Линклар

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li O‘zbekiston tomoni turk vatandoshlariga vizani bekor qilishi mumkinligini aytdi. 17-18 noyabr kunlari prezident Rejap Tayyib Erdo‘g‘on boshliq delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga borgan Chovusho‘g‘li ​Anqarada shanba kuni jurnalistlar oldida qilgan chiqishida O‘zbekiston bilan munosabatlarda yangi bir sahifa ochilgani va Toshkent turk vatandoshlarga vizani bekor qilishini ta’kidladi.

Turkiyada chiqadigan “Haber Turk” nashriga ko‘ra, mamlakat tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li O‘zbekistonga safaridan so‘ng jurnalistlar oldidagi ilk chiqishida “Biz O‘zbekiston vatandoshlariga vizani bekor qildik. Hozir O‘zbekiston bilan munosabatlarda yangi bir sahifa ochdik. O‘zbekiston ham bizni vatandoshlarga insholloh vizani bekor qiladi", deb aytgan.

Lekin Turkiya Tashqi ishlar vaziri Chovusho‘g‘li O‘zbekiston tomoni turk vatandoshlariga vizani qachon bekor qilishi, bu borada konkret kelishuvga erishlgan yoda erishilmagani borasida aniq gap aytmagan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri 17-18 noyabr kunlari prezident Rejap Tayyib Erdo‘g‘on boshliq delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga borgan.

Samarqandda prezident Erdo‘g‘on O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajarayotgan Shavkat Mirziyoev bilan sal kam uch soat davomida muloqot qilgani haqda Turkiyaning rasmiy "Anadolu" axborot agentligi xabar qilgan edi.

Bu Turkiya prezidentining o‘tgan 16 yil ichida O‘zbekistonga qilgan ilk safari bo‘ldi.

Samarqanddagi muzokaralar so‘nggida e’lon qilingan rasmiy bildiruvda tomonlar ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O‘zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifasini ochishi masalalari yuzasidan batafsil fikr almashishi uchun qulay imkoniyat bo‘lgani qayd etildi.

Turkiya sayyohlarni o‘z mamlakatiga jalb etish uchun dunyoning aksariyat davlatlari bilan, jumladan O‘zbekiston bilan ham viza tizimini bekor qilgan.

2007 yildan buyon amalda bo‘lgan vizasiz rejim shartlariga muvofiq, O‘zbekiston vatandoshlari Turkiyaga vizasiz borishdan tashqari, bu davlat hududida bir oygacha qolishlari ham mumkin.

Toshkentda 1999 yil fevral portlashlari ortidan O‘zbekiston Turkiya fuqarolari uchun viza tartibi joriy etdi va Turkiya ham bunga shu tarzda javob qaytardi.

2007 yilgacha o‘zbekistonliklar turk vizasi olish uchun elchixonada 60 dollar miqdorida badal to‘lab kelishgan.

Garchi Turkiya 2007 yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilgan esa-da, rasmiy Toshkent hozir ham Turkiya fuqarolaridan viza talab qiladi.

O‘zbekiston tomoni hozircha turk vatandoshlariga viza bekor qilinishi haqida rasmiy bayonot bermagan.

XS
SM
MD
LG