Линклар

O‘zbekistonlik boks yulduzi Rufat Risqievning ahvoli og‘irlashdi


Afsonaviy bokschi Rufat Risqiev jarrohlik amaliyotidan so‘ng.

Afsonaviy bokschi Rufat Risqiev jarrohlik amaliyotidan so‘ng.

“Toshkent yo‘lbarsi” laqabi bilan tanilgan o‘zbekistonlik bokschi Rufat Risqiev kuni kecha og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan. Miyaga qon quyilishi tashxisi qo‘yilgan sobiq bokschi, Farg‘ona.ru agentligi xabariga ko‘ra, hozirda hukumat statsionarining jonlantirish bo‘limida yotibdi.

Shu yilning 18 sentabrida bir oyog‘i qorason tufayli kesib tashlangan Risqiev bir oydan ko‘proq davom etgan muolajadan so‘ng uyiga qaytgandi.

Bokschining yaqinlariga ko‘ra, Toshkentdagi 16-shifoxonada ikki marta murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan Risqievga shifokorlar 15 kunlar avval uyga javob bergandilar. Bu amaliyotlarning har ikkisi 10 soatlik narkoz ichida kechgan.

Uyda uning ahvoli yaxshilana borgan – shifokorlar muntazam kelib turishgan, dori-darmonni o‘z vaqtida olgan, boquv ham joyida bo‘lgan. Bir necha kun avval og‘aynilari uni qo‘yarda-qo‘ymay to‘yga olib ketishgan. Uchinchi qavatdan tushgunicha Risqiev qora terga botib ketgan. To‘ydan qaytishda sobiq bokschi ota uyiga kirib o‘tmoqchi bo‘lgan va o‘sha yerda ikki kun qolib ketgan.

Bu ikki kun mobaynida shifokorlar nazorati ostida bo‘lmagan, bu esa uning yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Uni shu yerdan “tez yordam” mashinasi olib ketgan.

"Toshkentlik yo‘lbars" sifatida nom qozongan afsonaviy o‘zbek bokschisi, SSSRda boks bo‘yicha birinchi jahon chempioni unvonini olgan Rufat Risqiev o‘z faoliyati davomida 189 marta jang o‘tkazgan va ulardan 174 tasida g‘alaba qozongan.

O‘tgan oy 67 yoshga to‘lgan Rufat Risqiev kinodagi rollari bilan ham o‘zbekistonliklarga yaxshi tanilgan. “Ringga chaqiriladi...” filmida u o‘zbek mahallasidan chiqib, jahon chempioni bo‘lgan yosh o‘zbek bokschisi rolini ijro etgan.

1997 yilda WBA hakamlar hay’ati a’zoligiga kiritilgan Rufat Risqiev markaziy osiyolik birinchi professional boks hakami bo‘lgan edi.

Ozodlikning bu mavzuga oid ekslyuziv intervyusi bilan kun davomida tanisha olasiz.

XS
SM
MD
LG