Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:54

O‘zbek chegarachilari o‘zbekistonlik tadbirkorlarni O‘shga chiqarmadi


O‘shda 17 noyabrda o‘tkazilgan Farg‘ona savdo iqtisodiy forumiga O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari kelmadi.
O‘shda 17 noyabrda o‘tkazilgan Farg‘ona savdo iqtisodiy forumiga O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari kelmadi.

O‘shda 17 noyabrda o‘tkazilgan Farg‘ona savdo iqtisodiy forumiga O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari kelmadi. Tashkilotchilarning bildirishlaricha, O‘zbekiston chegarachilari forumga kelgan o‘zbek tadbirkorlarini chegaradan Qirg‘iziston tomonga o‘tkazmagan.

Farg‘ona savdo iqtisodiy forumiga O‘zbekiston va tojikistonlik tadbirkorlar kelishi o‘zgacha ruxda kutilayotgan edi. Biroq O‘sh shahrida uch mamlakat o‘rtasida tijoriy munosabatlar muhokamasiga ular kelmadi.

Forum tashkilotchilaridan biri, “O‘sh-JIA” biznes assotsiatsiyasi raisi Qanatbek Aqaev buning sabablari noma’lumligini aytdi:

- Hukumat ham Qirg‘iziston - O‘zbekistonning ikki tomonlama do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishdan manfaatdor edi. Buning ortidan Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tadbirkorlari ham tadbirkorlik yo‘nalishida hamkorlikni boshlasak, degan umidda edik. Ularga taklifnomalarni yuborganmiz. Biroq hozircha noma’lum sabablarga ko‘ra, ular kelisholmay qoldi. Biroq bu katta muammo emas. Xudo xohlasa bunday forumlar yana o‘tkaziladi, - deydi Qanatbek Aqaev.

Qirg‘iz matbuoti tarqatgan ayrim xabarlarga qaraganda, tojikistonlik tadbirkorlar ayrim hujjatlari yetarli bo‘lmagani uchun forumga kelolmagan. O‘zbekistonlik tadbirkorlarni esa o‘zbek chegarachilari Qirg‘izistonga chegaradan o‘tkazmagan.

-O‘zbekiston tadbirkorlari qirg‘iz-o‘zbek chegarasiga qadar kelishgan. Biroq “Do‘stlik” chegara bekatida ularni O‘zbekiston chegara xizmati o‘tkazmay qo‘ygani ma’lum qilindi,- deb xabar berdi Ozodlikning qirg‘iz xizmati.

Holbuki, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov oktabr oyida O‘shga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning tiklanishiga Toshkent katta e’tibor qaratishini aytgan edi:

- Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasida yigirmadan ortiq hukumatlararo, ellikdan ortiq idoralararo kelishimlar bor. Bizning oramizda juda katta iqtisodiy potentsial foydalanilmayapti. Bir-birimizga mahsulot ayriboshlash bo‘yicha ham imkoniyatlarimiz keng. Xudo xohlasa shularning barchasini yo‘lga qo‘yishni boshlaymiz, - degan edi Adham Ikromov.

Forumda hozirda Qirg‘iziston sust bo‘lsa ham O‘zbekiston va Tojikiston bilan savdo aloqalariga ega ekani qayd etildi.

Masalan, O‘shda ishlab chiqarilayotgan rangli televizor va kir yuvish mashinalari hozir asosan Tojikiston va O‘zbekistonga eksport qilinayotgani, qo‘shni davlatlar Qirg‘izistondan, shuningdek, qoqi mahsulotlarni ham sotib olayotgani aytildi.

Qirg‘iziston Jo‘g‘o‘rqu Keneshi deputati Abduvahob Nurbaev bu munosabatlar yana ham rivojlanishiga ishonishini aytadi:

- Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga demokratik yo‘lda rivojlanayotgan davlat sifatida Yevropaga 6 mingta mahsulot turini boj to‘lovisiz olib kirish huquqiga ega bo‘lgan mamlakat maqomini bergan. Bu O‘zbekiston va Tojikiston tadbirkorlari uchun ham o‘ta manfaatli vaziyatdir. Ya’ni ular Qirg‘izistonda ham ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etib, mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin, - dedi Abduvahob Nurbaev.

Qirg‘izistonning 130 kishilik delegatsiyasi 1 oktabr kuni Toshkent taklifi bilan Andijon shahriga borgan edi. Bu so‘nggi 20 yilda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga birinchi marta tashrif qilgan eng yirik delegatsiya bo‘ldi.

Andijonda o‘tgan uchrashuvda chegara oldi hududlarining o‘zaro hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan memorandum imzolangan edi. Mazkur safardan so‘ng O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan o‘tishga qo‘yilgan bir qator cheklovlar bekor qilingan edi.

26 oktabr kuni esa O‘zbekistondan 140 kishilik delegatsiya O‘shga tashrif buyurgandi.

XS
SM
MD
LG