Линклар

Jizzax viloyatining Do‘stlik, Mirzacho‘l, Arnasoy tumanlarida plastik kartochkaga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unni sotib olishning imkoni bo‘lmayapti. Bu tumanlarda yashaydigan Ozodlik tinglovchilari so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek uni savdoga juda ham kam chiqarilyapti, do‘konchilar esa faqat naqd pulga savdo qilishini aytmoqdalar. Oylik maoshini yuz foiz plastikka oladigan ishchilar esa, ancha qimmat narxdagi Qozog‘iston unini sotib olishga majbur bo‘lishyapti.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi davlat korxonalaridan birida ishlaydigan ustaning aytishicha, bozordagi do‘konlarda shu tumanning o‘zidagi kombinatda ishlab chiqarilgan unni topishning imkoni bo‘lmay qoldi:

- Mana uyimning oldidagi kombinatda un ishlab chiqariladi. Dushanba kuni bozorga borib plastik kartochkaga un ololmadim. Hamma do‘konda ham o‘zbek uni yo‘q. Bir-ikkita do‘konda bor ekan, faqat naqd pulga sotamiz deyapti. Bir qopini 75 ming so‘m deyapti. Plastikka 80 ming so‘mga ham bermayapti, "aka, plastikka umuman sotmaymiz", deydi. Majbur bo‘lib qozoq unini plastikka 135 ming so‘mga sotib oldim, deydi suhbatdosh.

Ustaning aytishicha, u bu haqda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilgan, lekin javob ololmagan:

-Uch kun podryad telefon qildim. 210 00ga ham qildim, 10 00ga ham qildim. O‘zbek tilida murojaat qilmoqchi bo‘lsangiz 1ni bosing deydi, 1ni bosaman, keyin telefon raqamingizni qabul qildik, o‘zimiz sizga chiqamiz, deydi. Tamom, boshqa javob yo‘q. Beradigan oyligi 600 ming so‘m. Biz o‘zimizda ishlab chiqarilgan unni plastikka ololmasak, nima qilaylik? 600 mingni naqd qilay desak eng kamida 20 foizini berishim kerak. Men oyligimni beshdan bir qismini nega birovga berishim kerak? Judayam alam qilib ketyapti", dedi jizzaxlik usta.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiladigan traktorchi Haydar aka ham, do‘konlarda plastik kartochkaga o‘zbek uni sotilmayotganini aytadi:

“Bizda ham hech qaerda plastik kartochkaga un yo‘q. Faqat naqd pulga. Bizku u bu odamning erini haydab naqd pul topamiz, lekin nuqul maoshga ishlaydigan odamlarga qiyin bo‘ldi. Bozordagi naqd pulga olishingiz mumkin bo‘lgan molni, plastikka 20 foiz qimmatiga olasiz. Boshqa ilojingiz yo‘q”, dedi traktorchi Haydar aka.

Ozodlik Do‘stlik don mahsulotlari hissadorlik jamiyatiga qo‘ng‘iroq qilib, nega tumanlarda un tortilib qolgani sababini so‘radi.

O‘zini tanishtirmagan mulozimning aytishicha, zavod bir me’yorda ishlayapti va har kuni belgilangan normada un ishlab chiqarilyapti:

“Biz keragicha un ishlab chiqaryapmiz, uning realizatsiyasi esa bizning vazifamiz emas”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda og‘irlashib borayotgan naqd pul taqchilligi bois maoshi to‘lig‘icha plastik kartochkaga o‘tkazilgan ishchi va xizmatchilariga naqdsiz to‘lovlarning ham oylab kechikayotgani kuzatilmoqda.

Ayni paytda¸ naqd va naqdsiz maosh bera olmay qolgan hududlarda oylik o‘rniga lampochka, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bozordan ancha qimmat narxda tarqatilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Xususan¸ joriy yilning may oyida Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanidagi maktab o‘qituvchilariga maosh o‘rniga jo‘ja berilgan edi.

XS
SM
MD
LG