Линклар

logo-print

Istanbulda $9,5 mln. bilan ushlangan o‘zbekistonlik "gulanchi"likda gumon qilinmoqda


Surat Turkiyada chiqadigan Milliyet gazetasi vebsahifasidan olindi

Surat Turkiyada chiqadigan Milliyet gazetasi vebsahifasidan olindi

Turkiya rasmiylarining Ozodlikka aytishicha, Istanbuldagi Otaturk aeroportida 9,5 mln dollar bilan ushlanganlar “gulanchi”lar foydasiga valyuta kontrabandasida gumon qilinmoqda". Qo‘lga olingan 7 kishining biri O‘zbekiston vatandoshi, yana biri Qirg‘iziston vatandoshi, qolganlari turkiyaliklardir. Ular terrorchilarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishga uringanlikda gumon qilinib, Istanbulning Baqirko‘y mavzeidagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Bu haqda Ozodlik muxbiriga Istanbulning Baqirko‘y tumani prokuraturasi matbuot xizmati vakili ma’lumot berarkan, qo‘lga olingan 7 kishining ismlari bosh harflarini aytish bilan kifoyalandi.

Unga ko‘ra¸ gumondorlar A.U¸ H.O‘¸ H.A.K¸ Z. K¸ B.S¸ DT va T. K.lardir. To‘liq ismlar ikki kun ichida turk matbuotida e’lon qilishi kutilmoqda.

Baqirko‘y tumani prokuraturasi matbuot xizmati vakilining aytishicha, qo‘lga olinganlar “gulanchi”lar foydasiga valyuta kontrabandasida gumon qilinmoqda".

Turk matbuotining yozishicha qo‘lga olingan gumondorlar Istanbul Bosh prokuraturasida so‘roq qilingan va vaqtincha hibsga olingan.

Turkiyadagi nufuzli "Milliyat" gazetasi 10 million AQSh dollariga yaqin pulni Turkiyaga iznsiz kiritmoqchi bo‘lganlar maqsadi “terrorchilarni pul bilan ta’minlash bo‘lgan”, deya iddaoli habarni tarqatdi.

“Qo‘lga olinganlarning siri yuzaga chiqdi. 9 million 500 ming AQSh dollari solingan sumkalar qamoqda qolaëtgan FETO (Fatxullox Gulan tarafdorlarining rasmiy Anqara nazdidagi nomi - tahr.) a’zolarini moliyaviy ta’minlashga atalgan”, deya yoziladi "Milliyat" gazetasidagi maqolada.

Ozodlikning Istanbuldagi muxbiri Elvira Bug‘doychievaning aytishicha¸ Otaturk aeroportida juda katta miqdordagi deklaratsiya qilinmagan valyutani chegaradan olib o‘tishga uringan 7 kishi 18 noyabr juma kuni kechqurun qo‘lga olingan:

- Qo‘lga olinganlar orasida bir nafar Qirg‘iziston vatandoshi borligini Turkiyadagi Qirg‘iziston rasmiylari tasdiqladi¸ ammo ular hozircha boshqa tafsilotlardan tiyilishmoqda¸ deydi muxbirimiz.

Istanbuldagi O‘zbekiston konsulligi esa valyuta kontrabandasida ayblanib qo‘lga olingan O‘zbekiston vatandoshi borasida Ozodlikka izoh bermadi.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasining aytishicha¸ 9 million 500 ming AQSh dollari solingan sumkalarni ko‘targan yo‘lovchilar Toshkent-Istanbul aviareysida uchib kelishgan.

Manbalarning aytishicha, ular “pul tashuvchi kuryer” bo‘lgan.

Turk matbuotining yozishicha bu kuryerlar "FETO terrorchilari" uchun pul tashbgan. Gap taniqli diniy ulamo Fathulloh Gulanning diniy jamoati haqida ketmoqda.

2016 yil iyulidagi davlat to‘ntarishiga urinishda Turkiya hukumati Fathulloh Gulanning jamoatini ayblashi ortidan bu jamoatni terror tashkiloti, deya e’lon qildi.

Butun dunyodagi Turkiya elchixonalari ko‘p yillardan buyon nufuzli deb ko‘rib kelinadigan Gulan diniy harakati maktablarini yopishga harakat qilmoqda.

Ayni paytda Gulan diniy tashkiloti Turkiyadan boshqa aksar davlatlarda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga tirkalmagan.

Istanbul naqd pul o‘tkazish yo‘lagimi?

Otaturk aeroportida ishlashini aytgan asli o‘zbekistonlik yigit Ozodlik bilan suhbatda “yuz kilodan ko‘p yuztalik dollarni sumkasida tashigan o‘zbeklar” voqeasi juma kuni butun aeroportda sensatsiya bo‘ldi deya gapirdi:

- Odatda Istanbul aeroportida uchoqdan chiqqanlar yuklarini olib tashqariga chiqqanda Toshkentdagi kabi jiddiy bojxona nazorati bo‘lmaydi. Bemalol yukingizni olib chiqaverasiz. Ammo chiqish eshigi oldida gumrikchi (bojgir) o‘tiradi va shubhali ko‘ringan yo‘lovchini tekshiradi. Bu yetti nafar yo‘lovchining hatta-harakati shubha tug‘dirgan. Keyin ularning qo‘llaridagi sumkalar tekshirilganida yuz kilo og‘irlikdagi o‘n million dollar pul chiqibdi, degan gap tarqaldi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekiston va Qirg‘izistondan Turkiyaga “Qora naqd pul” yo‘lagi mavjud:

- O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi biznesmenlar pullarini chet elga o‘tkazish uchun bu yo‘lakdan foydalanib kelishadi. Ma’lum bir foiz evaziga pul o‘tkazadigan gruppalar bor. Lekin juma kuni qo‘lga tushganlar bu gruppadan emas¸ deydi Istanbul aeroportida ishlaydigan o‘zbek vatandosh.

Istanbulda istiqomat qilayotgan o‘zbek jurnalisti Shohruh Soipov o‘z manbalariga tayanib “qo‘lga olinganlarning pul transferi bilan shug‘ullanadigan o‘zbek tadbirkorlari emasligini” ta’kidlaydi.

- Har kuni Bishkek-Istanbul va Toshkent-Istanbul uchoqlari orqali mayda tadbirkorlarga tegishli naqd pullarni keltiruvchi tadbirkorlar bilan gaplashsam¸ qo‘lga olinganlar bizdanmas deya hotirjam turishibdi, deydi suhbatdosh.

Toshkent-Istanbul havo qatnovi orqali bojxonada qayd qilinmagan valyuta tashish bilan bog‘liq boshqa bir voqea shu yilning 23 iyunida sodir bo‘lgan edi.

Istanbul politsiyasi matbuot markaziga asoslanib matbuotda ëzilishicha O‘zbekiston vatandoshi O. E. Toshkent-Istanbul uchog‘i vositasida O‘zbekistondan keltirilgan bir million to‘qqiz yuz ming naqd dollarni Otaturk aeroportidan olib o‘z mashinasida shahar tomonga yurgan paytda talonchilar tajovuziga uchragan.

XS
SM
MD
LG