Линклар

logo-print

Qozog‘istonning Oqto‘be shahrida qolayotgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bir necha oydan beri ish haqini ololmayotir. Ishsiz o‘tirgan namanganlik muhojirlar yordam so‘rab Ozodlikka murojaat qildi. Brigada boshlig‘i o‘z ishchilariga mehnat haqini berolmagani sababli javobgarlikka tortilishi mumkinligidan gapirdi.

O‘zbekiston tashqarisida ishlab, oilasini boqayotgan ko‘plab mehnat muhojirlaridan ish haqi berilmayotgani to‘g‘risida ko‘plab shikoyatlar kelishi davom etmoqda. Ularning aksar qismi Rossiyada bo‘lishiga qaramasdan, Qozog‘istonning turli o‘lkalarida ishlayotgan migrantlarga ham bir so‘m topish osonga tushmayotgan ko‘rinadi.

Ozodlik tahririyatiga WhatsApp tarmog‘i orqali Qozog‘istondan quyidagi mazmunda xat keldi.

“Hurmatli Ozodlik radiosi rahbariyati. Sizlarga yordam so‘rab Qozog‘istonning Oqto‘besidan yozayapmiz. 57 kundan beri uyimizga ketolmayapmiz. “Pulni dushanba kuni beraman”, deb aldayveradi ish beruvchi”, deyiladi WhatsApp xabarida.

Ozodlik muxbirlari bilan suhbatda o‘zini Mirzoulug‘bek Abdurahmonov deb tanishtirgan yigit sovuq tushishi ortidan yigitlari bilan og‘ir ahvolda qolganini gapirib berdi.

- Oqto‘bedamiz. 57-58 kun bo‘ldi pulimizni yarmisini berganiga, kutib yotibmiz qolganini sovuq joyda. Aktyubinskka men o‘zim kelganimga 7 oy bo‘layapti. Firmada oz-mozdan berib kelgandi, oxirida bermadi. Bu yerda 5 kishi qolib ketdik. 2 oy bo‘ladi – sovuq uyda yotibmiz. Ketaylik desak – pul muammo. “Dushanba beramiz, seshanba beramiz!” qilib yuribdi, deydi suhbatdosh.

Namanganlik brigadir-ustaning aytishiga ko‘ra, mahallalardan birida sport maktabi qurilishiga u O‘zbekistondan 20 kishini yollagan.

“Hozirda uyga ketgan bollar meni ustimdan yozib yotibdi”, deya davom etadi Mirzoulug‘bek.

- Boshida 20ta bola chaqirtirganman. Hozir u bollar ketib, meni ustimdan ariza yozayapti. Eng kami ishlagan bir bola 40 kun ishlagan. Bu yerda yana 5ta bola qolgan. Javobgar bo‘lib men qolayapman. 7 oy bo‘lyapti – uyga borolmayman, pulini berishim kerak. Bizlarni himoya qiladigan tashkilot bormi, deb harakat qilayapmiz, deya tushuntirish berdi usta Mirzoulug‘bek.

Namanganlik ustalar ish beruvchi bilan shartnoma yo‘qligi sababli biror idoraga murojaat qilishdan foyda yo‘qligiga ishonishini aytdi. U shirkat boshliqlari mahalliy huquq-muhofazasi idoralarida “tanish-bilishlari“ yordamida bunday arz-shikoyatlarni yopti-yopti qilib yuborayotganiga guvoh bo‘lganini ma’lum qildi.

Mirzoulug‘bek ulardan oldin ishlagan 30 nafar xorazmlik mehnat muhojirlari ham 5 million tangani tashkil etuvchi ish haqini ololmayotganini bildirdi.

O‘zbek muhojirlari Oqto‘bega kelganidan buyon Namanganda qolgan oilalariga pul jo‘nata olmagan.

O‘zbek muhojirlari Qozog‘istonga paxta tergani ham boradi

O‘zbek muhojirlari Qozog‘istonga paxta tergani ham boradi

Aniqlanishicha, o‘zbek muhojirlari brigadasi “Ural-stroy” qurilish shirkati tomonidan yollangan.

Bu firma 1985 yilda tug‘ilgan Aleksandr va 1987 yilda tug‘ilgan Jonpo‘lat degan mahalliylar tomonidan tuzilgan bo‘lib, tender asosida Oqto‘bedagi byudjet imoratlari qurilishini o‘z zimmasiga olgan.

Ozodlik bilan suhbatda shirkat rahbari Aleksandr o‘zbek muhojirlarini o‘z ishini oxirigacha bajarmaganlikda aybladi.

- Biz bu yigitlarni turli ishlarga joylashtirdik. Bu yigitlardan bir qismi bilan bir necha marotaba tortishish-so‘kishlar bo‘ldi – spirtli ichimlik ichishar ekan, ishlamas ekan. Bu yerda qolayotgan bollarga men yana ish taklif qildim – ular rad javobini berdi, puli chiqishini kutib yotibdi. Hech qanaqasiga ularga 10 ming dollar qarz emasman. Lekin, kimni puli qolgan bo‘lsa mendan albatta olishadi. Unga men so‘z beraman, deya yana va’da berdi shirkat rahbari Aleksandr.

Shirkat boshlig‘i hozircha bosh pudratchi tomonidan pul o‘tkazilmagani sababli o‘zbeklarning mehnat haqi kechiktirilayotganini tushuntirishga urindi.

Ozodlik vaziyatni kuzatib boradi.

Qozog‘istonda o‘zbek muhojirlariga ish haqini bermaslik holatlari to‘g‘risida oldin ham Ozodlik xabar bergan.

Bunday holat ayniqsa Rossiyada ommaviy tus olgani kuzatilmoqda.

Rossiya va u bilan iqtisodiy-siyosiy jihatdan bog‘langan qo‘shni mamlakatlarda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz ish beruvchi tashkilotlarni, ayniqsa bank tizimiga bog‘langan qurilish firmalarini ham og‘ir ahvolda qoldirdi.

Ammo, undanda murakkab iqtisodiy vaziyatda bo‘lgan O‘zbekistonda ish topa olmayotgan vatandoshlar ish izlab boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘lmoqda.

Bugungi kunda 3-4 million o‘zbekistonlik mehnat muhojirligida ekani aytib kelinadi.

XS
SM
MD
LG