Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

O‘zbekistondan tashqarida uzoq muddat yursangiz, "qora ro‘yxat"ga tushishingiz mumkin


Ozodlik o‘tkazgan surishtiruvi orqali bugungi kunda O‘zbekistonda diniy ekstremizm ayblovi bilan qidiruvga berilganlar soni kamida 40000 atrofida bo‘lishi mumkinligi aniqlandi.

MXX va IIV tomonidan tuzilgan “Qidiruvdagilar ro‘yxat”idan xorijda uzoq vaqtdan beri o‘qiyotgan va ishlayotganlar xavotirga tushmoqda. Surishtiruv natijasida mazkur ro‘yxatga Suriya va Iroqqa jihodga ketganlardan tashqari uzoq vaqt O‘zbekistonga qaytmaganlar ham kiritilgani aniqlandi.

Qidiruvdagilar ta’kidicha, bu ro‘yxatga tushgan odam ushlangan taqdirda qamalishi aniq bo‘lib, hech qanday ko‘rinishdagi avf unga qo‘llanmasligi mumkin. Shaxs o‘zining ushbu ro‘yxatga qo‘shilganidan mutlaqo bexabar bo‘lishi, yillar o‘tib O‘zbekistonga qaytgan payti ushlanishi mumkin.

MXX qidiruvdagilarning qarindoshlarini xabardor qilgan holatda esa bosim va tahdidlar boshlanishi aytilayapti. “Qora niqoblilar” reydlari, tergov bo‘limlariga sanoqsiz chaqiruvlar, militsiya bo‘limlariga hisob berishlar - qidiruvga berilganlarning O‘zbekistondagi yaqinlari boshdan o‘tkazayotgan holatlarning bir qismi xolos. ​

Vladivostokdan Misrga qochgan o‘zbek yigiti

Bugungi kunda Misrda yashayotgan 33 yashar Shavkat (shartli ism-tahr.) Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek maxsus xizmatlari ta’qibidan qochib, 4 yil avval Qohiraga yashiringanini aytdi:

Qidiruvdagilar ro‘yxatidagi Shavkat
Qidiruvdagilar ro‘yxatidagi Shavkat

“Men Vladivostokda 12 yil yashadim. 2012 yilda men va ukamga O‘zbekiston qidiruv e’lon qildi. Ukam namoz o‘qimasdi. Uni Rossiyada ushlab ketishdi. Keyin O‘zbekistonga berib yuborishgan. Ukam dindor bo‘lmasa ham uni diniy ayblov bilan 9 yilga qamashdi. Tanishlarimdan yana ikki bolani olib ketib, qamashdi. Keyin men oilam bilan Misrga qochib keldim”, deydi suhbatdosh.

Biz Shavkatni huquq-tartibot idoralaridagi manba tomonidan Ozodlikka taqdim qilingan maxsus hujjat yordamida topdik. Ushbu hujjatda Shavkat va uning 29 hamqishlog‘i diniy ekstremizm ayblovi bilan xalqaro qidiruvga berilgani qayd qilingan.

25 ming odam yashaydigan Shavkatning qishlog‘i nomini ochiqlamaymiz. Shuningdek, qo‘limizdagi hujjatda qayd etilgan shaxslarning ism-familiyalarini ham oshkor qilmaslikka qaror qildik. Boisi jami 30 kishi nomi tirkalgan bu hujjatning yana o‘nlab odam takdiriga bevosita va bilvosita daxldorligi ma’lum bo‘ldi.

Hujjat - “Qidiruvda yurgan DEO (diniy ekstremistik oqim- tahr.) a’zolarini yaqin qarindoshlarining uyali telefon raqamlari ro‘yxati” deb nomlangan.

Keyingi ikki yil davomida O‘zbekistonda o‘tayotgan IShID bilan bog‘liq o‘nlab mahkamalar fonida

Yagona orzuim shu darbadarlik nihoyasiga yetib, erkin yashasam. Bolalarim tarbiyasi bilan shug‘ullansam. Ukam qamoqdan chiqsa bo‘ldi, menga boshqa narsa kerak emas

​ushbu hujjat ilk qarashda “Suriya va Iroqqa qochgan o‘zbek ishidchilari” ro‘yxati bo‘lsa kerak, degan fikrni uyg‘otadi.

Biroq ushbu ro‘yxatdagilardan biri bo‘lgan Shavkat o‘zbek maxsus xizmatlari tomonidan unga qo‘yilgan diniy ekstremizm ayblovini mutlaqo inkor qiladi:

“Men namozxonman. Lekin hech qanday oqimga aralashmaganman. Aslida dinning o‘z yo‘li bor. Shu yo‘ldan chiqsangiz adashasiz. IShIDning hozir qilayotgan ishlarini qoralayman. Bu dinga to‘g‘ri keladigan ish emas. Jihodga qo‘shilishni esa hech qachon o‘ylamaganman. 4 yildan beri u yoqdan, bu yoqqqa qochib yuribmiz. Yagona orzuim shu darbadarlik nihoyasiga yetib, erkin yashasam. Bolalarim tarbiyasi bilan shug‘ullansam. Ukam qamoqdan chiqsa bo‘ldi, menga boshqa narsa kerak emas”, deydi 4 yil avval diniy ekstremizm ayblovi bilan qidiruvga berilgan Shavkat.

Oilaviy qidiruvga berilganlar ham bor

Shavkat bilan suhbatdan keyin hujjatdagi boshqa shaxslar va ularning yaqinlari bilan ham bog‘lanib, asl manzarani o‘rganishga harakat qildik.

Hujjatda 30 kishining qarindoshlariga tegishli jami 53 ta telefon raqami yozilgan bo‘lib, Ozodlik ularning barchasiga birma-bir sim qoqib, ro‘yxatdagi 17 kishining yaqinlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, Shavkatdan tashqari qidiruvga berilgan uning besh hamqishlog‘i ham Misrda yashayapti. Bugungi kunda qidiruvdagi yana uning yetti hamqishlog‘i Turkiyada, bir mahalladoshi esa Norvegiyada ekan. Uch hamqishlog‘ining esa qaerdaligi noma’lum.

Shavkatning qidiruvdagi hamqishloqlaridan to‘rt nafari ayol, qolganlari esa erkaklar bo‘lib, ularning yoshi 26dan 46 yoshgacha.

Telefon muloqotlarimiz orqali ro‘yxatdagilar orasida oilaviy qidiruvga berilganlar borligi ham ma’lum bo‘ldi: uchta oiladan er-xotin, ikki oiladan uchtadan aka-uka, yana bitta oiladan ikki aka-uka “diniy esktremistik oqim a’zosi” sifatida qidiruvga berilgan.

Ro‘yxatdagilarning qarindoshlari o‘z yaqinlari eng uzog‘i bilan 8 yil avval, eng yaqini esa 1 yil avval qidiruvga berilganini aytishdi.

Vladivostokdagi “o‘zbeklar ovi”

Shavkatdan tashqari yana uning etti hamqishlog‘i Rossiyaning Vladivostok shahriga ishlashga ketgan payti qidiruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan to‘rt nafari qidiruv e’lon qilinganidan so‘ng Turkiyaga qochib o‘tgan. Uch nafarining esa qaerdaligi yaqinlariga ma’lum emas.

"Qidiruvdagilar taxtasi". Ikkinchi qator, chapdan uchinchisi Shavkat.
"Qidiruvdagilar taxtasi". Ikkinchi qator, chapdan uchinchisi Shavkat.

Shavkat boshqa mahalladoshlari kabi Vladivostokka pul ishlash maqsadida borganini aytadi. Maktabni tugatgach, shifokor bo‘lish orzusida Tibbiyot oliygohiga hujjat topshirgan Shavkat kontrakt asosida o‘qishga kiradi, biroq to‘lash uchun pul yo‘qligi sabab Rossiyada mardikorlik ortidan "bir-ikki so‘m" ishlab, keyin o‘qishni davom ettirishni rejalashtiradi.

“Rossiyaga kelib qurilish sohasini muntazam o‘zlashtirdim. Shifokor bo‘lish orzuimdan ham kechib yubordim. O‘sha erda rossiyalik rus qizi bilan tanishib turmush qurdim. Farzandlarim bor”, deydi Shavkat.

Uning aytishicha, hayoti bir maromda ketayotgan payti, yetti yilcha avval Vladivostokda ishlayotgan o‘zbekistonliklarni “ovlash” boshlangan va rus maxsus xizmatlari yordamida ko‘plab o‘zbeklar qamoqqa tiqilgan:

Vladivostokda ishlayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklarni Rossiya ushlab berib yubordi. Ko‘pchilik O‘zbekistonga borgan payti ushlandi. Tanishlarim orasida qamalib, uje qamoqdan chiqqanlari ham bor

“Vladivostokda ishlayotgan andijonlik o‘zbeklar qandaydir oqimga aralashgan. Haqiqatda o‘sha oqim bilan birga ishlashgan. Ular O‘zbekistonga borgan payti o‘sha oqimga doir ma’lumot chiqqan sumkasidan. Ular “Biz davlat to‘ntarishi qilmoqchi edik” deb bo‘yniga olishgan. Shundan keyin avval vodiylik hamma bolalarni saralash boshlandi. Ular boshqalarga qarshi guvohlik bergan. Shu bilan boshqa viloyatlarni ham saralashga o‘tishdi. Vladivostokda ishlayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklarni Rossiya ushlab berib yubordi. Ko‘pchilik O‘zbekistonga borgan payti ushlandi. Tanishlarim orasida qamalib, uje qamoqdan chiqqanlari ham bor”, deydi 33 yashar suhbatdosh.

Al-Azharda o‘qiganlar ta’qibda

O‘sha voqealardan so‘ng Shavkat Misrdan panoh topadi. Uning qidiruvdagi besh hamqishlog‘i esa Misrdagi Al-Azhar universitetida o‘qishgani ma’lum bo‘ldi.

Ulardan biri 1977 yilda tug‘ilgan yigit bo‘lib, u to‘rt yil avval qidiruvga berilgan. Buni uning amakisi bilan suhbat davomida bildik:

“Misrda o‘qib, keyin o‘sha yerda ishlashga qoldi. To‘rt yilcha avval uydagilarini chaqirtirib, uning qidiruvga berilganini aytishdi. Meni ham tergovga chaqirishdi. Tergovchilardan “Nimaga

Uyiga kelish niyati bor, lekin kelsa, qamalishdan qo‘rqayapti

qidiruvga bergansizlar”, deb so‘radim. Ular “Necha yildan buyon O‘zbekistonga kelmagan, hujjatsiz yurgani uchun” deyishdi. Jiyanim qidiruvga berilganini eshitgach, Misrdan Turkiyaga o‘tdi. Uyiga kelish niyati bor, lekin kelsa, qamalishdan qo‘rqayapti”, dedi suhbatdoshimiz.

Misrda o‘qigan Shavkatning yana uch hamqishlog‘i esa hozir ham o‘sha erda yashayotganini aniqladik.

​Ichki ishlar tizimida ishlovchi manba Ozodlik bilan suhbatda aynan “Arab bahori”dan keyin diniy ayblov bilan qidiruvga berilgan o‘zbekistonliklar ko‘payganini ta’kidladi:

"Arab bahori" degan balo chiqqach, Arab mamlakatlariga ketgan barcha o‘zbekistonliklar bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Haqiqatdan ham uzoq muddat O‘zbekistonga qaytmaganlarga nisbatan qidiruv e’lon qilish bo‘yicha ko‘rsatma bor. Bu xavfsizlik masalasi, o‘sha odam biror oqimga qo‘shilgan bo‘lsa, albatta uning O‘zbekiston ichkarisidagi yaqinlarini nazoratga olganimiz foyda berishi mumkin. Keyingi paytda Rossiya va Turkiya jihodga ketuvchilar uchun tranzit hududga aylangani ma’lum. Shuning uchun ushbu mamlakatlardagi o‘zbekistonliklarga nisbatan biror signal tushsa, ular albatta nazoratga olinadi", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz IIB xodimi.

Qidiruvdagilar bilan mxxchilar muntazam muloqotda

Shavkat va uning hamqishloqlari bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, qidiruv ro‘yxatiga kiritilganlar haqiqatdan ham doimiy nazoratda bo‘lib, ayrim holatlarda MXX xodimlari xorijga ham qo‘ng‘iroq qilib, qidiruvdagilarni tergab turadi.

Jumladan, Rossiyadan Misrga qochib o‘tgan Shavkat ham buni tasdiqladi:

“MXX vakili menga chiqib turadi. “Qaerdasiz, tinchmisiz, nimalar qilayapsiz?” deb so‘raydi. Men bilan har doim muloqotda. 2 kun avval ham yozdi Vatsap orqali”, deydi Shavkat.

Mirziyoev Karimovning diniy ekstremizm bo‘yicha siyosatini davom ettirmoqchi

Shavkat va uning 29 hamqishlog‘i Islom Karimov davridagi “diniy ekstremizmga qarshi kurash” siyosati natijasida qidiruvdagi shaxslarga aylangan. Huquq faollari fikricha, Karimovning ushbu siyosati bois aksar begunoh insonlar diniy ayblov bilan “qurbon” qilindi. Karimov o‘limidan so‘ng bu boradagi siyosat o‘zgarishiga umid qilayotganlar hafsalasini prezidentlikka asosiy da’vogar hisoblangan Shavkat Mirziyoev pir qildi.

Bir paytning o‘zida prezident vazifasini bajaruvchi va Bosh vazir lavozimini egallab turgan Shavkat Mirziyoev saylovoldi dasturini ochiqlar ekan, diniy ekstremizmga qarshi “kurash” bo‘yicha Karimov siyosati o‘zgarishsiz qolishini ta’kidladi:

“Biz muqaddas dinimizni noto‘g‘ri talqin etayotgan va uni niqob qilib, bizni orqaga, o‘rta asrlar hayotiga qaytarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlarga qarshi keskin kurashib keldik va bundan keyin ham qat’iy kurash olib boramiz” deya ta’kidlagan Mirziëev “mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga raxna solishga urinadigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga qarshi keskin zarba berishga qodir” ekanligini urg‘uladi o‘tgan oyda.

Maski-shou

Mirziyoevning ushbu bayonotidan so‘ng O‘zbekiston bo‘ylab ekstremistik tashkilotlarga a’zolikda gumon qilinayotgan va xorijdan uzoq vaqt qaytmaganlarning uylariga “qora niqoblilar” reydlari jadallashdi.

Maqolamiz qahramoni Shavkatga ko‘ra, “qora niqoblilar” tintuvi qidiruvdagilarning O‘zbekistondagi uylarida muntazam o‘tkazib turiladi:

​“Necha marta qora maskalilar uyga kelib tintuv qilgan. Ko‘p azob berishdi. Shu azoblardan keyin onam davlenie bo‘lib qoldi. 3 marta boshidan operatsiya bo‘ldi. Otam osma ukol olayapti”, deydi Shavkat.

"Qora niqoblilar" reydi payti olingan surat.
"Qora niqoblilar" reydi payti olingan surat.

“Qora niqoblilar” reydlari haqida Shavkatning qidiruvda bo‘lgan hamqishloqlarining O‘zbekistondagi yaqinlari ham hasrat qilishdi. Jumladan, 36 va 31 yoshdagi ikki o‘g‘li qidiruvda bo‘lgan 55 yashar onaxon ham ushbu reydlardan bezgani haqida gapirdi:

“Militsiya, omon kelib tekshiradi. Har bayram oldi kelib tekshirishadi. Bir to‘da bo‘lib kelib, odamni yuragini yorishadi. Yuziga maska kiygani, kiymagani aralash keladi. Mahalla-ko‘y oldida sharmanda qilishadi. Necha marta militsiyaga chaqirib “o‘g‘lingni top” deb qiynashdi. Otasi bu gap-so‘zlarni ko‘tara olmadi. Chiday olmaganidan ichkilikka berilib ketdi. Shuni orqasidan kasalga chalinib, bu yil aprelda o‘lib ketdi”, deydi onaxon.

Yana bir suhbatdoshimiz, Shavkatning hamqishlog‘i bo‘lgan, ikki yil avval qidiruvga berilgan 29 yashar yigitning onasi ham “qora niqoblilar”ni yozg‘irdi:

​“Avgust oyida Mustaqillik bayramidan avval qora maskalilar yana bostirib kelishdi. Uyni tintuv qilishdi. Shu to‘polonlari natijasida davlenie bo‘lib qolganman. Saxar(diabet- qand kasalligi- tahr)ham bo‘ldim. Kuyovim davolanishim uchun 900 dollar pul jo‘natgan edi. Qora maskali mxxchilar shu pulni olib ketdi. Keyin men rayondagi MXXga borib, pulimni qaytarishni so‘radim. Keyin viloyat MXXsiga bordim. Lekin pul topilmadi. Qaytib berishmadi. 900 dollar oz pul emas. Davolanishim uchun edi bu pul”, deya yig‘ladi onaxon.

Ayni paytda O‘zbekistonning boshqa bir hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi “qora niqoblilar” tadbirlarini yoqlab, buni mamlakat xavfsizligi uchun zarurligini ta’kidladi:

“Mahallamizda ikkita oila diniy ekstremizm bo‘yicha doimiy nazoratda turadi. Birinchi oiladagi bir bolani Rossiyadan tutib kelishdi. Suriyaga jihodga ketishni rejalashtirgan ekan. Ikkinchi oilada esa ota-o‘g‘il qidiruvda. Ular Turkiyada ekani, IShIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgani haqida bizda ma’lumot bor. Bular hammasi shu reydlar natijasida aniqlangan. Bularni nazoratsiz ushlash xavfsizligimiz uchun rahna bo‘ladi”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi.

O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatlar, jumladan, Afg‘onistonda IShID faollashgani, Qirg‘iziston janubida esa turli xil diniy oqimlar mavjudligidan xavfsirashi aytiladi. O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari Abdulaziz Mansur o‘tgan yili “Islomiy davlat” guruhi safida 200 o‘zbekistonlik jang qilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar borligini bildirgan edi. Suriyadagi o‘zbek jihodchilari esa janggari o‘zbekistonliklar soni ancha ko‘pligini iddao qiladi, biroq bu borada aniq raqam mavjud emas. O‘zbekistonlik huquq faollariga ko‘ra¸ so‘nggi bir yil ichida IShIDga aloqadorlik aybi bilan 200dan oshiq odam hibsga olingan, ularning asosiy qismi IIV ro‘yxatiga tushgan, kuzatuvida bo‘lgan va so‘nggi oylarda xorijdan qaytgan dindorlardir. Ayni paytda xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda terrorizm xavfi yo‘qligini ta’kidlab keladi. Kuni kecha Sidneydagi Iqtisodiyot va tinchlik instituti Global Terrorism Index 2016 hisobotida O‘zbekistonni yana terrorchilikdan xoli bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Qiduvdagilar soni qancha?

O‘zbekiston diniy ekstremizmga nisbatan jiddiy “kurashar” ekan, biror marta diniy ayblov bilan qamalgan yoki qidiruvga berilganlar sonini ochiqlamagan.

"Qiduvdagilar taxtasi". Bitta viloyatda bir nechta bu kabi "taxta" bor.
"Qiduvdagilar taxtasi". Bitta viloyatda bir nechta bu kabi "taxta" bor.

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, qidiruvga berilgan “diniy ekstremistik oqim a’zolari”ning ro‘yxati mamlakatdagi har-bir tuman va shaharda mavjud. O‘zbekiston bo‘yicha jami 119ta shahar va o‘ndan ortiq shaharcha hamda 171 ta tuman mavjud (Toshkent shahridagi 11 ta tuman bilan birga). Demak mamlakat bo‘yicha “diniy esktremistik oqim” a’zolarining jami 300dan ziyod ro‘yxati borligini taxmin qilish mumkin.

Ozodlikka taqdim qilingan hujjatga ko‘ra, 25 ming aholisi bor qishloqda 30 kishi “diniy ekstremistik oqim a’zoligi”da gumonlanmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi qariyb 32 millionga yetib qolganini hisobga olsak, ushbu oqimga a’zolikda gumonlanayotganlar soni mamlakat bo‘yicha kamida 40000 ekanligini taxmin qilish mumkin.

Ro‘yxatga tushganidan bexabar qidiruvdagilar

Shu o‘rinda masalaning yana bir jihati borki, ushbu ro‘yxatga kiritilganidan shaxsning o‘zi bexabar bo‘lishi ham mumkin. Buni Shavkatning hamqishloqlari bilan suhbat davomida o‘rgandik. Uning qidiruvda bo‘lgan hamqishloqlaridan ikki nafarining qarindoshlari Ozodlik bilan suhbatda yaqinlari qidiruvda ekanligidan bexabarliklarini aytishdi.

Qizim eri bilan 4 yildan beri Turkiyada ishlayapti. Bolalari ham yonida. Hech qanday qidiruvda emas. Qaerdan oldingiz bu gapni?

Jumladan, qidiruvdagilar ro‘yxatida bo‘lgan 30 yashar ayolning otasi bilan telefon orqali bog‘langanimizda, u qizining qidiruvga berilganini eshitib hayron bo‘ldi:

“Qizim eri bilan 4 yildan beri Turkiyada ishlayapti. Bolalari ham yonida. Hech qanday qidiruvda emas. Qaerdan oldingiz bu gapni? Qizim tez-tez telefon qilib turadi, gaplashib turibmiz”, dedi qizi qidiruvdagilar ro‘yxatiga kiritilgan 57 yashar erkak Ozodlik bilan suhbatda.

Shavkat bilan bir mahallada ulg‘aygan 31 yashar yigitning qarindoshlari esa uni qidiruvga berilganini tasodifan bilib qolishgan:

“Ukam 2006 yilda Norvegiyaga o‘qishga ketgandi. 3 yil oldin “Postda” gazetasida ukamning suratini ko‘rib qoldik. Tagiga qidiruvda ekanini yozishgan ekan. Hayron bo‘ldik. Militsiya bo‘limidagilar bizga ukamning nimaga qidiruvga berilganini umuman aytishmadi. Haligacha ham bilmaymiz. Ukam u yerda yaxshi yashayapti. Ishlayapti. Norvegiya tilini o‘rganayapti. Yashashidan norozilik tomoni yo‘q”, dedi ukasi qidiruvga berilgan yigit.

Eri Vladivostokdan qochib, Turkiyaga yashiringan 32 yashar yigitning rafiqasi esa pasport bo‘limiga biometrik pasport olish uchun borgan payti "qidiruvdagilar taxtasi"da erining suratini ko‘rib qolganini aytadi:

"Keyin men erimga xabar qildim. Bir yarim yildan beri Turkiyada yashirinib yuribdi. Iyuldan beri gaplashmadik. Sog‘inganimdan jahl qilgandim, urishib qoldik", deydi 26 yashar kelinchak.

“O‘zbekistonga uzoq kelmaganlik” ayblovi

Suhbatdoshlarimiz bilan muloqotlar davomida qidiruvdagilar bilan bog‘liq boshqa bir jihat ham oydinlashdi: Shavkatning aksar hamqishloqlari O‘zbekistonga uzoq muddat davomida kelmagani sabab qidiruvga berilgan. Jumladan, 5 yil avval o‘g‘li Turkiyaga ishlashga ketgan onaxonning aytishicha, ikki yil avval uning o‘g‘lini ayni vaj bilan qidiruvga berishgan:

“O‘g‘lim xotini, bolalari bilan Turkiyada yashayapti. MXXdagilar “O‘g‘ling O‘zbekistonga uzoq vaqt davomida kelmagani uchun qidiruvga berildi” deb aytishdi menga”, deydi onaxon Ozodlik bilan suhbatda.

Onaxon tilga olgan “Uzoq vaqt O‘zbekistonga kelmagan”lik ayblovi Misrda o‘qigan Shavkatning to‘rtta hamqishlog‘iga ham qo‘yilgan.

Shu o‘rinda uzoq vaqt xorijda bo‘lish jinoyatmi, degan haqli savol tug‘iladiki, qonunlarni titkilab, bunaqa ko‘rinishdagi jinoyat mavjud emasligini aniqladik.

O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksining 365-moddasida qidiruv e’lon qilish tartibi belgilangan bo‘lib, ayblanuvchining turgan joyi noma’lum bo‘lganda tergovchi uning turgan joyini aniqlash uchun unga nisbatan qidiruv e’lon qilishi mumkin. Qonun hujjatlariga ko‘ra, tergovchi faqat ayblanuvchi tariqasida tergov ishida ishtirok etishga jalb qilinishi to‘g‘risida qaror chiqarilgan shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilishga haqlidir. Tergovchi ayblanuvchi topilgan taqdirda, sudning ajrimi bilan ehtiyot chorasi sifatida uni qamoqqa olishi mumkin.

Sur’at Ikromov diniy ayblov bilan qidiruvga berilganlar vaziyatidan xabardor
Sur’at Ikromov diniy ayblov bilan qidiruvga berilganlar vaziyatidan xabardor

S.Ikromov: Diniy ekstremizm ayblovi Interpol uchun o‘ylab topilgan

Diniy ayblovlar bilan qidiruvga berilgan va qamalganlar bilan bog‘liq vaziyatni kuzatayotgan Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov mavjud jarayonni to‘xtatish zarurligini ta’kidlaydi:

- Oxirgi paytlarda qidiruvga ko‘p berayapti. Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari uchastka nozirlari oldiga keladida, o‘sha uchastkada kim qaerga ketganini mahalla raisi, posbon orqali bilib oladi. O‘shalarning adresi, telefonini berishadi. Uydagilari aytishadi, o‘qishga ketganmi, ishga ketganmi. Lekin bular diniy ekstremizmga oid moddalarni qo‘yadi. Shu moddani aytsa, Interpol bunga e’tibor qiladi. Ularda hech qanday ayblov yo‘q, lekin ularni olib kelish maqsadida o‘sha moddalarni qo‘llab qidiruvga beradi. Bu erda juda savol ko‘pu, javobi yo‘q. Buni qarab chiqish kerak. Davlat buni to‘xtatishi kerak. O‘zbekistonning avvalgi siyosati, afsuski, hozir ham davom etayapti. Diniy ayblov bilan 13 mingdan ko‘p odam o‘tiribdi. O‘shalarning qancha sudida qatnashgan bo‘lsam, birortasining isboti bo‘lmagan hech qachon. 15-20 yillab o‘tirganlar nima uchun qamalganini bilishmaydi ham,- deydi Sur’at Ikromov.

Amnistiyadan umidsiz-umidvor Shavkat

Maqolani yakunlash arafasida oilasi bilan Misrda yashayotgan Shavkat bilan qayta bog‘landik. Shavkat “Qidiruvdagilar ro‘yxati”ga tushib, Rossiyadan O‘zbekistonga olib ketilgan va 3,3 yildan beri qamoqda o‘tirgan 27 yashar ukasining yangi Amnistiyaga tushib, ozodlikka chiqishiga niyat qilayotganini aytdi. Hikoyamiz qahramoni Shavkat adashi -prezidentlikka asosiy da’vogar Shavkat Mirziyoevning marhamatidan umidvor. Bu - amalga oshishi dargumon bir umid ekanligini Shavkat yashirmaydi.

Ayni paytda u “Qidiruvdagilar ro‘yxati”dan qanday chiqish mumkinligini bilmay Shavkatning boshi qotgan. Bu savol mazkur ro‘yxatga qanday tushganini bilmayotgan o‘nlab o‘zbekistonliklarni ham qiynashi aniq. Xorijda uzoq yillardan beri o‘qiyotgan yoki ishlayotganlar esa o‘zining nomi bu ro‘yxatda bor-yo‘qligini qanday aniqlash mumkinligidan bexabar.

P.S Maqolani tugatgan paytim Xorazmdan onam qo‘ng‘iroq qilib qoldi: "Qizim seni sog‘indik. Bugun Xorazmga oxirgi kelib, ketgan kuning tug‘ilgan jiyanchangning tug‘ilgan kunini nishonlayapmiz", dedi. Hisoblab ko‘rsam, Xorazmga bormaganimga roppa-rosa 5 yil bo‘libdi. Balki O‘zbekistonga bormaganimga ancha bo‘lgani uchun meni ham "Qidiruvdagilar ro‘yxati"ga qo‘shib qo‘yishgandir, degan fikr o‘tdi hayolimdan. Ertaga ukalarimdan iltimos qilaman: Xorazmdagi militsiya bo‘limlariga borib, “Qidiruvdagilar taxta”larini bir ko‘zdan kechirishsin...

XS
SM
MD
LG