Линклар

logo-print

Ozodlikka murojaat qilgan andijonliklarga ko‘ra¸ ayrim tumanlarda ko‘mir olish uchun ur-to‘polon avjga chiqmoqda, hatto militsiya xodimlari ham navbatni tartibga keltira olmayapti. Ba’zi tumanlardagi tarmoqlarda esa yakka tartibdagi xaridorlarga ko‘mir sotilmayapti.

Ozodlik gaplashgan andijonliklarning aytishicha, ayni kunlarda viloyat tumanlarining ko‘mir sotadigan tarmoqlariga Angren va Qozog‘iston ko‘miri keltirila boshlangan.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ O‘zbekiston bo‘ylab havo harorati birdan sovib¸ qor yog‘ayotgani uchun ko‘mirga xaridorlar ham ko‘paygan va ko‘mir ustida talash boshlangan.

Asakadagi omborda ko‘mirga navbat

Asakadagi omborda ko‘mirga navbat

Ozodlikka Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali bog‘langan asakaliklardan biri ko‘mir uchun navbat kutayotganlar orasida chiqqan to‘polonni militsiya xodimlari ham tartibga sola olmaganini yozadi.

“Un zavodi oldida joylashgan ko‘mir skladida bir necha kundan buyon ur-to‘polon. “Asakadon”ni melisalari ham eplay olmayapti. Uchastkovoy esa qochib ketgan. Har kuni 100-150 odam ko‘mir olish uchun keladi. Kim uddaburonlik qilsa, bir-ikki so‘m ustiga pul bersa¸ o‘sha ko‘mir olayapti. Qolganlar esa janjal qilayapti”, deb ëzdi asakalik manba.

Uning bildirishicha¸ Asakadagi omborxonada ikki xil ko‘mir sotilmoqda.

“Angrenning ko‘miri bor, tonnasi 140 ming so‘mdan. Keyin Qozog‘iston ko‘miri bor, uning tonnasi 240 ming so‘m, lekin omborchi 250 ming so‘mdan sotayapti. Odamlar, asosan, qozoq ko‘mirini olayapti, chunki Angren ko‘miri qum bo‘lib qolgan, yaxshi yonmaydi. Qozoq ko‘mirining yirigini kechqurun hamma ketgandan so‘ng tonnasini 400 ming so‘mdan sotishayapti. Ekskavator yuklab bergani uchun har cho‘michidan yana 10 ming so‘mdan olayapti. Eng qizig‘i shundaki, ekskavatorning bir cho‘michini bir tonna deb hisoblashyapti, ko‘mir tarozida tortilmayapti”, deydi manba.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘mir ombori

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘mir ombori

Viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ombordan ko‘mir sotib ola olmagan Abduvosit yakka tartibda borgan xaridorga ko‘mir sotilmayotganini aytadi.

“Bizning tumanda ko‘mir olish uchun qog‘ozbozlik qilish kerak ekan. Mahalladan spravka olib kelmasangiz¸ Angren ko‘mirini sotmayapti. Ularning aytishlaricha, ko‘mir olish uchun ko‘mirxonaga mahalla posbonlari kelib turishi kerak ekan, ular esa kelmayapti. Bir o‘zimiz borsak bermayapti. “O‘n kishi bo‘lib kelinglar, o‘n tonnani birdaniga olasizlar, keyin o‘zlaring bo‘lib olasizlar”, deyapti. Ob-havo har kuni sovib borsyapti, biz esa ko‘mir ololmay sarsonmiz”, deydi Abduvosit.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘mir ombori

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘mir ombori

​2012 yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi aholini davlat tomonidan belgilangan arzon narxda ko‘mir bilan ta’minlashga oid dastur qabul qilgan edi.

Bu dasturda mamlakat aholisini qish paytida Angrenda qazib olingan ko‘mir bilan ta’minlash nazarda tutilgan edi.

Andijonning Marhamat tumani Shukurmergan qishloq fuqarolik yig‘ini hududida yashovchi pensioner Sharif aka hozirga qadar davlat va’da qilgan arzon ko‘mir ola olmaganini aytadi:

- Mana bizga ham har yili arzon ko‘mir bilan ta’minlaymiz deb, va’da berishadi. Lekin ko‘mirdan darak yo‘q. Kuni-kecha esa mahallamiz ko‘chaboshisi qozoq ko‘miri bor, tonnasi 300 ming so‘mdan, xohlovchilar aytsin, deb telefon qildi. Lekin biz pensionerlarning u ko‘mirni sotib olishga kuchimiz etmaydi. U yoq¸ bu yoqdan o‘tin topib, qishni o‘tkazishga harakat qilayapmiz, deydi Sharif aka.

Oltinko‘l tumanida yashovchi o‘qituvchi-pensioner Omadbek aka, o‘z hududida mahalladan berilgan ma’lumotnoma bilan Angren ko‘mirini erkin sotib olish imkoni borligini aytadi:

- Bizda Axtachi degan joyda ko‘mir skladi bor. O‘sha erdan kecha ukam o‘ziga va ikki o‘g‘lining xo‘jaligiga to‘rt tonna olib keldi. Tonnasini 146 ming so‘mdan olibdi. Mahalladan spravka olib borgan edi. Bu yil o‘tgan yillarga nisbatan ta’minot ancha yaxshi, dedi Omadbek aka.

Ozodlik muxbiri aholini ko‘mir bilan ta’minlash bilan bog‘liq shikoyatlarga munosabat olish maqsadida viloyat hokimligi bilan bog‘landi. O‘zini tanishtirmagan hokimlik mulozimi Ozodlik radiosi degan so‘zni eshitishi bilan go‘shakni ilib qo‘ydi.

“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bir yilda 3 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib oladi, bu miqdorning 85 foizi elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanadi.

XS
SM
MD
LG