Линклар

Namangan shahridagi byudjet tashkilotlarining ishchi va xodimlari Artel do‘konlaridan “O‘zbekenergo” hissadori bo‘lgan ikki shirkat ishlab chiqarayotgan LED lampochkalaridan kamida ikki donadan sotib olishga majbur etilayotgani haqida namanganlik o‘qituvchilardan biri Ozodlikka xabar qildi. O‘qituvchiga ko‘ra, ular sotib olingan lampochkalar haqida do‘kondan olingan ma’lumotnomani rahbarlariga ko‘rsatishlari shart.

Namangan shahridagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, shahar hokimi har bir o‘qituvchiga tejamli LED lampochkasidan kamida ikkitadan sotib olishni shart qilib qo‘ygan:

“Namanganda hokimiyat buyrug‘i bilan Akfa lampochkalari byudjetdan maosh olib ishlaydigan xodimlarga majburan oldirilmoqda. Jumladan, biz o‘qituvchilar ham Artel do‘konidan kamida ikkita lampochka sotib olishimiz va do‘konchining “falonchi odam ikkita lampochka sotib oldi” deb yozib bergan spravkasini direktorga taqdim qilishimiz shart ekan”, dedi o‘qituvchi.

Davlat idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, lampochkalarni, negadir, faqat bir nomdagi do‘konlardan xarid qilish tavsiya qilinyapti:

“Faqat Artel do‘konidan olishimiz shart ekan. Bu do‘kon lampochka sotib olganimiz haqida spravka qilib beryapti va uni boshlig‘imizga ko‘rsatib, tinchiyapmiz. Bo‘lmasa, tinchlik yo‘q, har kuni lampochka oldingmi deb so‘rab, jonga tegishyapti”, dedi davlat xizmatchilaridan biri.

Namangan shahridagi Artel do‘konlaridan birining sotuvchisi, lampochka sotib olayotgan odamlar o‘z xaridi haqida ma’lumotnoma so‘rashayotganini tasdiqladi:

“Masalan besh-olti kishi bo‘lib kelishyapti. Bir kishining plastigidan echib olyapmiz, qolganini o‘zaro hisob-kitob qilishadi. Ularga qancha lampochka olgani haqida nakladnoy qilib yozib beryapmiz. Ishxonalaridan shuni so‘rashyapti ekan. Hozircha, o‘qituvchilar ko‘proq kelishyapti. Lampochkalarning o‘nligi 18 ming so‘mdan, beshligi 14 ming so‘mdan sotilyapti. Arzonrog‘i ham bor, masalan Lukem 10 deganining narxi 16 ming so‘m. Davlat byudjetida ishlaydigan hamma tashkilotlarning xodimlari ana shu lampochkalarni sotib olishlari shart ekanligi haqida hokimiyatning buyrug‘i bor”, dedi sotuvchilardan biri.

Ozodlik bog‘langan Namangan shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan uch mulozimi ham byudjet tashkiloti ishchilariga lampochka solig‘i solingani haqidagi xabarni na inkor qildi, na tasdiqladi. Har bir mulozim Ozodlikka “bundan xabarim yo‘q”, dedi.

Ishchi va xizmatchilarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan lampochkalarni sotib olishga majburlash holatlari ilgari ham kuzatilgan.

Jumladan, joriy yilning fevral oyida O‘zbekistondagi eng yirik aksiyadorlik jamiyatlaridan sanalgan “O‘zbekenergo” jamiyatda ishlovchi 66579 nafar xizmatchiga har oy uch donadan LED lampochkasini bozor narxidan qimmatga sotib olishni shart qilib qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG