Линклар

AQSh prezidentlik saylovida g‘olib chiqqan Donald Tramp o‘zi uchun milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tanlagan Maykl Flinn Vashington Turkiya bilan aloqalarni yaxshilash uchun Anqara iyul oyida davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishda ayblayotgan din peshvosi Fathulloh Gulanni ekstraditsiya qilishi kerakligini aytdi.

Nafaqadagi general-leytenant Flinn 18 noyabr kuni The Hell gazetasidagi blogida Gulanni “Pensilvaniyada istiqomat qiluvchi shubhali mulla” deya ta’riflab, u “yashirin islomiy rajalarga ega” ekanligini ta’kidladi.

“Gulanning yirik global tarmog‘ida uyqudagi xavfli terror tarmog‘ining barcha elementlari bor. Turkiya qarashlariga binoan, Vashington Turkiyaning Usama bin Ladeniga boshpana berib qo‘ygan. Biz uni boshpana bilan ta’minlamasligimiz kerak”, deb yozdi Flinn.

Flinn Gulan tarafdorlari Trampning raqibi Hillari Klintonning global xayriya tashkiloti bo‘lmish “Hillari jamg‘armasi”ga mablag‘ ajratganini ham aytib o‘tdi.

“Turkiyaning ahamiyatiga yangi nazar bilan boqish vaqti keldi. Biz Turkiyaning ahamiyatini anglab etish uchun xorijiy siyosatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Dunyoga Turkiya nazari bilan qarashimiz kerak”, deb yozdi Flinn.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Tramp g‘alabasini Anqara-Vashington aloqalaridagi “yangi davr” o‘laroq olqishladi. Erdo‘g‘on 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovdan beri AQShdan Gulanni ekstraditsiya qilishni yanada qattiqroq talab qilmoqda.

Obama ma’muriyati Turkiya iltimosi bo‘yicha Adliya departamenti qaror chiqarishini ta’kidlab keladi. Bu esa Erdo‘g‘on g‘azabiga sabab bo‘lgan.

AQShda Gulanga hech qanday ayblov qo‘yilgani yo‘q. Ruhoniy va unga tegishli tashkilot va maktablar terrorizm hamda iyul oyidagi to‘ntarish urunishini qoralab keladi.

Gulan huquqshunoslaridan biri Jeyson Ueynshteyn Flinning Gulan haqidagi sharhlarini “xavotirli” deya ta’rifladi, ammo AQSh bu masalaga adolat bilan yondashishiga ishoshinini bildirdi.

“Biz qonunga amal qilinadi hamda siyosatchilar [Adliya departamentidagi] tajribali rasmiylar qaror chiqarishida aralashmaydi, deya ishonamiz va umid qilamiz. Agar qonunga amal qilinsa, janob Gulan Turkiyaga qaytarilmasligiga ishonamiz. U yerda uni qiynoqqa solishlari, soxta sud qilishlari va qatl etishlari aniq”, dedi Ueynshteyn.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG