Линклар

Afg‘oniston rasmiylarining bildirishicha, mamlakat sharqida AQSh droni yodarmida amalga oshirilgan hujum ortidan “Islomiy davlat” ekstremistik guruhining yuqori lavozimli qo‘mondoni o‘ldirilgan.

Nangarhor viloyati matbuot kotibi Ottaulloh Xug‘yoniy “Islomiy davlat” guruhining Afg‘onistondagi yetakchisi Mulla Bozorg hamda guruhning boshqa yetti jangarisi 18 noyabr kuni o‘ldirilganini aytdi.

Xug‘yoniy hujum Kot tumanida amalga oshirilganini qo‘shimcha qildi.

Kotib hujum davomida jangarilarga tegishli qurol-aslaha hamda portlovchi moddalar ham yo‘q qilinganini aytdi.

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi 19 noyabrda e’lon qilgan bildiruvda “Nangarhor viloyatining Kot tumanida Daish qo‘mondoni o‘ldirildi”, deyiladi.

Nangarhorda “Islomiy davlat” jangarilari faol bo‘lib, ular so‘nggi ikki yil ichida bir necha hududni egallab olishgan.

Guruh keyingi oylarda qo‘shni Kunar hamda Zobul viloyatlariga ham o‘tdi.

Jangarilar yana Qobuldagi bir necha hujuj uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Poytaxtda amalga oshirilgan hujumlarning navbatdagisi 16 noyabr kuni sodir bo‘ldi. Hujum olti odam umriga zomin bo‘ldi.

Oktyabr oyida “Islomiy davlat” Qobul va Mozori-Sharifda shialarga hujum qildi, natijada o‘nlab odam halok bo‘ldi. AQSh keyingi yilda “Islomiy davlat” hamda “Al-Qoida” jangarilariga qarshi havo hujumlarini jadallashtirdi.

Afg‘onistondagi eng yuqori lavozimli AQSh harbiy qo‘mondoni bo‘lmish general Jon Nikolson sentyabr oyida mamlakatda 1 300 ga yaqin jangari borligini, ular Sursiya va Iroqdagi qo‘mondonlardan pul, yo‘l-yo‘riq hamda boshqa yordam olishini aytgan edi.

Nikolsonga ko‘ra, Afg‘onistondagi “Islomiy davlat” jangarilarining aksari sobiq toliblardir.

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG