Линклар

logo-print

Qirg‘izistonda prezidentga impichment e’lon qilishmoqchi


Suratda: Chapda parlament deputati O‘murbek Tekebaev, o‘ngda prezident Almazbek Atambaev.

Suratda: Chapda parlament deputati O‘murbek Tekebaev, o‘ngda prezident Almazbek Atambaev.

Qirg‘izistonda prezident Almazbek Atambaevga impichment e’lon qilish yuzasidan hujjatlarni to‘plash jarayoni boshlandi. Bu haqda qirg‘iz parlamentidagi “Ata Meken” fraksiyasi rahbari O‘murbek Tekebaev 22 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bayonot berdi.

“Ata Meken” partiyasi raisi, parlament deputati O‘murbek Tekebaevning aytishicha,Atambaev va uning atrofidagi odamlar hokimiyatni uzurpatsiyalashga harakat qilmoqda hamda muxolifatga bosim o‘tkazib kelmoqda.

- Prezident o‘zining xolis bo‘lish va hakamlik majburiyatlaridan bosh tortib, faqat bitta siyosiy kuchga tayanib qolgani hammaga ayon. Asosiysi prezident va uning atrofidagilar konstitutsiyada belgilab berilgan vakolatlaridan chetga chiqib, barcha davlat organlari ishiga aralashib kelayotgani to‘g‘risida avval ham gapirganman. Bu boradagi materiallarni biz to‘play olamiz. Impichment to‘g‘risida aytadigan bo‘lsam, buning uchun 60 deputatning ovozi kerak bo‘ladi. Agar tegishli siyosiy vaziyat yuzaga kelsa, impichment uchun deputatlarning 70 nafari ovoz berishiga ishonaman, - dedi Tekebaev.

“Qirg‘iz konstitutsiyasining otasi” maqomiga ega bo‘lgan Tekebaev impichment e’lon qilishga tayyorgarlik jarayoni 2-3 oy vaqtni talab etishini bildirdi.

"Ata Meken” lideri faollarni, nodavlat tashkilotlarini va parlament deputatlarini impichmentga tayyorgarlik jarayoniga ko‘mak ko‘rsatishga chaqirdi.

Tekebaevning mazkur bayonotiga javoban prezident Atambaev mansub bo‘lgan sotsial demokratlar partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Isa O‘murkulov Almazbek Atambaevni “Yurt otasi”, deb atadi.

Bunga qadar prezidentlar O‘zbekistonda yurtboshi, Qozog‘istonda el boshi, Turkmanistonda turkmanboshi deb atalib kelgan bo‘lsada, Qirg‘izistonda hech kim sobiq prezidentlarga bunday maqomni izhor qilmagan edi.

-Prezident barcha siyosiy kuchlarga xolis munosabatda bo‘lib kelmoqda. Ya’ni prezident yurt otasi bo‘lib qoldi. Prezident konstitutsiyaning garantidir. U o‘z prezidentlik vakolati yakunlanganidan so‘ng hokimiyatda qolmasligini aytmoqda. Hukumatda turli partiya vakillari bor. Albatta, oliy mansabdorlar orasida partiyamiz siyosiy kengashiga a’zo bo‘lgan odamlar bor. Lekin ular partiya siyosiy kengashi a’zosi vazifasini faqat dam olish kunlari amalga oshiradi, - dedi Isa O‘murkulov.

Konstitutsiyaga binoan impichment e’lon qilinishi uchun deputatlarning uchdan bir qismi tashabbusni qo‘llashi va maxsus komissiya tashkil etishi lozim. Biroq muxolifatdagi “Butun Qirg‘iziston” partiyasi raisi Adaxan Madumarov amaldagi parlament Atamabaevga impichment e’lon qilishiga ishonmaydi:

-Prezidentga impichment e’lon qilish uchun barcha asoslar mavjud. Biroq bugungi parlament bu ishni amalga oshira olmaydi. Amaldagi parlament faqat o‘z qornidan boshqa narsani o‘ylamaydigan, davlat manfaati uchun bir ishni amalga oshira bilmaydigan tuzilmadir. Prlament prezidentga impichment e’lon qilish salohiyatiga ega bo‘lgunicha xalqning o‘zi uyg‘onib, xulosa chiqarib qo‘ya qoladi. Biz bu yo‘nalishda qator siyosiy kuchlar bilan so‘zlashuvlar olib borayapmiz, -dedi Adaxan Madumarov.

O‘murbek Tekebaev 22 noyabrda Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida prezidentga impichment e’lon qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni to‘plash jarayoni boshlanganini bildirdi. Unga ko‘ra, prezidentning rasmiy bayonotlari, ko‘rsatmalari, og‘zaki va yozma ravishda bergan buyruqlari impichment uchun asos bo‘ladi.

Qirg‘iziston prezidenti va muxolifati o‘rtasidagi siyosiy janjalning tarixi Atambaev joriy yil 31 avgustida, ya’ni Mustaqillik kunida so‘zlagan nutqqa borib taqaladi. O‘shanda Atambaev o‘zi bilan birga 2010 yil 7 aprelь inqilobini amalga oshirgan safdoshlarini, jumladan, sobiq prezident Roza O‘tunbaevani keskin tanqid qilgan edi.

XS
SM
MD
LG