Линклар

Virtual qabulxona: O‘zbekistonda militsiya xodimini video va fototasvirga olishga taqiq yo‘q!


O‘zbek militsiyasining noqonuniy hatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda karikaturalar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbek militsiyasining noqonuniy hatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda karikaturalar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

"O‘zbekistonliklar Ichki ishlar vazirligi xodimlarini video yoki fotosuratga olishga haqli". Militsionerlarning noqonuniy harakatini videoga olgani uchun bosim ostida qolgan o‘zbekistonlik Dilshodbekning Bosh vazir virtual qabulxonasiga yo‘llagan shikoyatiga shunday rasmiy javob berildi.

"O‘zbekistonda militsiya yoki DAN xodimini videotasvirga olishni taqiqlash noqonuniydir".

Gulistonlik Dilshodbekka O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasidan yyo‘llangan rasmiy javobda shunday deyiladi. Ozodlik tahririyatiga nusxasi yuborilgan bu javob xatiga “Boshqarma boshlig‘i 1-o‘rinbosari R.M.Qurolov” imzo chekkan.

Gulistonlik Dilshodning virtual qabulxonadan olgan javob xati

Gulistonlik Dilshodning virtual qabulxonadan olgan javob xati

Sizning 2016 yil 29 oktabr kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga yo‘llagan murojaatingiz tegishli tartibda o‘rganib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi qonun va qonuniy hujjatlarida Ichki ishlar idoralari xodimlarini videotasvirga yoki fotosuratga olish taqiqlanishi yuzasidan biron bir normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas”¸ deyiladi virtual qabulxonadan Dilshodbekka jo‘natilgan javob xatida.

Dilshodning Ozodlikka aytishicha¸ Toshkentda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan videotasvirga olish masalasida chiqqan tortishuv ortidan virtual qabulxonaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan:

- Men yo‘lda piyoda ketayotganimda GAIlar taqiqlangan belgi ostiga mashinasini qo‘yib, ishlayapti ekan. “Xizmatdamiz”, deyishdi menga. Men ularga borib, mashinani olib qo‘yishni so‘radim. Ularga hatto operativ mashinaning ham bunday belgi qo‘yilgan joyda turishga haqqi yo‘qligi, migalkasini yoqib, qanchadir vaqtdan keyin ketishi kerakligini aytdim. Ular tushunishni xohlamadi va men ularni videoga olishni boshladim. O‘sha erda yurgan PPS xodimlariga meni berib yuborishdi. Ular meni qo‘rqitishni boshladi, “Mumkin emas! Qamoq jazosi bor”, deyishdi, deb hikoya qiladi virtual qabulxonaga ëzgan shikoyatini taqozo qilgan voqeani Dilshodbek.

Ichki ishlar xodimlari bilan tortishuvda ularni videotasvirga olgani uchun o‘zini jarimaga tortishning ham noqonuniy ekanini ta’kidlashdan qolmaganini ta’kidlagan Dilshodbek¸ tortishuv so‘ngida ichki ishlar bo‘limidan jarima to‘lamasdan chiqib ketganiga qaramay¸ bu masalada huquqiy aniqlik kiritishga qaror qilganini aytadi.

Shundan so‘ng u 29 oktabr kuni Bosh vazir virtual qabulxonasiga ichki ishlar xodimlarining bunday harakati borasida qonuniy izoh berishni so‘rab¸ murojaat qilgan.

Oradan sakkiz kun o‘tib¸ Dilshodbek militsiya xodimlarini tasvirga olishni taqiqlashga hech qanday qonuniy asos yo‘qligi to‘g‘risida rasmiy javob olgan va bu javobni jamoatchilik bilan o‘rtoqlashish uchun Ozodlikka murojaat qilgan:

- Bu narsani sizlarga jo‘natishdan maqsad¸ O‘zbekistonimizda hamma militsiya xodimlaridan qo‘rqadi. Ular “militsiyani videoga olishga hech kimning haqqi yo‘q” degan narsani kallasiga quyib olgan. Bu narsani militsiyadagilarning o‘zlari o‘ylab chiqargan. Bu o‘zlarini pora olayotganda tasvirga tushib qolmaslik uchun qilingan. Ular urmoqchi bo‘ladi, so‘kadi, qo‘rqitadi. Endi men O‘zbekistonda to‘liq s’yomka qilishga haqqim borligini bilaman, kerak bo‘lsa Youtubelarga qo‘yvoraman. Masalan, militsiya xodimlari soqol bilan O‘zbekistonda yurish mumkin emas, degan qoidalarni o‘ylab topgan. Tasvirga olish odamlarning korruptsiyaga qarshi kurashishga juda katta yordam beradi, deydi Dilshodbek.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlarining noqonuniy hatti-harakatlarini videotasvirga olib¸ uni jamoatchilikka ochiqlash hozircha keng urfga aylanmagan bo‘lsa ham¸ bunday voqealar o‘tmishda bir necha bor kuzatilgan.

Xususan¸ joriy yilning aprelь oyida Toshkentning Uchtepa tumani Farhod mahallasi uchastka noziri Izzatilla Hoshimovning 55 yashar ruhiy hasta ayolni kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach¸ zobit ishdan olingan edi.

Mart oyida Samarqandda ikki nafar militsiya xodimining bir ayolni mashina yukxonasiga solishga urinayotgani tasvirlangan video Ozodlikka kelib tushgan¸ ammo 2 mart kuni shahar ichki ishlar bo‘limi yonida sodir bo‘lgan bu voqea Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari tomonidan mutlaqo inkor qilingan edi.

Yanvar oyida Toshkentning Chorsu bozorida ayolning militsiya xodimlari tarafidan kaltaklangani¸ undan avvalroq esa, Toshkentda jinsiy ozchilik vakillarining militsiya xodimlari tarafidan qattiq kaltaklangani tasvirlangan video ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqagan edi.

XS
SM
MD
LG