkentdagi to‘yxonalarga kelin-kuyovning yoshiga oid ma’lumotni talab qilish majburiyati yuklandi

Toshkentdagi to‘yxonalarga kelin-kuyovning yoshi va FHDYoga ariza bergan-bermaganiga oid ma’lumotlarni talab qilish majburiyati yuklandi (“Hurriyat”, 16 noyabr). Toshkent shahri hokimi joriy yil 20 oktabrda imzolagan nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga qaratilgan 947-sonli qarorda ana shu talab ilgari surilgan. Qayd etilishicha, mazkur talab erta nikohning oldini olish, kasb-hunar kollejida o‘qiyotgan qizlarning turmushga chiqishi hollariga barham berish hamda faqat shar’iy nikoh asosida oila qurishga chek qo‘yish maqsadida joriy etilgan. Toshkent shahri hokimligi Axborot xizmatiga ko‘ra, oxirgi besh yilda Toshkentda oilaviy ajrimlar soni uch barobarga oshgan va har yili o‘rtacha 4000-4500 ta oilada ajrim qayd etilmoqda.

Ekoharakat vakili O‘zbekistonda 2020 yili suv zaxiralari 15-20 foizga kamayishidan ogohlantirdi

2020 yilga borib O‘zbekiston aholisi 32 milliondan ortib, suv zaxiralarining hajmi 15-20 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda (“Jamiyat”, 2016 yil 45-son). “Bu esa yer usti va yer osti suvlaridan ichimlik suvi sifatida foydalanish yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi. Shu bois yaqin yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, shaharlarda chiqarilayotgan ifloslangan suvlarni tozalash bo‘yicha eng ilg‘or va samarali texnologiyalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish vaqti keldi” deb hisoblaydi O‘zbekiston Ekoharakati koordinatori Feruza G‘anieva. Bu borada oqova suvlar miqdorini qisqartirish, ularning daryo va havzalarga tashlanishiga barham berish tavsiya etilgan. Ekoharakat vakilining ogohlantirishiga ko‘ra, suvni tejash va asrash bo‘yicha aniq choralar tizimli ravishda qo‘llanmasa, halokatli oqibatlar ro‘y berishi mumkin.

3000 so‘m uchun chavaqlangan tanish

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro 3000 so‘mni deb tanishini chavaqladi (“Kuch – adolatda”, 2016 yil 43-son). Jinoyat ishlari bo‘yicha Buloqboshi tumani sudi raisi D. Nuralievga ko‘ra, jinoyatga tanishlarning o‘zaro hazili sabab bo‘lgan. Muqaddam sudlangan yigit bilyardxonada tanishini uchratib qoladi. Tanishi sudlanuvchi bilan hazillashib, uning qo‘lidagi 3000 so‘mni olib qo‘yadi. Yigit bir necha marta so‘raganiga qaramay, tanishi 3000 so‘mni qaytarib bermaydi. Bundan asabi buzilgan sudlanuvchi tanishini chavaqlab, qip-qizil qonga bo‘yaydi. Jinoyat ishning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan. Sudlanuvchiga tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG