Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:08

Terrorchilikda ayblanayotgan o‘zbeklar shaxsi ochiqlandi


Gumonlanuvchi Muhammad Mirzaev (o‘ngda)
Gumonlanuvchi Muhammad Mirzaev (o‘ngda)

Moskvaning Meshchanskiy tuman sudi Moskva va Sankt-Peterburgda portlash uyushtirishda gumonlanib qo‘lga olingan yana 2 o‘zbekistonlikni keyingi 2 oyga hibsda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Oldinroq boshqa 2 o‘zbekistonlik hibsga olingan edi.

Umuman esa, bu ish yuzasidan Rossiyaning ikkala shahrida FSB jami 4 o‘zbekistonlik, 6 qirg‘izistonlik va 1 tojikistonlikni qo‘lga olgani aytildi. 10 nafari etnik o‘zbek va 1 nafari etnik tojik bo‘lgan 18 dan 32 yoshgacha bo‘lgan muhojir yigitlar portlash uyushtirishdan tashqari qurol-yaroq saqlaganlikda va “Islom davlati” jangarilari bilan aloqa qilganlikda ayblanmoqda.

Ammo, hibs etilganlarning yaqinlari va hatto mahalliy ommaviy axborot vositalari maxfiy xizmatlar keltirayotgan iddaolarga jiddiy shubha bilan yondoshmoqda.

Moskva shahar Meshchanskiy tuman sudi qarori bilan O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan yana 2 muhojirning terrorchilik amaliyotini hozirlashda gumonlanib hibsga olingani to‘g‘risidagi ma’lumotni Ozodlik Meshchanskiy tuman sudi matbuot kotibi Yuliya Bocharovadan oldi.

- Ular 14 noyabr kuni hibsga olingan edi. Bu ish yuzasidan ikkita ishni ko‘rib chiqdik. To‘raqulov va Esonboev ikkalovi keyingi yilning 12 yanvarigacha tergov ostida qamoqda saqlanadigan bo‘ldi, dedi Yuliya Bocharova.

Sud rasmiysidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan Shuhratbek Esonboev va 1968 yilda tug‘ilgan Ro‘ziboy To‘raqulov O‘zbekiston vatandoshlaridir.

12 noyabrda Sankt-Peterburgning Kalinin tuman sudi qarori bilan o‘zbek millatiga mansub yana 10 nafar muhojir hibsga olingan edi.

Ozodlik bulardan ikkitasi O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan farg‘onalik 24 yashar Fazliddin Qodirov va 22 yashar Tolibjon Mahmudovlar ekanini aniqladi.

Qolgan olti kishi Qirg‘izistondan ekani aytildi. Bular:

Davronbek Vohidov -29 yoshda;

Mardonbek Vohidov – 32 yoshda;

Sherzod Mahmudov– 31 yoshda;

Muhammadjon Mirzaev- 22 yoshda;

Tolipjon Mirzajonov – 18 yoshda.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, peterburglik migrantlarda ikkita Kalashnikov avtomati, Makarov pistoleti, granata va “portlovchi moddaga o‘xshash” vositalar musodara qilingan.

Hozircha Rossiya maxfiy xizmatlari ushlanganlarning IShIDga yoki boshqa terrorchilik tashkilotlari bilan bevosita aloqa qilgani to‘g‘risida biror isbot-dalil keltirganicha yo‘q.

Ayni paytda Rossiya ommaviy axborot vositalarida Tojikiston vatandoshi bo‘lgan Umar Mirzoev Pulkovo aeroportida qo‘lga tushirilgani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi. 25 yoshli dushanbelik bu shaxs “2015 yilda “Islom davlati” jangarilar guruhiga a’zo bo‘lib, Rossiyada “jihodchilar”ni yollab kelgan”likda ayblandi. FSB tarqatayotgan ma’lumotlarga binoan, Umar Mirzoev Peterburg va Moskvada ushlangan o‘zbek muhojirlariga “boshchilik qilgan”, ularning “g‘oyaviy tayyorgarligi” bilan shug‘ullangan.

FSB sizdirayotgan ma’lumotlardan guyo IShID bilan bevosita aloqada bo‘lib turgan tojikistonlik Mirzoev o‘zbek yigitlarini Suriyaga jo‘natishdan oldin “Rossiyada terrorchilik aksiyalarini uyushtirish”ga undaganini anglash mumkin.

Rossiyada terrorchilik hurujini hozirlashda ayblanayotgan shaxslar Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205.5 moddasi 2 qismi (“terrorchi tashkilotga a’zolik”), 222 moddasi 2 qismi (“qurol va aslahaning noqonuniy ayirboshlash”) va 222.1 moddasi 2 qismi (“portlovchi modda yoki moslamalarning noqonuniy sotib olish, saqlash va ayirboshlash”) asosida javobgarlikka tortildi.

“Ular hatto namozxon emas!”

Mahalliy jurnalistlar ro‘yxatda keltirilayotgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqdagi profillarini ko‘zdan kechirib, ularni “media qurbonlari” deb atadi.

IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan o‘zbeklardan biri
IShIDga aloqadorlikda gumonlanayotgan o‘zbeklardan biri

Masalan, Muhammad Mirzoev VKontaktedagi sahifasida Qur’ondan olingan suralardan tortib, Georgiy lentasi va Donbass uchun kurashga da’vatlar e’lon qilinganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik qo‘lga olingan yigitlarni shaxsan tanigan o‘zbekistonlik bilan suhbatlashib, “jihodchilik” va “terrorchilik”da ayblanayotganlar hatto namozxon emasligini aniqladi.

Ayblanuvchi Fazliddin Qodirovning Abror ismli do‘sti ularning mahalliy politsiya FSB tuzog‘iga tushib qolgani to‘g‘risida Ozodlikka so‘zlab berdi.

- U yerdagi hammasini taniyman, ammo Fazliddin degani bilan yaqin o‘rtoq edik. Narigi yigitlar qirg‘izistonlik o‘zbek yigitlar. Xullas, ularni “podstava” qivorishdi. O‘rtog‘im o‘zi yaqinda kelib, ishlab yuruvdi. Joy yo‘qligi sababli qirg‘izistonlik bollar bilan kvartirada turardi. Namoz o‘qishni ham bilmasdi o‘rtog‘im! Ularni boshlig‘i deyilayotgan Davron degan bola ham o‘qimasdi - qolganlarni bilmadim, dedi Abror.

U o‘zbeklarning qo‘lga olinishining biroz boshqa sabablarini bilishi to‘g‘risida gapirdi.

Rus OAVida e’lon qilgan Fazliddin Qodirov pasporti
Rus OAVida e’lon qilgan Fazliddin Qodirov pasporti

Suhbatdoshning aytishicha, jismonan baquvvat bo‘lgan Fazliddin “REKS”tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlab kelgan.

“Muammolar xuddi shu erda “oxrannik” bo‘lib ishlagan Davron Vohidov klub egasi Roma bilan tortishib qolganidan keyin boshlandi”, deya davom etadi Abror.

- Davron Piterda “normalni” yurardi, razborkalarga borib yuradigan “ko‘cha bolasi” edi. Roma bilan tortishib qolganidan keyin u Fazliddinni o‘zi bilan olib chiqib ketgan. Roma mentlar bilan ish qiladi, shu sababli bularni hammasini “bostirvordi”. To‘g‘risi, Rossiya jurnalistlari “detskiy sad” qilvoribdi, nimani xohlasa yozaverar ekan... Avvaliga Roma bularni militsiyaga topshirganidan keyin, ular boshqa rayonga ko‘chib oldi. Razborkaga boradigan lyuboy odamda qurol-yarog‘i bo‘lishi mumkin edi. Davron dog‘istonlik-chechenlar bilan razborkaga boradigan avtoritetni bola bo‘lib qolgandi. Bo‘yniga ilvorishga bahona bo‘ldi bu! Fazliddinni yoshligimdan taniyman: namoz o‘qishni ham bilmaydi, kayf qilib yuradigan bola edi, dedi Abror.

Hozirda barcha hibs etilgan migrantlar FSBning Sankt-Peterburg shahri, Zaxaryevskaya ko‘chasidagi maxsus izolyatorda saqlanayotgani xabari chiqdi. “Fontanka.ru” nashriga ko‘ra, bu idorada hibsga olingan o‘zbek yigitlari 12 noyabrdan buyon so‘roqqa tutilayotir.

Shu bilan birga, “Fontanka.ru”ning jurnalistlari Peterburgda ushlangan qirg‘izistonliklar asosan taksichilik, ikki nafar o‘zbekistonlik – qo‘riqchilik qilib kun ko‘rganini aniqladi. Moskvada ushlangan o‘zbekistonliklar esa bozorda santexnika sotish bilan tirikchilik qilib kelgan.

XS
SM
MD
LG