Линклар

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ shu kunlarda poytaxt sudlari er-xotinlarni ajratish haqida qaror chiqarishni deyarli to‘xtatgan. Bu holat Toshkent shahar hokimi 13 oktabr kuni ajrashishlar muammosiga bag‘ishlangan katta yig‘in o‘tkazib¸ "oilaviy ajrimlarni kamaytirish o‘z ustivor vazifasi" ekanini ta’kidlaganidan so‘ng kuzatilmoqda. Ayni paytda¸ “Toshkent” telekanali 4 dekabr kungi saylovlardan so‘ng Toshkent shahar hokimining “ajrashayotgan er-xotinlarning ism-familiyalarini” efirga uzatishni rejalamoqda.

“Bolasi borga ajrim yo‘q!”

Toshkentlik Anvarbekning ko‘pdan birga yashamay qo‘ygan xotini bilan ajrashish haqida sudga ariza topshirganiga ikki yil bo‘lgan.

- Ikki yildan beri sudga qatnayman. Har gal “o‘ylab ko‘rish va yarashish uchun birda 6 oylik¸ yana birida 3 oylik muddat berishadi. Nima emish¸ o‘rtada bola bor¸ shuning uchun ajrashishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak ekan. Biz ham obdon o‘ylaganmiz¸ bo‘lmagandan keyin¸ sudga borganmiz. Kechaginda suddagi tanishim “bu yil ajrashishlar ustidan nazoratni yanayam kuchaytirishdi¸ shuning uchun yil oxirigacha hech kimga razvod berilmaydi”¸ deb aytdi. Bu ichki sir emish¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Anvarbek.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining Ozodlik muxbiri suhbatlashgan vakili¸ ajrashishlarga oid bunday taqiq mavjudligini bilvosita tasdiqladi.

“Ajrashish haqida ariza qabul qilamiz¸ lekin bu degani ajrim haqida qaror chiqariladi¸ degani emas. Hamma hujjatlarni to‘plab¸ davlat boji (eng kam ish haqining 3 baravarida)ni to‘laganingizdan keyin¸ mahalla qo‘mitasi¸ xotin-qizlar qo‘mitasidagilar siz bilan ishlaydi. O‘rtada bola bo‘lsa¸ birinchi marta 6 yoki 3 oylik muddat beriladi¸ keyin vaziyatga qarab ish tutiladi. Umumiy qoida yo‘q¸ har bir ariza alohida ko‘rib chiqiladi va sizga qaror qachon chiqishini hech kim oldindan ayta olmaydi. Lekin bu anchaga cho‘ziladi”¸ dedi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi vakili.

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov¸ ajratishga oid sud hukmi chiqarishga taqiq borligidan bexabarligi¸ ammo sudlarning ajratish to‘g‘risida qaror chiqarishni hatto o‘ta kulgili holatlarda ham paysalga solinayotganiga guvohligini aytadi.

- Hozir juda qiyin qilib qo‘ygan. Oilani ajratishni taqozo qiladigan jiddiy dalil-isbotni taqdim qilsangiz ham¸ muddat beradi. Yaqinda bir ayol ikki erim bor¸ bittasi bilan rasmiy nikohdaman¸ ikkinchisi bilan diniy¸ rasmiysidan ajrating¸ deb bordi. Sudda ikkala er ham qatnashdi¸ shunaqa deb guvohlik berishdi¸ shuniyam ajratmadi¸ olti oy muddat berdi¸ deydi toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov.

“Ajrashishlarni qisqartirish shaxsan Mirziyoev nazoratida”

Toshkent sudlarining oilalarni ajratish¸ xususan¸ voyaga yetmagan bolalari bor er-xotinlarni ajratish haqida qaror berishni keskinlashtirgani Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov ayni muammoga bag‘ishlab o‘tgan oyda uyushtirgan yig‘inidan so‘ng kuzatilmoqda.

Mazkur majlisda 2015 yil ko‘rsatkichlari bo‘yicha Toshkent shahri ajrashish bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi ekani¸ poytaxtda qayddan o‘tgan oilalarning 32 foizi qisqa vaqt ichida ajrab ketayotganini ta’kidlagan Usmonov¸ bu vaziyat shaxsan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev nazorati ostida ekani¸ ajrimlar sonini qisqartirish kun tartibidagi eng asosiy vazifa ekanini ta’kidlagan edi.

Ichki ishlar¸ sud-prokuratura¸ FXDYo¸ xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etgan va Usmonov tanqidiga duchor bo‘lgan bu majlisda¸ ajralishlarni kamaytirish bo‘yicha keskin choralarga qo‘l urishga qaror qabul qilindi.

“Ajrashayotgan er-xotinlarning ism-familiyalarini hozircha har 15 kunda (“Toshkent” telekanalida) soat 23:00 da efirga uzatiladigan dasturda, o‘zgarish bo‘lmasa, soat 21:00 da e’lon qilamiz. Agar yaqqol natija sezilmasa, ajrashayotgan oila a’zolarining suratini efirga uzatamiz. Bu bilan biz hech kimning haq-huquqlarini toptamaymiz, aksincha, ochiq ma’lumotlarni ommaga taqdim etamiz”, dedi oktabr oyidagi yig‘inda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov.

Ayni shuningdek hokim¸ bundan buyon ajrashganlar ism-sharifining shahar hokimligi nashri “Toshkent oqshomi” gazetasida muntazam chop etish haqida ham buyruq berdi.

Usmonovning qarori shaxsiy hayot daxlsizligiga zid¸ ammo¸ lekin....

Toshkent shahar hokimi bu qarorining ijrosi borasida Ozodlikka gapirgan shahar hokimligi mutaxassisi¸ hozircha bu jarayonga oid axborot to‘planib¸ tahlil qilinayotganini bildirdi.

“Qaror chiqdi¸ lekin uning ijrosi hali boshlanmadi. Hozir hokim o‘rinbosari¸ xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Yuldashevna boshligidagi ishchi komissiya tuzilgan. Ular rayon xotin-qizlar bo‘limlari bilan birga ishlashayapti. Ajrashganlarni televizorda ko‘rsatish¸ gazetada ismi-familiyasini e’lon qilish hali boshlanmadi. Bir tomondan¸ bu odamlarnin shaxsiy hayotiga aralashuv. Boshqa tomondan¸ ajrashi judayam ko‘paygan¸ o‘rtada bolalar uvol bo‘layapti¸ qanchasi jinoyat ko‘chasiga kirib ketayapti. Nimadir qilish kerak¸ lekin nimaligi hozircha aniqmas. Televizorda hammaniyam ko‘rsatishmaydi. To‘ydan bir yil o‘tar-o‘tmas¸sarpo-surug‘¸ qaynona-kelin kelishmagani kabi arzimagan vaj bilan ajralganlar haqida ko‘rsatuvlar qilishmoqchi. Jiddiy sabab bilan ajraganlarni tegishmasa kerak¸ deydi Toshkent shahar hokimligi rasmiysi.

“Ijro saylovdan keyin boshlanadi”

Ajrashgan er-xotinlar ro‘yxatini har oyda ikki marta tungi soat 11 da o‘qib-eshittirish zimmasiga yuklangan “Toshkent” telekanali mas’ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Usmonov qarorining ijrosi hali boshlanmaganini e’tirof etdi.

“Hozir hamma saylov bilan ovora¸ bu masalaga vaqt yo‘q. Saylovlar o‘tsin¸ keyin boshlamoqchimiz. Lekin bu qanaqa qilinadi¸ ajralganlar haqidagi ma’lumotni bizga kim beradi¸ buni bilmaymiz. Ajrashish haqida qaror chiqargan fuqarolik sudlari bersa kerak¸ deb o‘ylayman. Balki¸ shahar hokimligida tashkil qilingan maxsus komissiya berar bu ro‘yxatni. Ochig‘i¸ hech kim bilmaydi. Odamlarning shaxsiy hayotiga aralashish¸ deb tanqid qilishingiz mumkin¸ lekin o‘limdan boshqa hamma narsaning iloji borku¸ oilalarni yarashtirish mumkin. Maqsad¸ kimning ajrashganini reklama qilish emas¸ buning qanday fojia ekanidan jamiyatni ogohlantirishdir”¸ deydi “Toshkent” telekanali mas’uli.

Toshkent shahridagi mahalla qo‘mitalaridan ayrimlari bilan suhbatlardan¸ hozirda Rahmonbek Usmonov qarori mahallaqo‘m idorasi devoriga osib qo‘yilgani va bu borada mahallalarda turli tadbirlar o‘tkazilayotgani aniqlandi.

“Ajrashmoqchi bo‘lganlar¸ baribir¸ ko‘p. Ular bilan xotin-qizlar qo‘mitasi¸ mahalla faollari postoyanno ishlayapti. Lekin hozircha bizdan hech kim hech qanaqa ro‘yxat so‘ramadi¸ endi so‘ramasa”¸ dedi Olmazordagi mahallaqo‘mlardan biri raisi.

XS
SM
MD
LG